Checheniston yoki Checheniston Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Maydoni taxminan 17 675 ming km² (Checheniston bilan Ingushiya oʻrtasidagi chegara demarkatsiya qilinmagan). Aholisi 1 mln. 500,3 ming kishi (2002). Poytaxti – Grozniy shahri. Maʼmuriy jihatdan 17 tuman va 7 shaharga boʻlinadi.[1]

bayroq

Davlat tuzumi

tahrir

Checheniston – respublika. Davlat boshligʻi – prezident. Amaldagi Konstitutsiyasi 2003-yilda qabul qilingan. Konstitutsiyada nazarda tutilgan hokimiyatning qonun chiqaruvchi va vakillik organlarini shakllantirish jarayoni ketmoqda.

Tabiati

tahrir

Checheniston Katta Kavkaz togʻlari (Chechenistonning eng baland joyi Tebulosmta togʻi, 4493 m)ning shimoliy yon bagʻri va unga tutashgan Chechen tekisligi hamda Terekkuma pasttekisligida joylashgan. Neft, gaz, qurilish materiallari konlari bor.

Iqlimi kontinental. Yanvarning oʻrtalarida Terekkuma pasttekisligida –3°, togʻlarda –12° gacha, iyudda 25° va 21°. Oʻrtacha yillik yogʻin 300–1000 mm. Yirik daryolari – Terek, Sunja. Tuproqlari tekisliklarda, asosan, oʻtloqi, kashtan va och kashtan, qirlarda karbonatli qora, daryo vodiylarida allyuvial, togʻlarda togʻoʻrmon va togʻoʻtloqi tuproqlar. Terekkuma pasttekisligida shuvoq va shoʻra oʻsimliklar, Chechen tekisligida dasht va oʻrmonli dasht oʻsimliklari oʻsadi. 2200 m gacha boʻlgan balandlikdagi togʻlarda keng bargli oʻrmonlar, undan yuqorida subalp va alp oʻtloqlari mavjud.

Chechenistonda kemiruvchi va sudralib yuruvchi hayvonlar koʻp; qushlardan yovvoyi oʻrdak, gʻoz, tuvaloq, Kavkaz qirgʻovuli bor. Togʻlarda qoʻngʻir ayiq, toʻngʻiz, kiyik, boʻri, oʻrmon mushugi, suvsar yashaydi.

Aholisi

tahrir

Asosiy aholisi chechenlar. Ingush, rus va bshqa xalqlar ham yashaydi. Shahar aholisi 34,5 %. Respublikaning davlat tili – chechen va rus tili. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida.

Tarixi

tahrir
  • Chechenlar 7-asrda birinchi bor tilga olingan. Oʻrta asr boshlarida Checheniston hududining koʻp qismi Alaniya davlati tarkibida boʻlgan.
  • 19-asrda Checheniston aholisi togʻli xalqlarning rus qoʻshinlariga qarshi qurolli kurashida qatnashgan. Togʻlilar magʻlubiyatidan soʻng (1859), Checheniston Rossiya tarkibiga qoʻshib olingan.
  • 1921-yildan RSFSR tarkibidagi Togʻli muxtor respublikaga kiritilgan.
  • 1922-yil noyabrida Checheniston Muxtor viloyati tuzilgan.
  • 1934-yildan Chechen Ingushiya muxtor viloyati tarkibida.
  • 1936-yil viloyat muxtor respublikaga aylantirilgan.
  • 1942-yil Chechenistonning bir qismi nemislar tomonidan bosib olingan.
  • 1943-yil ozod etilgan.
  • 1944-yil Chechen-Ingushiya tugatilib, aholisi Ikkinchi jahon urushida bosqinchilarga yon bosdi, degan tuhmat bilan zoʻrlab Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonga deportatsiya qilingan.
  • 1957-yil muxtor respublika tiklangan.
  • 1991-yil Chechen-Ingushiya muxtor respublikasi Chechen-Ingushiya Respublikasi deb nomlandi.
  • 1992-yil Rossiya Federatsiyasi tarkibida Ingushiya va Checheniston Respublikalari tuzildi.
  • 1991-yil sentyabrda chechen xalqining umummilliy kongressi Checheniston Respublikasining davlat suverenitetini eʼlon qildi.
  • 1992- yil prezident lavozimi taʼsis etildi. Bular Rossiya Federatsiyasi tomonidan tan olinmadi. J. Dudayev rejimi siyosati Chechenistonda keskin ijtimoiysiyosiy inqirozga, Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyasini qoʻpol ravishda buzishga olib keldi.
  • 1994-yil dekabr – 1996-yil avgustida qurollangan chechen otryadlari bilan konstitutsion tartib oʻrnatish uchun Chechenistonga kiritilgan federal qoʻshinlar oʻrtasida harbiy harakatlar boʻlib oʻtdi.
  • 1999-yil avgustida chechen jangarilarining Dogʻistonga qilgan yurishidan soʻng federal qoʻshinlar Checheniston hududida antiterroristik harakatlarni boshladilar.

Iqtisodiyoti

tahrir

Sanoatining asosiy tarmoqlari – neft qazib olish, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, mashinasozlik, oziq-ovqat, oʻrmon va yogʻochsozlik, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqariladi (sement va boshqalar). Hunarmandchilik rivojlangan (yogʻoch, tosh oʻymakorligi, metallga badiiy ishlov berish, kashtachilik, gilam toʻqish). Qishloq xo'jaligida bugʻdoy, sholi, kungaboqar, qand lavlagi yetishtiriladi. Bogʻdorchilik, tokchilik va sabzavotchilik bilan ham shugʻullaniladi. Chorvachiligida qoramol, qoʻy (asosan, mayin tolali jun beradigan qoʻylar) boqiladi.

Adabiyoti

tahrir

Chechen adabiyotining asoschisi S. Baduyev (1904–43) chechen tilidagi birinchi bosma badiiy asar („Ochlik“ qissasi, 1925), chechen tili dagi birinchi roman („Petimat“, 1930) va pyesalar („Otalar udumi“, 1929; „Qizil qalʼa“, 1930) muallifidir. Sh. Aysxonov (1907 – 37) pyesa („Kurash“, 1932) va hikoyalar, N. Muzayev pyesa („Davrimiz nihollari“, 1934) va doston („Oʻrmon yalangligi“, 1933) yaratdi. 30- yillarning boshlarida M. Mamakayev (1910–73)ning dastlabki sheʼrlari, X. Oshayev (1898–1977)ning ocherk va pyesalari, S. Arsanov (1889– 1968)ning „Ikki avlod“ tarixiy romani (1930) paydo boʻldi. 40- yillarda A. Mamakayev (1918–59)ning vatanparvarlik ruhidagi pyesalari, N. Muzayevning sheʼrlar toʻplami, M. Sulayevning dostoni nashr etildi. 50- yillarda Olmaota shahrida „Doʻstlik“ nomi bilan chechen yozuvchilari asarlari toʻplami chiqdi. S. Arsanovning tarixiyinqilobiy mavzudagi „Doʻstlik sharofati“ (1968) romani chechen nasrining yutugʻi boʻldi. A. Mamakayev, M. Mamakayev, N. Muzayev, R. Axmatova va boshqalarning sheʼriy toʻplamlari nashr etildi.

60–70-yillarda sheʼriyat badiiy jihatdan ancha yuksaldi, nasrda ocherk, doston, roman janrlarida muhim asarlar yaratildi. Bolalar adabiyotida U. Gaysultonov, X. Edilov, M. Musayev samarali ijod qildilar. Chechen dramaturgiyasida ham turli mavzularda pyesalar yaratildi. Jumladan, X. Oshayev, A. Hamidov fuqarolar urushi, N. Muzayev, M. Musayev qishloq hayoti, M. Musayev, A. Hamidov Ikkinchi jahon urushi mavzularida asarlar yaratdilar.

Manbalar

tahrir
  1. "Checheniston" OʻzME. Ch-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  NODES
Done 1