Qirgʻiziston

Markaziy Osiyodagi davlat
(Qirgʻiz Respublikasidan yoʻnaltirildi)

Qirgʻiziston (qirgʻizcha: Кыргызстан [qɯrʁɯz'stɑn] Kirgizstan) yoki Qirgʻiz Respublikasi (qirgʻizcha: Кыргыз Республикасы) – Oʻrta Osiyoning shimoli-sharqida joylashgan davlat. Poytaxti – Bishkek shahri. Qirgʻiziston BMTning aʼzosidir. Mamlakat shimolda Qozogʻiston, gʻarbida Oʻzbekiston, janubi-gʻarbida Tojikiston va janubi-sharqida Xitoy Xalq Respublikasi joylashgan. Qirgʻiziston aholisi bugungi kunda 6 million kishidan ortiQirgʻiziston Uning 72,6 % qirgʻizlar, 14,34 % oʻzbeklar, 10,65 % ruslar va 8,31 % 5% tojiklar boshqa turli millat vakillari tashkil qiladi. Umuman, mamlakatda 90 dan oshiq millat va elat vakillari istiqomat qiladilar[1]. Qirgʻizistonning aholisi soni-6 550 000 kishi.

Qirgʻiz Respublikasi
qirgʻizcha: Кыргыз Республикасы
ShiorYoʻq
Madhiya: Кыргыз Республикасынын Мамлекеттик Гимни
"Qirgʻiz Respublikasi Respublikasi Davlat Madhiyasi"
Location of Qirgʻiziston
Poytaxt Bishkek
Rasmiy til(lar) Qirg'izcha (Davlat)
Ruscha (Rasmiy)
Hukumat Parlament Respublika
• Prezident
Sadir Japarov
Ulukbek Maripov
Mustaqillik (Sovet Ittifogʻidan)
• Sana
31-avgust 1991
Maydon
• Butun
198,500 km2 (86-oʻrin)
• Suv (%)
3,6
Aholi
• 2018-yilgi roʻyxat
6,389,500 (110-oʻrin)
• Zichlik 27/km2
YIM (XQT) 2019-yil roʻyxati
• Butun
$24 milliard (139-oʻrin)
• Jon boshiga
$3,844
Pul birligi Soʻm (KGS)
Vaqt mintaqasi UTC+6
• Yoz (DST)
UTC+6
Qisqartma KG
Telefon prefiksi 996
Internet domeni .kg

Etimologiyasi

tahrir

SSSR davlati inqirozga uchragandan soʻng, deyarli barcha ittifoqdosh mamlakatlar oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritdi ular orasida Qirgʻiz SSR (ruscha: Киргизская ССР, qirgʻizcha: Кыргыз ССР) ham bor edi. Sovet davrida Qirgʻiziston nomi faqat rus tilida (ruscha: Киргизия) nomlanar edi, keyinchalik milliy tilda nomlana boshlandi. (qirgʻizcha: «Кыргызстан» yoki Кыргыз Республикасы)[2].

Davlat tuzumi

tahrir

Qirgʻiziston – suveren, unitar, demokratik respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1993-yil 5-mayda qabul qilingan; 1996, 1998, 2001 va 2003-yillarda oʻzgartishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi – prezident (2021-yildan Sadir Japarov). U umumiy teng, toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Bir shaxs ketma-ket ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament – Jogorku Kenesh, ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Oxirgi marta prezidentlik saylovi 15-noyabr 2017-yilda boʻlib oʻtdi. Yangi prezident etib Soronboy Jenbekov saylandi. Bundan oldin 1-dekabr 2011-yildan 24-noyabr 2017-yilgacha Almazbek Atambayev prezident edi.

Qirgʻiziston Respublikasi prezidentiga nomzod 35yoshdan kichik va 70yoshdan katta boʻlmagan, davlat tilida gaplashaoladigan va 15yildan kam bolmagan muddatda respublika fuqarosi boʻlishi kerak.

Namoyishlar

tahrir

Qiz oʻgʻirlashga qarshi harakat

tahrir

Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida Ichki ishlar vazirligi binosi yonida qiz oʻgʻirlashga qarshi namoyish boʻlib oʻtdi. Namoyishga oʻgʻirlab ketilgan 26 yoshli Ayzada Kanatbekova qotilligining oldini ololmagan politsiyaning harakatsizligi sabab boʻlgan.

2021-yil 5-aprel kuni soat taxminan 7:00 da Mederova va Tinistanova koʻchalari kesishgan joydagi kafe yonida 1994-yilda tugʻilgan qiz, Ayzada Kanatbekova, 3 nafar erkak tomonidan majburiy nikoh uchun oʻgʻirlab ketilgan. Shundan soʻng, 7-aprel kuni qiz va bir nafar erkakning oʻlik jasadi topilgan.

8-aprel kuni Ichki ishlar vazirligi binosi oldida toʻplangan 500 ga yaqin namoyishchilar boʻlgan hodisaga asosan nikoh maqsadida oʻgʻirlash uchun jazoni kuchaytirishni talab qilgan. Shu bilan birga, ular vazir Ulan Niyozbekov boshchiligidagi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatini hamda Bishkek va Oʻsh shaharlari Ichki ishlar markaziy boshqarmasi rahbarlari isteʼfosini talab qilgan[3].

Tabiati

tahrir

Qirgʻizistonning koʻp qismi Tyanshan togʻlarida, qolgan qismi Pomir-Olay togʻlarida joylashgan. Mamlakat hududining 94 % dengiz sathidan 1000 m dan balandda. 1/2 qismi 3000–4000 m baladliklar orasida. Parallel togʻ tizmalari, asosan, kenglik boʻylab yoʻnalgan. Sharqida (Xitoy bilan chegara yaqiiida) Gʻalaba choʻqqisi (7439 m) bor. Ichki Tyanshan togʻ tizmalarining relyefi alp tipli boʻlib, ular vodiy va soyliklar bilan ajralgan. Terskay Olatov bilan Kungay Olatov tizmalari orasida Issiqkoʻl soyligi bor. Qirgʻizistonning garbiy qismida Gʻarbiy Tyanshan togʻlari joylashgan (Talas vodiysi, Talas Olatovi va Chatqol tizmalari). Qirgʻizistonning janubi-gʻarbiy qismiga Fargʻona soyligining shimoliy, sharqiy va janubiy chekkalari kiradi. Janubiyda Turkiston tizmasining shimoliy yon bagʻri, Olay tizmasi, Olay vodiysi va Orqa Olay tizmasi shimoliy yon bagʻri Qirgʻizistonga qarashli.

Foydali qazilmalardan neft, gaz, qoʻngʻir koʻmir va toshkoʻmir, oltin, temir, alyuminiy, volfram, mis, qalay, simob, qoʻgʻoshin-rux, surma rudalari konlari bor.

Iqlimi kontinental iqlim, yogin miqdori oʻrtacha, havo quruq va kam bulutli. Relyefi togʻli va balandliklar farqi katta boʻlganligi uchun iklimi quruq subtropik iqlimidan baland togʻ tundrasi iqlimigacha oʻzgarib boradi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi vodiylarda —1" dan —8" gacha, togʻlarda —8" dan −27" gacha; iyulda vodiylarda 20"—27", baland togʻlarda 5" va undan past. Yillik yogʻin Tyanshan sharqida 180–250 mm dan Fargʻona tizmasining janubi-gʻarbiy yon bagʻrida 900 – 1000 mm gacha. Togʻ tepalarida muzliklar bor. Ularning yiriklari mamlakat sharqiy chekkasidagi Janubiy Inilchek va Shimoliy Inilchek muzliklaridir.

Daryolari Orol depgizi, Tarim, Issiqkoʻl va Balxash koʻli havzalariga mansub. Yirik daryolari: Norin, Chu, Talas. Qirgʻizistonda 1923 koʻl bor. Yiriklari: Issiqkoʻl, Soʻnkoʻl, Chatirkoʻl. Tuproqlari choʻl va yarim choʻl yerlarda boʻz tuproq, daryo qayirlari va koʻl sohillarida allyuvial, oʻtdoqi va oʻtloqi-botqoqtuproqlar. Togʻlarning choʻl-dasht mintaqasida qoʻngʻir tuproqlar, quruq dashtli mintaqada kashtan tuproqlar, togʻlarning sernam yon bagirlarida qora tuproqlar, togʻ tepalarida togʻ-oʻrmon tuproqlarining har xil turlari tarqalgan.

Qirgʻizistonda oʻsimliklarning 3,5 mingdan ziyod turi oʻsadi. Mamlakat hududining 4 % dan ortigʻi oʻrmon. Yongʻoqzor-mevazor oʻrmonlar maydoni 265 ming ga. 3600–4000 m balandliklar sovuq choʻl va togʻ tundralaridan iborat.

Hayvonot dunyosi boy. Choʻl va dashtlarda har xil kemiruvchidar, sudralib yuruvchilar, qushlar; oʻrmonlarda qoʻngir ayiq, silovsin, toʻngiz, boʻri, oʻrmon suvsari, togʻlarda togʻ takasi, qor qoploni, ular, togʻ suvsari, yumronqoziq va hokazo yashaydi. Suv havzalarida baliqning 60 dan ortiq turi uchraydi. Moʻynali hayvonlar iqlimlashtirilgan. Hududida Issiqkoʻl, Sarichelak. Beshorol qoʻriqxonalari, Ola-Archa tabiiy milliy bogʻ bor.

Aholisi, asosan, qirgʻizlar (67 %). Shuningdek, oʻzbek, dungan, uygur, rus, ukrain, tatar, qozoq, tojik va boshqa ham yashaydi. Davlat tili – qirgiz tili; rus tiliga rasmiy til maqomi berilgan. Dindorlarning aksariyati musulmonsunniylar. Shahar aholisi 35,2 %. Yirik shaharlari: Bishkek, Ush, Jalolobod. ToʻqmoQirgʻiziston

Tarixi

tahrir

Qirgʻizistonda topilgan arxeologik yodgorliklar bu hududda taxminan 300 ming yil ilgari odam yashaganligidan darak beradi. Miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri – 2-ming yillik boshlarida avval mis, keyinchalik jezdan ishlangan qurollar tarqalgan. Qirgʻizistonning shimolda saklar qabila ittifoqi (miloddan avvalgi 7—3-asrlar), keyinchalik ular oʻrnida usunlar (miloddan avvalgi 2-asr – milodiy 2-asr) qabila ittifoqi mavjud boʻlgan. Janubiy rayonlar miloddan avvalgi 2—1-asrlarda Davan davlati, keyinchalik milodiy 1—4-asrlarda kushon qirolligi tarkibida boʻlgan. 5-asrda Qirgʻiziston shimoldagi koʻchmanchi qabilalar oʻtroklasha boshladi. 6—7-asrlarda Qirgʻiziston Turk xoqonligi tarkibida boʻldi. Qirgʻiziston Gʻarbiy Turk xoqonligining markazi boʻlib, xoqonlik poytaxti – Suyob shahri Chu vodiysida (Toʻqmoq shahri oʻrnida) joylashgan. Shimoliy K.da oʻtroqhayotning rivojlanishida Oʻrta Osiyoning dehqonchilik vohalaridan koʻchib kelgan aholining roli katta boʻlgan. 6—8-asrlarda koʻchmanchi turkiy qabilalar Oʻrxun-Yenisey yozuvidan, oʻtroq aholi sugʻd yozuvidan foydalangan. Qirgʻiziston hududida shomoniylik, zardushtiylik, buddaviylik va xristian dinlari tarqalgan. 8-asrning boshida Qirgʻizistondagi siyosiy hokimiyat turgash zodagonlari qoʻliga oʻtgan. 8-asr oʻrtalarida Oltoydan Tyanshanga qarluqlar kelib, bu yerdagi hokimiyatni egallab olishgan. Qarluqlar hukmronligi 10-asr oʻrtasiga qadar davom etgan. Tyanshanda qirgʻiz qabilalari yashagani haqidagi ilk yozma manbalar 10-asrga oiddir. Bu davrda Chu va Talas vodiylarida shahar va qishloqlar soni koʻpaygan. Ular Issiqkoʻl qirgʻoqlarida ham vujudga kelgan. Shahar va qishloqlar aholisi – Oʻrta Osiyoning boshqa viloyatlari bilan bogʻliq boʻlgan hunarmandlar va savdogarlar koʻchmanchilari ip-gazlama, charm, yogʻoch, sopol, metall buyumlar, gʻalla, quruq meva va boshqa bilan taʼmin-lab turishgan.

Koʻchmanchilar shaharlarga chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berganlar. Qarluqlar mulkining markazi – Chu vodiysi orqali Buyuk ipak yoʻli oʻtgan. 10-asr oʻrtasidan taxminan 12-asr oʻrtalarigacha Qirgʻiziston hududida Qoraxoniylar davlatinnng asosiy qismi joylashgan. Chu vodiysida davlat poytaxti – Bolasogʻun (hozirgi Boʻrona shahri xarobasi) boʻlgan. 10— 12-asrlarda Talas vodiysi kumush va boshqa metallar ishlab chiqarilishining yirik markazi hisoblangan. Koʻplab shaharlarda (Bolasogʻun, Oʻzgan va boshqalar) hunarmandchilik, savdo va madaniyat taraqqiy etgan. 13-asr boshida boshlangan moʻgʻullar istilosi qirgʻiz xalqi shakllanishi jarayonini uzoq muddatga toʻxtatib qoʻygan, koʻplab shahar-qishloqlar (14-asr boshiga kelib) vayron boʻlgan, oʻtroq dehqonchilik xoʻjaliklari tanazzulga yuz tutgan. Shimoliy Qirgʻizistonda shu davrdan boshlab yarim koʻchmanchi chorvadorlik xoʻjalikning yetakchi tarmogʻiga aylangan. Oʻrta Osiyoga moʻgʻullar bilan birga koʻplab koʻchmanchi qabilalar koʻchib kelgan. Tyan-shanning bir qismi va Sharqiy Turkiston Chigʻatoy ulusi tarkibiga kirgan. Chigʻatoy ulusining parchalanishi (1348) natijasida Qashqar, Yettisuv oʻlkasi va Ili vohasida Moʻgʻuliston davlati tashkil topgan. Chigʻatoy xonlaridan Muborakshoh va Baroqxon qoʻl ostidagi qabilalar bilan Yettisuvdan Movarounnahrga koʻchib oʻtadilar. muborakshoh Ohangaron vohasiga, Baroqxon esa Chagʻoniyonga kelib oʻrnashadi. Bu hol Chigʻatoy ulusining ikkiga boʻlinib ketishiga sabab boʻlgan. Shu vaqtdan boshlab, ulusning sharqiy va Shimoli-sharqiy qismida qolgan turkiy va moʻgʻul qabilalari oʻzlarini moʻgʻullar, mamlakatni esa Moʻgʻuliston deb atay boshladilar. 1348-yil Chigʻatoy naslidan boʻlgan Tugʻluq Temur Moʻgʻuliston xoni qilib koʻtarilgan. Amir Qamariddin hukmronligi davrida Amir Temur unga qarshi 1370—90 yillarda 7-marta qoʻshin tortib borgan va uni oʻziga tobe etgan. Amir Temur vafotidan soʻng temuriylar davrida Ulugʻbek 1425-yil Moʻgʻulistonga zafarli yurish qilgan. 15-asrning oxirida Moʻgʻuliston mayda-mayda qismlarga ajralib ketgan. 15-asrning 2-yarmida Shimoliy Qirgʻiziston hududida qirgʻiz qabilalarining birlashuvi natijasida dastlabki mustaqil xonlik vujudga kelgan, uning aholisini bu davrga kelib shakllangan qirgʻiz xalqi tashkil etgan.

16-asrning 1-yarmida qirgʻizlar oyratlar bosqiniga qarshi uzoq muddat kurash olib borganlar. 17—18-asr boshlarida Sharqiy Turkistonning siyosiy hayotida qirgʻizlarning ishtiroki kuchaygan. 18-asr oxiri —19-asr boshlarida qirgʻizlar Rossiyadan panoh izlay boshladilar. Bunga ularni murakkab tashqi siyosiy vaziyat, ichki ahvolning turgʻun emasligi va oʻzaro savdo-sotiqdan manfaatdorlik majbur qilgan. 1814-yil va 1824-yillarda Issiqkoʻl qirgʻizlari delegatsiyasi Rossiyaning Gʻarbiy Sibirdagi maʼmurlari huzuriga borishgan. 19-asrning 1-choragida Qoʻqon xonligi qoʻshinlarining qirgʻizlar ustiga harbiy yurishlari rus-qirgʻiz munosabatlarini toʻxtatgan. Qirgʻizlar Qoʻqon xonligi tarkibiga kirishgan. Bu davrda qoʻqonliklar tomonidan Pishpak (hozirgi Bishkek), Toʻqmoq, Darautqoʻrgʻon va boshqa qalʼalar qurilgan. 19-asrning 60—70 yillarida butun Qirgʻiziston Rossiya imperiyasi tarkibiga qoʻshib olindi; avval Turkiston viloyati (1865—67), soʻng Turkiston general-gubernatorligi (1867—1917) tarkibida boʻldi. 1917-yil noyabr – 1918-yil iyunda sovet hokimiyati oʻrnatildi. 1918-yil aprelda Qirgʻiziston yangi tuzilgan Turkiston ASSR tarkibiga kirdi. 1921—22 yillarda yer-suv islohoti oʻtkazildi. 1924-yil Oʻrta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi oʻtkazilishi natijasida 1924-yil 14-oktabrda RSFSR tarkibida Qora-qirgʻiz muxtor viloyati tashkil etildi. 1925-yil 25-mayda Qoraqirgʻiz muxtor viloyati Qirgʻiz muxtor viloyatiga, 1926-yil 1-fevral

dan Qirgʻiziston ASSR ga, 1936-yil 5-dekabrdan SSSR tarkibidagi ittifoqdosh respublikaga aylantirildi. 1990-yil dekabrdan Qirgʻiziston Respublikasi deb ataldi. 1991-yil 31-avgustda respublika Oliy Kengashi Qirgʻizistonni mustaqil, suveren, demokratik davlat deb eʼlon qildi. 1993-yil 5-maydan Qirgʻiz Respublikasi deb nomlandi.

2005-yil martda Qirgʻizistonda yuzaga kelgan iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat amaldagi prezident A. Aqayevni oʻz lavozimidan ketishga majbur etdi. Qirgʻiziston – 1991-yil 31-dekabrdan MDH tarkibida. 1992-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami – 31-avgust – Davlat mustaqilligi kuni (1991).

Asosiy siyosiy partiya va kasaba uyushma birlashmalari. Qirgʻiziston agrar partiyasi, 1933-yil tashkil etilgan; Qirgʻiziston agrarmehnat partiyasi, 1994-yil asos solingan; „Ar-Namis“ („Or-Nomus“) partiyasi, 1999-yil tuzilgan; Qirgʻiziston xotin-qizlari demokratik partiyasi, 1994-yil taʼsis etilgan; Qirgʻiziston demokratik harakati, 1993-yil. tashkil etilgan; Qirgʻiziston Kommunistik partiyasi, 1999-yil asos solingan; „Mamlakatim“ harakati partiyasi, 1998-yil tashkil etilgan; „Manas-el“ („Manas xalqi“) maʼnaviy tiklanish partiyasi, 1998-yiltuzilgan; Qirgʻiziston kommunistlari partiyasi, 1992-yil asos solingan; „Erkin Qirgʻiziston“ progressiv-demokratik partiyasi, 1991-yil tuzilgan; „Ata-Meken“ („Vatan“) sotsialistik partiyasi, 1992-yil taʼsis etilgan. Qirgʻiziston kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1925-yil tuzilgan.

Xoʻjaligi

tahrir

Qirgʻiziston agrar-industrial mamlakat. Yalpi milliy mahsulotda sanoat 20,5 %, qishloq xoʻjaligi 38,4 %, xizmat koʻrsatish tarmogi 12 %, savdo 10,1 % ni tashkil etadi.

Sanoatining yetakmi tarmoqlari: mashinasozlik (qishloq xoʻjaligi mashinalari, metall kesuvchi stanoklar, elektrotexnika buyumlari, priborlar va boshqalar), rangli mstallurgiya (simob, surma va qoʻrgoshin-rux rudalarini qazib olish va boyitish), neftni qayta ishlash, yengil (ip-gazlama, jun, ipak matolar, trikotaj, koʻnpoyabzal, tikuvchilik buyumlari ishlab chiqarish, gilam toʻqish; asosiy markazlari – Ush, Bishkek), oziq-ovqat (goʻsht-sut, un-yorma va boshqa, yirik korxonalar Bishkek shahrida joylashgan) sanoati. Koʻmir, gaz va neft qazib olinadi. Qurilish materiallari (sement, shifer, devor panellar) ishlab chiqariladi. Yiliga 12,9 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi (GES va issiqlik elektr stansiyalarida). Norin daryosida Toʻqtagʻul, Uchqoʻrgʻon, Kurpsoy, Toshkoʻmir GESlari, Alamadin GESlar kaskadi ishlaydi. Bishkekda yirik issiqlik elektr stansiyasi mavjud.

Qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli yerlar maydoni 10,1 mln. gektar (mamlakat hududining 50,9 %). 1 mln. gektar yer sugʻoriladi. Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi – chorvachilik (yalpi mahsulotning 55 %), asosan mayin va yarim mayin junli qoʻychilik; sut-goʻsht chorvachili-gi, yilqichilik ham rivojlangan. mamlakatda 988 ming qoramol, 88 ming choʻchqa, 3765 ming qoʻy va echki, 360,7 ming yilqi, 2100 ming uy parrandasi bor (2002). Dehqonchilikning asosiy tarmogʻi – paxta, tamaki, efir moyli ekinlar yetishtirish; shuningdek, yem-xashak ekinlari, gʻalla (bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori), kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. Mevachilik, tokchilik va bogʻdorchilik rivojlangan. Qand lavlagi va beda urugi olinadi.

Transportining asosiy turi – avtomobiltransporti. Avtomobil yoʻllarining umumiy uz. 28 ming km (19 ming km umumiy foydalanish yoʻllari). Transport yoʻlilar uzunligi 417 km (2002). Issiqkoʻlda muntazam kema qatnaydi. Ichki suv yoʻllari uzunligi 460 km. „Kirgizstai aba joddoru“, „Itek Eyr“, „Altin Eyr“ milliy aviatsiya kompaniyalari samolyotlari dunyoning bir qancha mamlakatlariga uchadi. Qirgʻiziston hududidan Buxoro —Toshkent—Bishkek — Olmaota gaz quvuri oʻtgan; Maylisoy—Jalolobod—Oʻsh gaz quvuri mavjud.

Chetga oltin, paxta tolasi, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari, elektr energiyasi, tamaki, metall, jihozlar va boshqa chiqaradi; chetdan sanoat jihozlari va buyumlari, keng isteʼmol mollari oladi. Tashqi savdoda Rossiya, Oʻzbekiston, Xitoy, Germaniya, Qozogʻiston, Turkiya, AQSH bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi – som.

Tibbiy xizmati

tahrir

Respublikada 30 ming oʻrinli 250 dan ziyod kasalxona muassasalarida 15 ming vrach, 30 mingdan ortiq oʻrta tibbiyot xodimi ishlaydi. Vrach va oʻrta tibbiyot xodimlari Tibbiyot institut va bilim yurtlarida tayyorlanadi. Respublika hududida 24 sanatoriy, 21 sanatoriy-profilaktoriy, 57 dam olish pansionati, 11 dam olish uyi, 43 bolalar sogʻlomlashtirish majmuasi va boshqa dam olish maskanlari bor (2002). Mashhur kurortlari: Oqsuv, Jetioʻgʻuz, Choʻlponota, jalolobod, Jirgalan.

Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. 19-asrning 2-yarmida Qirgʻiziston hududida diniy maktablar – maktabxona va madrasalar boʻlgan. Qirgʻiziston Rossiyaga qoʻshib olingach, dastlabki rus boshlangʻich maktablari, 19-a.ning 80-yillarida rus-tuzem maktablari ochildi. 1911-yil xotin-qizlar progimnaziyasi, 1912-yil erlar gimnaziyasi tashkil etildi; bu gimnaziya 1917-yilgacha Qirgʻiziston hududidagi yagona oʻrta oʻquv yurti boʻlgan. 1923-yil Qirgʻizistondagi 327 maktabda 20 mingdan ortiq oʻquvchi oʻqigan. Q.da 2002-yilda 2056 umumiy oʻrta taʼlim maktabida 1168,1 ming, 113 gimnaziyada 72,2 ming, 50 litseyda 18,2 ming, 75 oʻrta hunar oʻquv yurtida 31178 oʻquvchi, 49 oliy oʻquv yurti (jumladan, 16 nodavlat oliy oʻquv yurti)da 214173 talaba taʼlim oldi. Yirik oliy oʻquv yurtlari: Qirgich milliy universiteti, gumanitar universitet, pedagogika universiteti, tibbiyot akademiyasi, politexnika, sanʼat, qishloq xoʻjaligi insti-tutlari (hammasi Bishkek shahrida). Institutlar Qirgʻiziston milliy Fanlar akademiyasi institut va muassasalarida, 15 universitet va boshqa oliy oʻquv yurtlari, tarmoq vazirlik va muassasalarning ilmiy tadqiqot institutlarida olib boriladi. 2002-yil respublikada 4623 ilmiy xodim (ilmiy pedagog kadrlar bilan birgalikda), jumladan, 345 fan doktori va 1051 fan nomzodi ilmiy tadqiqotlar olib bordi. 2002-yil mamlakatda 1035 kutubxona (19 mln. 790 ming asar) faoliyat koʻrsatdi. Ularning eng yirigi – Milliy kutubxona (900 mingdan ziyod asar)dir. yirik muzeylari: Oʻlkashunoslik davlat muzeyi, Tasviriy sanʼat milliy muzeyi, Tarix muzeyi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. 2002-yil Q.da 183 gaz. va 83 jurnal nashr etildi. Yiriklari: „Asaba“ („Bayroq“, qirgʻiz tilida haftada 2-marta chiqadigan gazeta, 2001-yildan), „Vecherniy Bishkek“ („Bishkek oqshomi“, rus tilidagi kundalik gazeta, 1974-yildan), „Kizil Tuusi“ („Qizil bayroq“, qirgʻiz tilida haftada 2-marta chiqadigan gazeta, 1924-yildan), „Literaturniy Kirgizstan“ („Qirgʻiziston adabiyoti“, rus tilida yiliga 4-marta chiqadigan jurnal), „Slovo Kirgizstana“ („Qirgʻiziston soʻzi“, rus tilida haftada 3-marta chiqadigan gazeta, 1925-yildan), „Erkin Too“ („Erkin togʻlar“, qirgʻiz va rus tillarida haftada 2-marta chiqadigan hukumat gazeta, 1991-yildan). „KABAR“ qirgʻiz milliy axborot agentligi 1937-yil yanvarda tashkil etilgan. Qirgʻiz Respublikasi teleradioeshittirish davlat korporatsi-yasi (1937-yil asos solingan), „Almaz“ xususiy radiostansiyasi, KOORT radio va televideniyesi (1992-yil tuzilgan), „Piramida“ teleradiokompaniyasi (1991-yil asos solingan) mavjud. Radio-eshittirishlar 1931-yildan, telekoʻrsatuvlar 1958-yildan boshlangan.

Adabiyoti xalq ogʻzaki ijodining turli janrlari – ertak, doston, qoʻshiq, rivoyatlar („Kurmanbek“, „Kojojash“, „Er-Tyoshtuk“, „Janish Bayish“) va „Manas“ monumental qahramonlik eposi negizida rivojlangan. Shoir Toʻqtagʻul Sotilgʻonov ijodi 1917-yilgacha boʻlgan xalq sheʼriyatini zamonaviy sheʼriyat bilan bogʻlovchi halqa boʻldi. Barpi Aliqulov (1884—1949) sheʼrlarida ijtimoiy adolatsizlik, ekspluatatsiyaga qarshi norozilik tuygʻulari oʻz ifoasini topdi. Toʻgʻaloq Mulda oʻz sheʼrlarida qirgʻiz ayollarining turmushini bayon etdi. Qirgʻiz milliy yozma adabiyoti asoschisi shoir Aali Toʻqumboyevtr; uning dastlabki sheʼrlari 1924-yil birinchi qirgʻiz gaz.da bosilib chiqqan. 1920-yillarda dastlabki drama, qissa, dostonlar yaratildi. Qirgʻiz adabiyotidagi birinchi dramatik asar M. Tokoboyevning „Bechora Kakey“ pyesasi (1927-yil sahnalashtirilgan), birinchi nasriy asar K.Bayalinovning „Ajar“ hikoyasi (1928) dir. 30-yillarda adabiyotning barcha janr va turlari rivojlandi. T. Sidiqbekov, Q. Jontoshevlarning nasriy, M.Eleboyev, Q. Malikov, T. Umetaliyev, A. Osmonov, dungan shoiri Ya. Shivazaning sheʼriy, J.Turusbekov, J.Bokonboyevning dramatik asarlari bosilib chiqdi. Ikkinchi jahon urushi yillari (1939—45) qirgʻiz yozuvchilari vatan-parvarlik ruhida asarlar yozdilar (J. Bokonboyev, M.Eleboyev, A. Toʻqumboyev, Q. Malikov, T. Sidiqbekov, K. Bayalinov, A. Osmonov, T. Umetaliyev va boshqalar). Qirgʻiz adabiyoti urushdan keyingi yillarda yanada rivojlandi. Adabiyotga yangi nomlar: birinchi qirgʻiz shoirasi N. Jetikashkayeva, adiblar Ch. Aygpmagpov, K.Bobulov, Sh. Abdiramanov, S. Eraliyev va boshqa kirib keldi. Yozuvchilardan N. Boytemirov,Sh. Beyshenaliyev, T. Qosimbekov va boshqa, shoirlardan T. Abilqosimova, T. Kojomberdiyev, O. Sultonov, J. Abdikalikov, S. Abiqodirova, R. Risqulov va boshqa, dramaturglardan R. Shukurbekov, T. Abdumoʻminov, B. Jaqiyev, M. Bayjiyev, B. Omuraliyev va boshqa mashhur. Qirgʻiz adiblarining koʻp asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Meʼmorligi

tahrir

Q. hududidan miloddan avvalgi 4—1-asrlarga oid manzilgohlar topilgan; ular paxsadan qurilgan uylardan, mudofaa devorlari va minoralardan iborat boʻlgan. Qirgʻizlarning anʼanaviy turar joylari yigʻma oʻtov va xom gʻishtdan qurilgan oddiy uylar. 5—10-asrlarda shaharlar paydo boʻldi, qoʻrgʻon va qasrlar, ibodatxona, rabot, karvonsaroylar bunyod etildi. 10-asr oʻrtasi – 12-asrda masjid, minora (Oʻzgan minorasi), maqbara (peshtoq-gumbazli; Oʻzgandagi 3 maqbara) kabi monumental binolar qurildi. 13-asrdan monumental maqbara (Manas maqbarasi, 14-asr) va karvonsaroy (Toshrabot karvonsaroyi, 15-asr), koʻshklar (Oʻsh shahri yaqinida Bobur qurdirgan koʻshk, 16-asr boshi) qurila boshladi. Q. Rossiyaga qoʻshib olingandan keyin shaharlar rivoj topa boshladi. Pishpak (hozirgi Bishkek), Qorakoʻl, Toʻqmoq kabi shaharlar reja asosida (bir qavatli, paxsa va xom gʻishtdan) qurila boshladi. 20-asrning 20-asrlaridan eski shaharlar qayta tiklandi, puxta reja asosida yangi shahar (Jalolobod, Qizilqiya, Koʻkyongʻoq, Talas) va shaharchalar (Koʻktosh, Qorasuv va boshqalar) barpo etildi. 30-yillarning oxiridan binolarda milliy bezaklardan keng foydalanildi (Bishkekdagi Yozgi teatr, meʼmor G. A. Gradov). 40-yillarning oxirlaridan mahalliy sharoit hisobga olingan holda yirik shaharlarning bosh rejalari ishlab chiqildi, shaharlar shu reja asosida qurila boshladi. 1960—70 yillarda binolar yigʻma temir-beton va shishadan barpo etila boshladi (Qirgʻiziston Fanlar akademiyasi binosi, 1960-yillar; Rus drama teatri, 1971; Sport saroyi, 1974, meʼ-mor M.Maruxov; Tasviriy sanʼat muzeyi, 1974, meʼmorlar Sh. Jekshenbo-yev, V. Nazarov, D. Irisqulov, hammasi – Bishkek shahrida; Oʻsh shahridagi „Semetey“ kinoteatri, 1976). Kurortlar qurilishiga eʼtibor berildi (Issiqkoʻl atrofida yirik kurort rayoni barpo etildi). Mamlakatda birinchi yirik panelli toʻqqiz qavatli uy 1975-yil, oʻn ikki qavatli uy 1982-yil, oʻn sakkiz qavatli uy 1985-yilquriddi.

Tasviriy sanʼati

tahrir

Q. hududidan topilgan qad. sanʼat asarlari namunalari neolit davriga mansub (Oq choʻnqir qoyatosh rasmlari, Soymalitosh rasmlari). Jez davrida qirma va qolipaki naqshli sopol idishlar tayyorlangan. Q.ning shimoliy hududlari va Tyanshandan qoʻtos, echki, sher, qoplonlarning bronzadan quyilgan haykalchalari topilgan (miloddan avvalgi 7-asr – milodiy 5-asr). 5—10-asrlarda qabrlar ustiga tosh haykalchalar oʻrnatilgan. 4—5-asrlarga mansub sugʻdiylar qoʻrgʻonidan loydan quyib, har xil rangga boʻyab ishlangan Budda haykali (boʻyi 12 m dan ortiq) topilgan. Oʻtroq aholi oʻrtasida sirlangan sopol idishlar, oʻyma naqsh bilan bezatilgan ostadonlar tayyorlash, koʻchmanchi turkiy qabilalar orasida ot abzallarining qismlarini metalldan bezab tayyorlash rivojlangan: Q.da tasviriy sanʼat rivojida rassomlar V. V. Obrazsov, S. A. Chuykov, haykaltarosh O. M. Manuilova katta rol oʻynadi. 1930-yillardan qirgʻiz milliy rassomligining asoschilaridan biri Gʻ. Aytiyev samarali ijod qildi. 1935-yil Bishkekda badiiy studiya (1939-yildan Badiiy bilim yurti) ochildi. 1930-yillarda rassomlikda manzara janri rivoj topdi (S. A. Chuykov, Gʻ. Aytiyev, S.Oqilbekov va boshqalar). 1930-yillarning oxirlarida grafiklardan L. A. Ilina, A. I. Mixalyov, A. A. Sgibnev va boshqa samarali ijod qildilar. Ikkinchi jahon urushi yillari tashviqot va satirik grafika (plakat, karikatura) yuksaldi, urush qahramonlariga bagʻishlangan rassomlik asarlari, haykallar ijod qilindi. 1950-yillarda portret va manzara janrlari rivojlandi (Gʻ. Aytiyev, S. Oqilbekov). 1950-yillarning oxiri – 60-yillarda A.Usubaliyev, S.Ishenov, D.Jumaboyev, A.Usmonov kabi rassomlar yetishdi. 1960-yillarda haykaltaroshlardan T. Sodiqov, A.Muhiddinov samarali ijod qildilar.

Xalq sanʼatida gilamchilik, kigiz bosish, kashtadoʻzlik, charm buyumlari tayyorlash va ularni bezash, kulollik kabi anʼanaviy tarmoklar rivojlangan.

Musiqasi qirgʻizlarning asrlar davomida saqlanib kelgan, koʻchmanchi chorvachilikka asoslangan hayot sharoitida rivoj topgan. Shu bois anʼanaviy musiqasida ansambl hamda jamoa ijrochiligi shakllari deyarli uchramaydi, yakka xonandalik va sozandalik yoʻllari asosiy oʻrin tutadi. Xalq qoʻshiq (ir)lari marosim („qoshoq“ yigʻi, „jaramazan“, „beshik iri“ va boshqalar), mehnat („bekbekey“, „shirildan“, „op mayda“), lirik („Seketbay“, „kuy-gen“, „armon“), oʻyin („selkinchek“), shuningdek, „baldar iri“ (bolalar qoʻshiqlari), „qizdar iri“ va boshqalardan iborat. Qirgʻiz shomon-baxshi (baxshi, kuuchu, byubu, emchi va h. q.) lar tomonidan afsun-jodu va tabobat aytimlari ijro etilgan. Boshqa turkiy xalqlarda boʻlgani kabi oqin, manas-chi, jomokchu (terma ijrochilari)ning ijodi keng tarqalgan. Oqinlar nasihat („ulgu ir“, „sanat“), bagʻishlov („arnoo“, „maqtoo“), qutlov („kutuktoo“) qoʻshiqlari, manaschilar „Manas“, „Semetey“, „Seytek“ turkumlari, „Kurmanbek“, „Kojojash“, „Ke-deyxon“ kabi qahramonlik dostonlarini ijro etadi. Musiqa cholgʻulari orasida qad. diddirek, jekesan, shaldiroq, qoʻngʻiroq, ooz qoʻmuz (chsshgkoʻbiz) kabi idiofonlar, puflama sibizgʻa, choor (nay), torli qiyoq, qoʻmuz va boshqa mavjud. Ayniqsa, qoʻmuz va boshqa chol-gʻularda ijro etiladigan yirik shakldagi kuylar („qambarkan“, „kerbez“, „botoy“ va boshqalar) ommalashgan. Xalq orasida manaschilar Sagimboy Orozbakov, Sayakboy Qoralayev, oqinlar Toʻqtagʻul Sotilgʻonov, Qaliq Akiyev, Olimqul Usenboyev, irchilar Atay Ogombayev, Musa Bayotov, qoʻmuzchilar Muzooke Jamankarayev, Kurenkey Belekov, Karamoldo Orozov, Ibray Tumanov, Samarbyubyu Toʻxtaxunova, qiyoqchilar Muratali Kurenkeyev, Said Bekmuro-tov va boshqa mashhur. Anʼanaviy musiqa namunalarini toʻplash va oʻrganish ishlari, asosan, 1920—30 yillarda boshlangan (A. Zatayevich, V. Vinogradov va boshqalar). Shu davrdan boshlab milliy kompozitorlik maktabi ham shakllana boshladi, K. Moldiboyev, M.Abdrayev, A.Tuleyev, A.Omonboyev kabi professional qirgʻiz kompozitorlari yetishdi. Musiqali dramalar („Oltin qiz“, A. Vlasov, V. Fere, 1937; „Oʻlim emas, hayot“, Vlasov, Moldiboyev, Fere, 1938)ning sahnaga qoʻyilishi operalar yaratilishiga yoʻl ochdi, balet, simfoniyalar ijod qilindi. „Manas“ eposi asosida birinchi qirgʻiz operasi („Oygoʻzal“, 1939, Vlasov, Moldiboyev, Fere) yaratiddi. Vlasov va Fere „Anor“ (1940), „Argʻimchoq“ (1943) birinchi qirgʻiz baletlarini, qirgʻiz xalq kuylari asosida ilk simfonik asarlarini (N.Rakov bilan) ijod qilishgan. Vlasov, Moldiboyev, Ferelarning „Manas“ (1946), „Toʻqtagʻul“ (1958) va boshqa operalari, A.Omonboyev, S. L. Germanovning „Aydar va Oysha“ (1952), A.Abrayevning „Boʻron oldida“ (1974) va boshqa operalarda qirgʻiz xalqining erk va baxt uchun kurashi eks etdi. Isteʼdodli ijrochilar yetishdi. Xonandalardan Xalq artistlari S.Kiyizboyeva, A.Moldiboyev, A.Mirzaboyev, B. Minjilkiyev, X.Muxtorov, K.Sartboyev, T.Seytaliyev, Qirgʻiziston xalq artistlari K. Chodronov, M. Mustayeva, M. Mahmutova, dirijyorlardan Xalq artistlari A. Jumahmatov, K. Moʻldabasanov va boshqa mashhur. Opera va balet teatri (1942), filarmoniya (1936), Q. radio va televideniyesining katta simfonik orkestri (1970), Milliy konservatoriya (1993), Sanʼat instituti (1967), Bishkek va Oʻshda musiqa bilim yurtlari, 100 ga yaqin musiqa maktabi, xalq ijodi markazi mavjud. 1939-yilda Q. Kompozitorlar uyushmasi tashkil topgan. Moʻldabasanovning „Momo yer“ baletoratoriyasi (1975), Omonboyevning „Boʻydoklar“ (1961), N.Davlesovning „Ehtiyot boʻling, kelin“ (1970) va boshqa musiqali dramalari, Tuleyev, A. Jonibekov, E.Joʻmaboyevning simfoniyalari zamonaviy qirgiz musiqasi yutugʻi boʻldi.

Teatri

tahrir

Drama teatri sarchashmalari turli marosimlar, xalq oʻyinlari, oqinlar aytishuvi, manaschi, qoʻmuzchi va qiziqchilarning faoliyati bilan bogʻliq ravishda qadim zamonlardan boshlangan.

Rahmonberdi Madazimov (18751933) – Qirgʻiziston teatr harakatining asoschisi, Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrining birinchi asoschisi, tashkilotchisi va badiiy rahbari, yozuvchi.

1914 yili Rahmonberdi Madazimov rahbarligida Oʻsh shahrida rus-tuzem maktabi oʻqituvchilari bilan birgalikda teatr toʻgaragi tashkil etilgan[4].

1918 yili Mirzo Rahmonberdi hoji Muhammadaʼzim aʼlam oʻgʻli (Madazimov) rahbarligida Ibrohim Musaboyev, Beknazar Nazarov, Joʻraxon Zaynobiddinov, Nazirxon Kamolov, A.Saidov, A.Eshonxonov, Abduqodir Isxoqov, Isroiljon Ismoilov, Jalil Sobitovlar bilan birga Qirgʻizistonda birinchi boʻlib musulmon aktyorlardan iborat Turkiston fronti harbiy kengashi qoshidagi konsert brigadasi negizida Oʻshda havaskor teatr toʻgaragini tuzgan. Rahmonberdi Madazimov Qirgʻizistondagi mahalliy musulmon teatr harakatining birinchi asoschisi va Oʻshdagi oʻzbek teatrining birinchi badiiy rahbari va asoschisi boʻlgan. 1919 yili teatr toʻgaragi teatr drama truppasiga aylantirilgan. Ushbu truppa Qirgʻizistonning janubda nafaqat teatr sanʼatini, balkim professional musiqa sanʼatining rivojlanishiga ham yuksak hissa qoʻshgan[5]. Chunki truppaning repertuarida drama asarlaridan tashqari, koʻplab konsert dasturlari namoyish etilardi, shuningdek musiqali spektakllar qoʻyilardi, bu professional musiqachilar yetishib chiqishiga alohida bosqich boʻldi. Teatr truppasi Bobur nomli Oʻsh Davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatriini tuzishga asos boʻlgan.

Ushbu teatr Toshkentdagi Hamza nomli Oʻzbek milliy akademik drama teatridan keyin Markaziy Osiyodagi eng keksa teatrdir.

1918 yili Oʻshda oʻzbek musiqali drama teatri va Qorakoʻlda havaskorlik xalq teatri tashkil etildi. 1920 yil Pishpek, Qorakoʻl va Norin uyezdlarida faqat havaskorlik teatrlari ishladi. Professional teatr 1920-yillarda vujudga keldi. 1926 yilda Musiqali drama studiyasi tashkil etildi. 1930-yil u professional drama teatriga aylantirildi, 1936 yildan musiqali drama teatri deb nomlandi; 1942 yildan Qirgʻiz opera va balet teatri. Qirgʻiz tilida dramatik spektakllar Yosh tomoshabinlar teatri sahnasida qoʻyildi (u 1936-yil tashkil qilinib, 1941 yilgacha ishlagan). 1941 yil Frunze (hozirgi Bishkek)da Qirgʻiz drama teatri truppasi tuzildi. 1960-yillarda qirgʻiz xalqining hayoti aks ettirilgan koʻpgina spektakllar yaratildi („Otaning qismati“, B. Jaqiyev; „Qichan“, Sh. Beyshenaliyev; „Yangi kelin“, M. Toʻyboyev; „Yuzma-yuz“, „Momo yer“, ikkalasi ham Ch. Aytmatov qissalari asosida). Q.dagi teatrlarda qirgʻiz va jahon dramaturgiyasining eng yaxshi namunalari asosida koʻptina spektakllar namoyish etildi. Mamlakatda 15 professional teatr, jumladan, Bishkek shahrida qirgiz akademik drama teatri, Rus drama teatri, qirgʻiz drama teatri (19721974), Norin shahrida Tyanshan musiqali drama teatri, Bishkekda qoʻgʻirchoq teatri (1938) va boshqa ishlaydi. Teatr sanʼati ustalaridan R.Madazimov, D. Kuyukova, B. Kidikeyeva, M. Risqulov, J.Rahmonov, S. Balqibekova, S. Jamanov, A. Jonqoʻrozova, Oʻ. Rahmonov, S. Kumushaliyeva, A. Quttiboyeva b. mashhur.

Kinosi

tahrir

1939-yil Frunze (hozirgi Bishkek)da kinoxronikaning muxbirlik punkti tashkil etildi. 1942-yil uning negizida Frunze kinoxronika studiyasi („Qirgʻiziston Ikkinchi jahon urushi davrida“ filmi, 1944, rejissor D.Erdman va boshqalar)ga asos solindi, 1956-yil hujjatli va badiiy filmlar studiyasiga aylantirildi, 1961-yildan „Qirgʻiz-film“ kinostudiyasi deb nomlandi. 1950-y, lardan badiiy kinematografiya rivoj topa boshladi. Birinchi badiiy film „Saltanat“ (1955, rejissor V. P. Pronin, „Mosfilm“ kinostudiyasi bilan hamkorlikda)dan keyin „Mendagi xatolik“ (1958), „Olis togʻlarda“ (1959), „Tyanshanlik qiz“ (1960), „Choʻlpon – tong yulduzi“ (1960, „Lenfilm“ kinostudiyasi bilan hamkorlikda), „Toʻqtagʻul“ (1961) kabi badiiy, „Ular Tyanshanda tugʻilganlar“ (1958), „Toglar daryosi“ (1960) kabi hujjatli filmlar yaratildi. 1960-yillardan milliy adabiyot namunalari, xususan, Ch. Aytmatov asarlari ekranlashtirilishi qirgʻiz kinosida diqqatga sazovor ish boʻldi. Ch Aytmatov asarlari asosida yaratilgan „Dovon“ (1961), „Saraton“ (1963), „Birinchi oʻqituvchi“ (1965), „Jamila“ (1969, „Mosfilm“ kinostudiyasi bilan hamkorlikda) va boshqa filmlar qirgʻiz kino sanʼatining yutugʻidir. „Karash dovonidagi oʻq ovozi“ (1968), „Issiqkoʻl lolalari“ (1972), „Oq kema“ (1977), „Ilk turnalar“ (1979, hammasining rejissor B.Shamshiyev), „Yoshligimiz osmoni“ (1966), „Urkuya“ (1970), „Ulan“ (1978; hammasining rejissor T.Okeyev) kabi badiiy, „Norin kundaligi“ (1971, rejissor A.Vidugiris), „Pochta“ (1972, rejissor B. Abdildayev) hujjatli filmlari xalqaro kinofesti-vallarda mukofotlarga sazovor boʻlgan. Kino aktyorlardan M. Risqulov, D. Kuyukova, B. Kidikeyeva, T. Tursunboyeva, S. Choʻqmorov va boshqa mashhur.

Oʻzbekiston – Qirgʻiziston munosabatlari

tahrir

Koʻllari

tahrir

Qirgʻizistonda 1923 tanafar koʻl mavjud[6], ularning umumiy maydoni 6836 km². Koʻllarning aksariyati baland togʻlarda, dengiz sathidan 2500 dan 4000 metrgacha balandlikda joylashgan. Koʻllarning paydo boʻlishining asosiy sababi muzliklarning erishidir. Mamlakatda toʻrtta yirik koʻl bor: Issiqkoʻl Chatirkoʻl, Soʻnkoʻl va Sarichelek koʻllaridir.

Dengiz sathidan 1609 m balandlikda joylashgan Issiqkoʻl – dunyoda teranligi boʻyicha yettinchi oʻrinda turadi. Issiqkoʻl Kungey Ola-Togʻi (shimoldan) va Teskey Ola-Togʻi (janubdan) oraligʻida joylashgan. Koʻlning shimoliy tomonida koʻplab pansionatlar, sanatoriylar va sayohat bazalari mavjud[7].

Issiqkoʻlning sharqiy tomonidan 105 km olislikda baland togʻli Merzbaxer koʻli dengiz sathidan 3304 metr balandlikda joylashgan. Uzunligi ikki-uch kilometr, eni 1,1 kilometr, maydoni toʻrt kvadrat kilometr, chuqurligi 60-70 metr. Muzlik bilan toʻsib qoʻyilgan va undan tushgan muz parchalari (aysberglar) koʻlda suzib yuradi[8]

Daryolari

tahrir

Norin daryosi uzunligi 535 km tuzadi. Shuningdek unda (Toqtogul) suv ombori ham mavjud.

Siyosiy partiyalari

tahrir

Qurolli kuchlari

tahrir

Qirgizston qurolli quch ishlatar tizimlari. Jami 60 minga yetadi (armiya, militsiya, max) 1992-yili tuzilgan. Maqsadi mamlakat mudofasi

Maʼmuriy hududiy boʻlinishi

tahrir

Maʼmuriy-hududiy birliklarga shahar, tuman, viloyat va qishloq tumani (bir yoki bir nechta qishloqlardan tashkil topgan maʼmuriy-hududiy birlik) kiradi. Maʼmuriy jihatdan Qirgʻiziston 7 viloyat va 2 respublika miqiyosidagi shaharga (Bishkek, Oʻsh) boʻlingan. Respublika miqiyosidagi shaharlarining tumanlari mustaqil maʼmuriy-hududiy birlik boʻlib hisoblanmaydi.

Qirgʻizistondagi 531 ta maʼmuriy-hududiy birlik:

7 ta viloyat; 40 ta tuman; 32 ta shahar (shundan 2 tasi respublika miqiyosidagi, 12 tasi viloyat miqiyosidagi shahar, 18 tasi tuman ahamiyatidagi shaharlar); 452 qishloq hududlari[9][10].

Bayrogʻi Noni Maʼmuriy
markazi
Maydoni
(km2)
Doimiy yashovchi aholi*

(1.01.2019 boʻyicha)

Doimiy yashovchi aholi*

(1.01.2020 boʻyicha)[11]

Doimiy yashovchi aholi*

(1.01.2021 boʻyicha)[12]

  Bishkek 160[13] 1 027 200 1 053 915 1 074 075
  Oʻsh 182[14] 299 500 312 530 322 164
  Chuy viloyati Bishkek[15] 20 200[16] 941 100 959 884 974 984
  Issiq-Koʻl Qoraqo'l 43 100[17] 499 800 496 050 501 933
  Talas viloyati Talas 11 400[18] 263 500 267 360 270 994
  Norin viloyati Norin 45 200[19] 287 000 289 621 292 140
  Jalolobod viloyati Jalolobod 33 700[20] 1 214 400 1 238 750 1 260 617
Bayrogʻi
mavjud emas[21]
Oʻsh viloyati Oʻsh 29 200[22] 1 341 900 1 368 054 1 391 649
  Botken viloyati Botken 17 000[23] 525 100 537 365 548 247
*Doimiy yashovchi aholi – davlat roʻyxatga olgan paytda vaqtincha yoʻq boʻlganlarni qoʻshganda ushbu hududda doimiy yashovchi aholi.

Qirgʻizistonda din

tahrir

Qirgʻizston halqining koʻpshiligi musulmonlar. Nasroniy diniga eʼtiqod qiluvchilar ham bor. Ular asosan: provoslav, katolik va protestantlar (lyuteranlar, baptistlar, adventistlar)

Ommaviy axborot vositalari

tahrir

Radiostantsiyalar

tahrir

Bosma nashrlar

tahrir

"Ўш садоси" roʻznomasi

Qirgʻizistondagi bayramlar

tahrir

Manba; Qirgiziston Respublikasining Mehnat kodeksi 113 modda

Sanasi Nomi Qirgʻiz tilidagi nomi Eslatma
1-yanvar Yangi yil Jaңi jil ~
7-yanvar Rojdestvo Isa paygambardin tuulgan kүnү Nasroniylar bayrami
23-fevral Vatanni himoya qilish kuni Ata-Jurttu korgoo kүnү (Mekendi korgoochular kunu) ~
8-mart Xalqaro xotin qizlar kuni El aralik ayaldar kүnү ~
21-mart Navroʻz Nooruz Yasharish va uygʻonish bayrami
24-mart Inqilob kuni Eldik revolyutsiya kүnү 2005-yil
1-may Mehnat kuni Emgekchiler kүnү ~
5-may Konstitutsiya kuni Konstitutsiya kүnү ~
7-aprel Ikkinchi inqilob kuni Ekinchi revolyutsiya kүnү 2010-yil
9-may Gʻalaba kuni Jeңish kүnү ~
31-avgust Mustaqillik kuni Egemendүlүүk kүnү ~
2011-yilning 31-avgustida (Hijriy taqvim) Ramazon Hayiti Orozo ayt
Ramazon Hayitidan soʻng (yaʼni 70 kundan soʻng hijriy taqvim asosida) Qurbon Hayiti Kurman ayt
7-noyabr Ulugʻ Oktabr Sotsialistik revolyutsiyasining kuni Uluu oktabr Sotsialisttik revolyutsiyasinin kүnү

Qirgʻzistonda tavallud topgan taniqli oʻzbeklar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. https://www.kdmid.ru/docs/kyrgyzstan/information-about-the-country/#:~:text=%D0%92%20%D1%81%D1%82%D1%80%D0%B0%D0%BD%D0%B5%20%D0%BF%D1%80%D0%BE%D0%B6%D0%B8%D0%B2%D0%B0%D1%8E%D1%82%20%D0%BF%D1%80%D0%B5%D0%B4%D1%81%D1%82%D0%B0%D0%B2%D0%B8%D1%82%D0%B5%D0%BB%D0%B8%20%D0%BF%D0%BE%D1%87%D1%82%D0%B8,%D1%81%D1%83%D0%BD%D0%BD%D0%B8%D1%82%D1%81%D0%BA%D0%BE%D0%B3%D0%BE%20%D1%82%D0%BE%D0%BB%D0%BA%D0%B0%20%D0%B8%20%D0%BF%D1%80%D0%B0%D0%B2%D0%BE%D1%81%D0%BB%D0%B0%D0%B2%D0%BD%D0%BE%D0%B5%20%D1%85%D1%80%D0%B8%D1%81%D1%82%D0%B8%D0%B0%D0%BD%D1%81%D1%82%D0%B2%D0%BE.
  2. Konstitutsiya Kirgizskoy Respubliki (Kirgizstan), 2009-09-26da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-01-04
  3. „Қирғизистонда қиз ўғирлашга қарши намойиш ўтказилди — видео“. Bugun.uz. 2021-yil 20-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 8-aprel.
  4. Osh stareyshiy teatr respubliki otmetil svoyo 95-letie
  5. Oni stoyali u istokov, 2015-02-03da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-02-03
  6. Qirgʻizistonqisqacha statistik maʼlumot
  7. „Qirg'izistnning ko'llari“ (ru). www.advantour.com.
  8. „Qirg‘iz ko‘llarining nomlanishi tarixi: kelinning ko‘z yoshlari, cho‘kib ketgan qul“ (qirg'izcha). www.sputnik.kg.
  9. А. Осмоналиевдин редакциясында: „Кыргыз Республикасынын статистикалык жылдыгы“ 474 б. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети (2016).
  10. „2008-жылдын 25-апрелиндеги № 65 "Кыргыз Республикасынын администрациялык-аймактык түзүлүшү тууралу" Кыргыз Республикасынын Мыйзамы“. Кыргыз Республикасынын Юстиция министрлиги. Qaraldi: 2018-yil 21-yanvar.
  11. „Кыргыз Республикасынын демографиялык жылдыгы“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети.
  12. Qirgʻiziston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi
  13. „Бишкек шаары“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  14. „Ош шаары“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  15. „Kirgiz Respublikasinin Prezidentinin rasmiy sayti. Administrativdik-aymaktik bөlүshү“. 2015-yil 8-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-iyul.
  16. „Чүй облусу“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  17. „Ысык-Көл облусу“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  18. „Талас облусу“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  19. „Нарын облусу“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  20. „Жалал-Абад облусу“. Кыргыз Репсубликасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  21. „Кыргызстандагы геральдика и символика. 3-март 2015“. "Вечерний Бишкек" гезити. Qaraldi: 2015-yil 26-dekabr.
  22. „Ош облусу“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.
  23. „Баткен облусу“. Кыргыз Республикасынын Улуттук статистика комитети. Qaraldi: 2020-yil 19-oktyabr.

Kirgizstanda Turizm (Wayback Machine saytida 2013-02-14 sanasida arxivlangan)

Yana qarang

tahrir




  NODES
admin 1
chat 3
INTERN 1
Note 1