Qonun (falsafada) — narsa va hodisalar oʻrtasidagi muhim, zaruriy, barqaror, takrorlanuvchi munosabat. Mazkur munosabat obyektiv voqelikka mansub boʻlsa, u voqelik Qonunlari deb yuritiladi. Voqelik Qonunlarining inson tomonidan oʻrganilib, muayyan nazariy tilgʻa koʻchirilishi fan Qonunlari deyiladi. Shu jihatdan fan qonunlari voqelik qonunlarining tafakkurda inʼikos etilishidir. Fan qonunlari, oʻz navbatida, aks ettiruvchi obʼyektiga koʻra, tabiat qonunlari, jamiyat qonunlari, tafakkur qonunlariga boʻlinadi. Tasodifiy yoki oʻtkinchi munosabatlar esa qonunni asoslashga yetarli emas. Zaruriylik qonunning muhim belgisidir, chunki undan kelib chiqadigan natijalarning yuz berishi muqarrardir. Qonun tushunchasining mohiyati qonuniyat tushunchasiga yaqin turadi. Qonuniyat qonundan farqli ravishda sistemaning oʻzgarishlaridagi barqaror jihatlarni va yoʻnalishlarni ifodalaydi. Shu jihatdan, fanda statistik va dinamik qonuniyatlarga tayanib ish yuritiladi. Dinamik qonuniyatlarda oʻrganilayotgan jarayonlarning kelajagi aniq, muayyan va bir xil koʻrinishda bashorat qilinadi, yaʼni sistemaning kelajakdagi holati uning oldingi holati bilan uzviy bogʻlangan boʻladi. Statistik qonuniyatlarda esa, jarayonlarning kelajagini bashorat qilish ehtimol shaklida boʻlib, muayyan miqdordagi tasodiflar ichidan roʻyobga chiqishi mumkin boʻlgan ehtimollar nazarda tutiladi, yaʼni bunda bir qancha oʻzaro bogʻlangan aloqadorliklar ichidan roʻyobga chiqishi mumkin boʻlgan imkoniyat darajasi ehtimollik bilan chamalab olinadi. Qonunlar obʼyektlar oʻrtasidagi, sistema rivojlanishining turli holatlari va bosqichlari oʻrtasidagi aloqadorliklarni ifodalaydi. Qonunlar oʻzining umumiylik darajasi va taʼsir etish doirasiga koʻra, xususiy umumiy va eng umumiy qonunlarga boʻlinadi. Xususiy Qonunlar narsa va hodisalar oʻrtasidagi nisbatan tor doiragi achoqalarni funknional tarzda aks ettiradi (mas. mexanikada tezliklarni qoʻshish Qonunlari). Umumiy qonunlar narsa va hodisalarning umumiy xossalari oʻrtasida munosabatni, eng umumiy qonunlar esa tabiat, jamiyat, tafakkur rivojining eng umumiy munosabatlarini, tomonlarini, taraqqiyotini, tendensiyalarini ifodalaydi. Butun olam tortishish qonuni umumiy qonunga, olamning rivojlanish qonunlari esa engʻ umumiy qonunga misol boʻlishi mumkin. Umumiy Qonunlar bilan xususiy qonunlar oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik mavjud. Umumiy qonunlar xususiy qonunlar orqali amal qiladi, xususiy Qonunlar esa umumiy Qonunlarning bir koʻrinishi boʻlib, obyektiv xarakterga ega. Qonunlar, birinchidan, narsa va hodisalar va ular orasidagi munosabatlarning mohiyati, sababi, kelib chiqishi, rivojlanish tendensiyasini tushuntiradi; ikkinchidan, Qonun hodisadagi rivojlanish tendensiyasi va yoʻnalishini aks ettirish orqali jarayonlarning kelajagini bashorat qilish funksiyasini bajaradi. Tabiat va jamiyat Qonunlari obyektiv jarayonlarni aks ettiradi. Agar tabiat Qonunlari bizga stixiyali tarzda boʻlib koʻrinsa, jamiyat Qonunlari esa kishilarning ongli faoliyatida namoyon boʻladi. Qonunlarni bilish asosida kelajak haqida bashorat qilish, tabiiy va ijtimoiy jarayonlarni boshqarish mumkin. Tafakkur Qonunlarini mantiq fani oʻrganadi. Qonunlar haqida Forobiy, Xorazmiy, Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Ulugʻbek kabi mutafakkirlar maxsus risolalar yozishgan. Huquqqa doir, xususan, shariat Qonunlariga oid asarlar ichida Burhoniddin Margʻinoniyning "Xidoya" kitobi dunyoga tanilgan. Qonunlarni anglab olish, bilish olamning rivojlanish xususiyatlarini bilib olish va uni oʻzlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.





  NODES