Elbrus (kabardincha — Oshxomaxo, bolqorcha — Mingitov) — Katta Kavkazning Yon tizma sistemasidagi eng baland togʻ massivi. Granit va kristalli slanetslardan tuzilgan baland sokolda joylashgan va, asosan, andezitdan tashkil topgan soʻngan vulkanning qoʻsh choʻqqili konusi. Gʻarbiy choʻqqining balandligi — 5642 m, sharqiysi — 5621 m. Ular balandligi 5325 m boʻlgan togʻ beli bilan ajralgan. Elbrusning ustki qismi firn va muzliklar bilan qoplangan. Undan hamma tomonga muz parraklari radial yoʻnalishda tarqalgan. Muzliklarning (umumiy soni 50 dan ziyod) maydoni 134,5 km². Ulardan eng yiriklari Katta Azav, Irik, Terskoʻl. Elbrus yonida, Baksan daryosining yuqori oqimida koʻchki va sellar lab.i joylashgan. E.ning sharqiy choʻqqisi ilk bor (1829-yilda) rus ekspeditsiyasining yoʻl boshlovchisi K. Xashirov (kabardin) tomonidan zabt etilgan, gʻarbiy choʻqqisiga esa F. Grove boshchiligidagi ingliz alpinistlari (yoʻl boshlovchisi bolqor A. Sottayev) chiqishgan (1874-yilda). Togʻ massivi yon bagʻrilaridan Shimoliy Kavkazning yirik daryolari (Kuban va Terek) boshlanadi. Elbrusga yondashgan hudud alpinizm va togʻ changʻi sporti, turizm markazlaridan biri.




  NODES
Done 1