Toʻn — oldi ochiq, paxtali yoki paxtasiz uzun ustki milliy kiyim, chopon[1]. Bichigʻi toʻgʻri bichimli boʻladi. Ichiga paxta solib qaviladigan paxtali toʻn va paxtasiz (avraastardan iborat yalang qavat) toʻn xili bor.

Zarchopon va choʻgirma kiygan yigit

Tarixi

tahrir

Qadimdan xon va amirlar tomonidan boy va amaldorlarga yaxshi xizmatlari evaziga, mehmonlar, elchilar, xorijiy mehmonlarga toʻn kiydirilgan, bu odat hozirgi kunda ham saqlangan. 18-asrdan toʻn Rossiya, Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlarga chiqarilgan. 19-asrdan Rossiya bilan aloqalarda muhim eksport mahsulotiga aylangan, ayniqsa, Buxoroning zarboft, Samarqandning kimxob toʻnlari mashhur boʻlgan. Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston toʻnlari Xalqaro koʻrgazmalar (Parij, Moskva, Nijniy Novgorod, Peterburg va b.) da namoyish etilgan hamda mukofotlarga sazovor boʻlgan. Oʻzbekiston toʻnlarining eng yaxshi namunalari respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylari va xususiy toʻplamlarda saqlanadi.

Tikilishi

tahrir

Toʻn toʻgʻri, tik va qiya qaviladi, baʼzan qavilmasdan sirma qilib tikiladi (bunda toʻnning qavilgan astari har joy, har joyidan avrasiga chatib qoʻyiladi). Toʻn avrasi baxmal, beqasam, kimxob va boshqa matolardan tayyorlanadi, astariga chit va satin kabi matolar ishlatiladi. Toʻnning tik yoqasi juda mayda qaviq choklar bilan ishlangani uchun qattiq boʻladi, yoqa, yeng uchlari, etak atroflariga jiyak tikib qoshiyalanadi hamda ulardan popukchalar chiqariladi; etagining ikki yon tomonida oʻtirib turganda qulaylik yaratish uchun “yirtmoch”lari boʻladi. Toʻnning ichki tomoni (astari)ga gir aylantirib shoyi yoki qora satindan toʻrt enlik adip tutiladi. Yalang qavat (avraastarli) toʻnlar avrasiga zar iplar bilan kashta tikib zardoʻzi toʻn tayyorlanadi.

Turlari

tahrir

Oʻzbekiston hududida toʻnning bichimi bir xil, ayrim xususiyatlari (uzunligi, matoning rangi va bezatish usullari) bilann bir-biridan farqlanadi, xolos.

Toshkent-Fargʻona toʻni sipo (koʻk, yashil, sariq, binafsha) rangli matolardan tikiladi, 20-asr boshlaridan qora satin va seylondan tayyorlangan toʻn kiyish urf boʻlgan; yoshlar ochiq rangli (sariq, binafsha, yashil, oq, koʻk, pushti, qizil) yoʻlli beqasam toʻn kiygan, bunday toʻnni kelin tomon kuyov toʻni sifatida kuyovga sovgʻa qilib yuborgan; yana kimxobdan tikilgan toʻn ham nafis, mayda qavib tayyorlanishi bilan boshqalardan farq qiladi. 20-asr oxirgi choragidan beqasam toʻnlar bilan bir qatorda chiyduxoba, baxmaldan tayyorlangan toʻnlar keng tarqaldi.

Buxoro toʻnlari keng va uzun, yorqin rangli, yaltiroq, keng yoʻlli va yirik gulli matodan tikiladi; zardoʻzi toʻnlar amir va uning amaldorlarigagina xos boʻlib, baxmal, kimxob va boshqa matolardan faqat amir saroyida tayyorlangan; hozir barcha viloyatlarda zardoʻzi toʻn tayyorlash keng yoʻlga qoʻyilgan. Samarqand toʻni uzun va oʻrtacha kenglikda tikiladi, ularda Buxoro va Toshkent-Fargʻona toʻnlarining taʼsiri seziladi.

Xorazmning yengil toʻni (astardesh) oʻrta kenglik va uzunlikda, paxtali toʻni (doʻn) esa qomatga yopishibroq bichimda toʻq rangli, ingichka yoʻlli matolardan tikiladi; matoga maxsus ishlov beriladi (yaʼni, yaltiroq holga kelguniga qadar kudunglanadi). Tikuv mashinasi paydo boʻlganidan soʻng toʻnlar mayda mashina chokida ham qavila boshlandi.

Qoʻllanilishi

tahrir

Toʻn oʻgʻil bolaga xatna toʻyida, keyinchalik nikoh toʻyida kiydirilgan. Toʻn kundalik (yoshlar orasida uylik) kiyim sifatida kiyiladi, bundan tashqari toʻy bolaga, kuyovga, qudalarga, ulugʻ kishilarga, aziz mehmonlarga toʻn kiydirish, azada motam kiyimlari sifatida ham kiyish udumi saqlangan.

Manbalar

tahrir
  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  NODES
chat 1