Kayoniylar, kavilar — Oʻrta Osiyo va Xursonda mil. av. 9—8-asrlarda yuzaga kelgan davlat uyushmalarida hukmronlik qilgan qad. podsholik sulolasi. Avesto kitobidagi anʼana xronologik jihatdan mil.av. 11— 8-asrlar orasiga mavhum tarzda ishorat qiladi. K. sulolasiga afsona sifatida hamda Oʻrta Osiyoda ilk temir asriga oid tarixiy haqiqat deb qarashlar mavjud. K. haqidagi xabarlar 2 xil talqinga ega: 1) zardushtiylik taʼlimotiga asoslangan diniy talqin (Avesto kitobidagi kavilar avval taʼlimot dushmanlari, keyinroq esa uning homiylari. Masalan, Kavi Vishtasp); 2) epik badiiy talqin. Bu yoʻnalish K.larning afsonalash-tirilishiga olib kelgan ("Xvadaynamak", "Shohnoma"). Sulola oʻz nomini kohinlar tabaqasi kavi ("shoirkohin") dan olgan. Katta K. soni manbalarda 3—8 tagacha (Kavi Kavad-Kayqubod, Kavi Us an, Kavi Xosrava-Kayxusrav) uchraydi. Shuningdek, Apivaxa, Arshan, Pishinax, Biyarshan, Siyavarshan-Siyovushlarni ham oʻz ichiga oladi. Kichik K.ga Aurvataspa (Luhrosp) va Kavi Vishtaspa (baʼzan uning 2 ukasi — Spentodata va Zarivaray) kiritilgan. K.ning asosiy mashgʻuloti — Afrosiyob boshchiligidagi ularga dushman turon qabilalari bilan urushish boʻlgan. Jahonda zardushtiylik dinining tarqalishi kichik K. davrida boʻlgan deb hisoblanadi. "Shohnoma"ga koʻra, K. — Eronning buyuk shoxlari, ammo ularning qudrati va harbiy yutuqlari ashaddiy maʼjusiy, soʻngra zardushtiylik dushmani Rustamta bogʻliq boʻlgan. K.ning hukmronlik qilgan yerlari turlicha koʻrsatiladi: Avestoda afsonaviy koʻllar, daryolar (Vorukasha, Daytya, Chaychasta), afsonaviy togʻlar (Erzifya, Hariti va b.) atrofi, Hilmand daryo havzasi va Drangʻianadagi Hamun koʻli atrofida deb koʻrsatiladi. Musulmon mualliflar manbalarida baʼzilari Balx (qadimda Baqtriya poytaxti) boshqalari (Maʼsudiy, Beruniy) K.ni Yangi Bobil podsholigi hukmdorlari (mil. av. 7—6-asrlar) bilan bogʻlaydilar. Bu kabi maʼlumotlar K. haqidagi rivoyat va hikoyatlar afsonaga aylanish davrlarida chalkashliklarga uchragan, Avestoda salbiy maʼnoda ham uchraydi. Bu holni zardushtiylik diniy islohotlaridan oldingi davrlar bilan bogʻlash mumkin. Zardushtning Ahuramazda haqidagi xushxabarini dastlab K. rad etishgan. Shu taassurot izlari Avestoda salbiy munosabat kabi namoyon boʻlgan. Avestoning keyingi qatlamlarida esa ijobiylasha boradi. Ular adolat, diyonat kurashchilariga "aylana boradilar".

Mirsodiq Ishoqov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  NODES
os 17