Kon sanoati, kon qazib olish sanoati — foydali qazilmalar konlarini qidirish, ularni yer ostidan kazib olish, dastlabki qayta ishlash — boyitish boʻyicha ishlab chiqarish tarmoqlari majmui. Kon sanoati kuyidagi asosiy guruhlarga boʻlinadi: 1) yoqilgʻi (neft, tabiiy gaz, koʻmir, slanets, torf) qazib olish sanoati; 2) ruda (temir rudasi, marganets rudasi, rangli metallar, asil va noyob metallar rudalari, radioaktiv elementlar) qazib olish sanoati; 3) nometall qazilma va mahalliy qurilish materiallari sanoati (marmar, fanit, asbest, boʻr, dolomit, kvarsit, kaolin, gips, mergel, dala shpati, ohaktosh va boshqalarni qazib olish); 4) kon-kimyo (apatit, kaliy toʻzlari, nefelin, selitra, oltingugurt kolchedani, bor rudalari, fosfat xom ashyosi qazib olish) sanoati; 5) gidromineral suvlar (mineral yer osti suvlari, suv taʼminoti va boshqa maqsadlar uchun suv) olish sanoati.

Kon ishi qad. davrlardan beri maʼlum. 18-asr oxiri — 19-asr boshlaridan jadal rivojlana boshladi. 20-asr oxirlariga kelib dunyoda yiliga 5 mlrd. t dan ziyod koʻmir, 3 mlrd.t dan ziyod neft, 2,3—2,5 trln. m3 tabiiy gaz va 1 mlrd. t temir rudasi qazib olinmoqda. Boshqa turdagi mineral xom ashyoni qazib olish hajmi kamroq. Jumladan, dunyoda keyingi vaqtda yiliga 2,2—2,3 ming t oltin qazib olinmoqda. Jahonda uran yetkazib beruvchi yirik mamlakatlar qatoriga Kanada, Avstraliya va JAR, kaliy toʻzlari boʻyicha Kanada va Germaniya davlatlari kiradi. Temir rudasini qazib olish iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda ham (AQSH, Kanada, Avstraliya, JAR, Shvetsiya, shuningdek, Rossiya va Ukraina), rivojlanayotgan mamlakatlarda ham (Xitoy, Braziliya, Hindiston, Venesuela, Liberiya) keng miqyosda amalga oshirilmoqda.

Xalqaro geografik mehnat taqsimotining chuqurlashishi va yanada rivojlanishi dunyoda 6 ta yirik Kon sanoati markazlarining shakllanishiga olib keldi. Ularning hissasiga jami qazib olingan xom ashyo va yoqilgʻining 2/3 qismi toʻgʻri kelmokda. Shunday mamlakatlar qatoriga AQSH, Kanada, Avstraliya, JAR, Rossiya va Xitoy kiradi. Kon sanoati koʻpchilik boshqa mamlakatlarda ham rivojlangan. Lekin ularda xom ashyo yoki yoqilgʻining bir-ikki turi kazib olinadi, xolos. Jumladan, dunyoda koʻmir qazib olishda Polsha, mis rudasi qazib olishda Chili, qalay rudasi qazib olishda Malayziya, neft qazib olishda Fors koʻrfazi mamlakatlari yuqori oʻrinlarni egallaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi jahonda Kon sanoati yuqori rivojlangan mamlakatlar qatoridan mustahkam oʻrin olgan. Hozirga qadar Oʻzbekistonda hammasi boʻlib 2,7 mingdan ziyod istiqbolli turli foydali qazilma konlari aniqlangan. Ular 100 ga yaqin mineral-xom ashyo turlarini oʻz ichiga oladi. Muhim strategik manbalar — neft va gaz kondensati, tabiiy gaz boʻyicha 155 ta kon, qimmatbaho metallar boʻyicha 40 dan ortiq, rangli, nodir va radiaktiv metallar boʻyicha 40, kon-kimyo xom ashyosi boʻyicha 15 ta kon va boshqa qidirib topilgan va ishga tushirilgan.

Oltin, uran, neft, fosforitlarning razvedka qilingan zahiralari boʻyicha Oʻzbekiston jahonda yetakchi oʻrinni egallaydi. Respublika jahonda oltin zahiralari boʻyicha 4-oʻrinda, mis zahiralari boʻyicha 10—11 oʻrinda, uran zahiralari boʻyicha 7—8 oʻrinda turadi (2001) (yana qarang Gaz sanoati, Rangli metallurgiya, Kumir sanoati, Neft sanoati, Oltin sanoati, Temir ruda sanoati).

Abduhakim Qayumov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



  NODES
Done 1