Axloq

Axloq – kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga bo‘lgan munosabatlarida namoyon bo‘ladigan xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui.

Axloq – kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga boʻlgan munosabatlarida namoyon boʻladigan xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui. Huquqdan farqli ravishda axloq talablarini bajarish-bajarmaslik maʼnaviy taʼsir koʻrsatish shakllari (jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni maʼqullash yoki qoralash) bilan belgilanadi. Axloqni etika fani oʻrganadi.

Insoniyat taraqqiyotida axloq muhim oʻrin tutadi. Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirish, maʼnaviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri, deb qarashgan. Inson axloqiy, umuman maʼnaviy va maʼrifiy jihatdan kamol topishi jarayonida turli tarixiy bosqichlardan – johillik, nodonlikdan ilmga, yovuzlikdan ezgulikka, vahshiylikdan insoniylikka oʻtarkan, jamiyat ham shu tariqa rivojlanadi. Ikki muqobil ibtido – yovuzlik va ezgulik, jaholat va kamolatning oʻzaro kurashi inson va jamiyat taraqqiyotini belgilagan, inson aql-zakovat sohibi sifatida oʻzini anglashiga olib kelgan. Bu ikki muqobil kuch kurashi jamiyatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarda ifodalansa, insonga nisbatan uning ichki olamiga xos nafs bilan qalb, aql bilan aqlsizlik oʻrtasidagi kurashda ifodalanadi. Axloq muayyan jamiyat va davrda oʻzgarishlarga uchrashi, rivojlanishi, soʻnishi mumkin. Har bir xalqning yoki millatning oʻziga xos axloqi bilan bir qatorda, umumbashariy axloq meʼyorlari ham bor. Bunday axloq meʼyorlari jamiyatning umumiy taraqqiyotiga samarali taʼsir koʻrsatadi.

Axloq va din

tahrir

Axloqning shakllanishida va uning ijtimoiy oʻrnida dinning ahamiyati katta. Dinning asosiy maqsadlaridan biri, insonga yomonlikning zararlarini bayon qilish hamda yomon yoʻlga kirib ketganlarni toʻgʻri yoʻlga daʼvat etishdir. Dinlarda toʻgʻri yoʻlga chorlash, umuman yaxshilik va yomonlik tushunchasi turlicha boʻlishi, hatto bir-biriga zid kelishi mumkin. Zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda yaxshilik va ezgulik xudosi Ahuramazda bilan yomonlik va yovuzlik xudosi Axramanyu oʻrtasidagi kurash abadiy davom etadi, axloq bu kurashning ifodasidir, degan gʻoya ilgari suriladi. Xristianlik, yahudiylik va boshqa dinlarda ham yaxshilik va yomonlikning oʻz ifodasi bor. Islomda, uning muqaddas kitobi Qur’oni Karimda axloq masalasiga alohida eʼtibor berilgan. Qur’oni Karim bajarishga buyurgan yaxshi xulqlarga insonlar amal qilishsa, oʻzlari uchun katta baxtga sazovor boʻladilar. Qur’oni Karimda toʻgʻri yoʻlga yurishlik istiqomat (oʻzini oʻzi isloh qilish) tushunchasida ifodalangan. Qur’onda istiqomatda boʻlganlarga, yaʼni oʻz-oʻzini isloh qilganlarga katta vaʼdalar berilgan: „Kim bunday jabr-u zulmidan keyin tavba qilib, oʻzini tuzatsa, albatta, Alloh uning tavbasini qabul qilar“ („Moida“ surasi, 39-oyat). Istiqomat gunoh ishlarni qilib qoʻyganlar uchun qalbini poklash sari umid tugʻdiradi va ularni noumidlikdan qutqarib yangi saodatli hayotga chorlaydi. Islomda oliyjanob axloqning eng muhim tushunchalari taʼriflanib, insoniyatni ularga amal qilish sari undaladi. Bular – ehson (yaxshilik qilish), kechirimli boʻlish, sabr-qanoat, rostgoʻylik, shirinsoʻzlik, ota-onani, oʻzidan katta yoshlilarni hurmat qilish, or-nomus, sadoqat va boshqalardir. Ayni vaqtda yomon xulq-atvor tushunchalarining mohiyati ham koʻrsatilib, ulardan saqlanishga undaladi. Bular – baxillik, hasad, tama, yolg'onchilik, takabburlik (kibr-u havo), gʻiybat, zinodir. Shu tarzda insoniyatning butun amaliy faoliyati yaxshilik va yomonlikka ajratiladi. Musulmonlar bir-birlarini yaxshilik va oliyjanob axloqqa chaqirishlari, nojoʻya ishlardan qaytarishlari Alloh tarafidan farz qilingan. Islom axloqining asosida halollik va taqvo yotadi. Kimki jismoniy va maʼnaviy pok, taqvodor boʻlsa, unday kimsa axloqsizlik yoʻliga kirmaydi. Islomga amal qiladigan xalqlar axloqi, baʼzi bir jihatlari bilan farqlansada, shu din tufayli umumiylik bor. Bu umumiylik sharq axloqi degan nom bilan birlashgan. Sharq axloqi Qur’on va hadisdan tashqari juda koʻplab mutafakkirlar, faylasuf, shoirlar asarlarida taʼrifu-tashviq etilgan. „Qobusnoma“, „Axloqi Jaloliy“ kabi maxsus kitoblar yozilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir



  NODES