Arslon, jodugar va javon“ (inglizcha: „The Lion, the Witch and the Wardrobe“) (1950) — "Narniya yilnomalari" seriyasining birinchi (xronologik tartib boʻyicha ikkinchi) kitobi. Ushbu kitob Lewisning choʻqingan qizi Lucy Barfieldga bagʻishlangan. Asar 47 tilga oʻgirilgan.[1]

„Arslon, jodugar va javon“
Asl nomi The Lion, the Witch and the Wardrobe
Muallif(lar) Buyuk Britaniya bayrogʻi C. S. Lewis
Bezovchi(lar) Pauline Baynes
Til inglizcha
Qismlar Narniya yilnomalari
Janr(lar)i Fantaziya,
Bolalar adabiyoti
Nashriyot Geoffrey Bles
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1950
Sahifalar soni 208
ISBN ISBN 0-06-023481-4
Keyingisi Shaxzoda Caspian

Qisqacha mazmuni

tahrir
Diqqat! Quyida sujet burilishlari yoki hatto oxiri ham keltirilishi mumkin.

Hikoya 1940-yilda, Ikkinchi jahon urushi paytida boshlanadi. Toʻrt aka-singil Peter, Susan, Edmund va Lucy Pevensie Londondagi Blitsdan qochib qutulish uchun evakuatsiya qilinib, Angliyada oʻz dala-hovlisida yashovchi professor Digory Kirkening uyiga yuboriladilar.

Toʻrt bolakay uyni koʻrib chiqish davomida Lucy bir kiyim javonini ochib qaraydi va Narniya nomli sehrli dunyoni kashf qiladi. U yerda u Janob Tumnus ismli favnni uchratadi. Favn uni oʻz uyiga choyxoʻrlik uchun taklif etadi. U yerda favn Lucy haqida Narniyaning soxta malikasi Oq Jodugarga xabar bermoqchi boʻlganini, ammo keyinchalik fikrini oʻzgartirganini tan oladi. O‘z dunyosiga qaytganida Lucyning aka-opalari uning Narniya haqidagi hikoyasiga ishonishmaydi. Lucyning katta akasi Edmund ham kiyim javoniga kiradi va Oq Jodugarni uchratadi. Oq Jodugar unga turk shirinliklarini berib, uni jodulab qoʻyadi. U Edmundni oʻz aka-singillarini Narniyaga olib kelishga undaydi va Edmund ular ustidan hukmronlik qilishiga ishontiradi. Edmund Lucy bilan Narniyada uchrashib qolib, professorning uyiga birga qaytishadi. Ammo, u Peter va Susanni javon ortida hech qanday Narniya mavjud emas deya aldaydi.

Oxir-oqibat barcha toʻrt bolakay Narniyaga javon orqali tushib qolishadi. U yerda ular Janob Qunduz va Xonim Qunduzni uchratib, ularning uyida kechki ovqat uchun mehmon boʻlishadi. Qunduzlar: „Qachonki Odam Atoning ikki oʻgʻli va Momo Havvoning ikki qizi Kair Paraveldagi toʻrt shohsupani egallasa, shundagina jodugarning hukmronligiga chek qoʻyiladi“, — degan rivoyatni aytib berishadi. Yana, Qunduzlar Narniyaning haqiqiy qiroli — Aslan ismli buyuk sher haqida aytib, u bir necha yillar davomida olisda boʻlganini va endilikda „qaytayotganini“ aytishadi.

Edmund Oq Jodugarga qochib ketadi. Jodugarning qasri tosh haykallar, uning muzlatilgan dushmanlari bilan toʻlgan boʻladi. Qunduzlar Edmund qayerga ketganini anglab, oʻz uyini tashlab chiqadilar va bolalarni Aslan tomon boshlaydilar. Sayohat davomida ular qor eriyotganini, bu degani Oq Jodugarning sehri yoʻqolib borayotganini koʻradilar. Ota Mavludning tashrifi buni tasdiqlaydi. Ota Mavlud uch bolakay va qunduzlarga sovgʻalar ulashadi. Peter qilich va qalqon, Susan gorn va kamon, Lucy sehrli darmon suyuqlik, Xonim Qunduz tikuv mashinasiga ega boʻladi, Janob Qunduzning esa qurilayotgan toʻgʻonlari tugatib beriladi.

Bolalar va Qunduzlar Aslan va uning qoʻshinlari bilan uchrashadilar. Peter Susanga hujum qilgan boʻrini oʻldirib, birinchi jangni oʻtkazadi. Jodugar Aslan bilan suhbat qurishni istaydi va „Eng qadim zamon sehri“ga koʻra u Edmundni sotqin sifatida oʻldirishi mumkinligini aytadi. Aslan u bilan yakkama-yakka gaplashadi va uni Edmundni oʻldirishdan qaytaradi. O‘sha kecha Aslan yashirincha lagerni tark etadi, ammo Lucy va Susan uni ketidan kuzatib borishadi. Aslan oʻz hayotini Edmundning hayotiga almashtirgan boʻladi. Jodugar Aslanni Tosh Stolga bogʻlab qoʻyadi va uni pichoq bilan oʻldiradi. Yanagi tongda Aslan qayta tiriladi.

Aslan Lucy va Susanni oʻz orqasiga oʻtkazib, Jodugarning qasri tomon yoʻl oladi. U yerda u haykallarga puflab, ularni hayotga qaytaradi. Peter va Edmund Narniya qoʻshinlari bilan Oq Jodugar qoʻshinlariga qarshi jang olib borayotgan, ammo magʻlubiyatga uchrayotgan boʻladi. Aslan tirilgan sobiq haykallar bilan yordamga yetib keladi. Narniyaliklar yovuz armiyani yanchib tashlaydilar va Aslan Jodugarni oʻldiradi.

Pevensie bolakaylari Narniyaning qirol va qirolichalari etib saylanadilar: Serhasham Qirol Peter, Sahovatli Qirolicha Susan, Odil Qirol Edmund va Dovyurak Qirolicha Lucy. Bir necha yillardan soʻng voyaga yetgan aka-singillar otlarga oʻtirib, Oq Bugʻuni ovlagani ketishadi. Ular chiroq ustunini koʻrib, uning yoniga borishadi. Chiroq ustunining ketidan shoxlar qish kiyimlariga aylanib qoladi. Aka-singillar kiyim javoniga tushib qolgan va yana bolalarga aylangan boʻlishadi. Ular Professorning uyiga qaytib chiqishadi.

Boblar

tahrir
  1. Lucy Javonni ochib qaraydi
  2. Lucyning kashfiyoti
  3. Edmund va Kiyim Javoni
  4. Turk shirinliklari
  5. Eshikning boshqa tarafi
  6. O‘rmon sari
  7. Qunduzlar bilan oʻtkazilgan kun
  8. Kechki ovqatdan soʻng sodir boʻlgan voqealar
  9. Jodugarning uyida
  10. Sehr soʻzi kuchsizlanmoqda
  11. Aslan yaqinlashmoqda
  12. Peterning birinchi jangi
  13. Eng qadim zamon sehri
  14. Jodugarning xursandchiligi
  15. Eng qadim zamondan ham avvalgi sehr
  16. Haykallar bilan bogʻliq hodisalar
  17. Oq Bugʻu ovi

Personajlar

tahrir
  • Peter Pevensie (Piter Pevensi) — Ikkinchi jahon urushi paytida Londonni tark etgan Pevensie aka-opalari ichida eng kattasi. Avvaliga, Peter Lucyning Narniya haqidagi hikoyalariga ishonmaydi, keyinchalik oʻz koʻzi bilan koʻrganidan soʻng fikrini oʻzgartiradi. Peterni jangdagi jasoratlari uchun qahramon deb atashadi. Oxir-oqibat u Narniyaning Oliy Qiroli etib saylanadi va Serhasham Qirol Peter nomi bilan taniladi.
  • Susan Pevensie (Syuzen Pevensi) — Pevensie bolalari orasida ikkinchi farzand. U ham Narniya mavjudligiga oʻzi koʻrib ishonch hosil qilmagunicha ishonmaydi. U Qirolicha Susan etib saylanadi va Sahovatli Qirolicha Susan nomi bilan taniladi.
  • Edmund Pevensie (Edmund Pevensi) — Pevensie bolalari orasida uchinchi farzand. U Narniyaga tushib qolganida Oq Jodugarni uchratadi, Jodugar unga sehrlangan „Turk shirinliklari“ni beradi. Oq Jodugar vaʼda qilgan kuch va tuganmas „Turk shirinliklari“ga ishongan Edmund aka-opalariga sotqinlik qiladi, ammo oxir-oqibat oʻz harakatlaridan afsuslanib tavba keltiradi. Aslan va Narniya xalqiga Oq Jodugar ustidan gʻalaba qozonishda yordam berganidan soʻng u akasi bilan bir qatorda Narniya Qiroli etib saylanadi va Odil Qirol Edmund nomi bilan taniladi.
  • Lucy Pevensie (Lyusi Pevensi) — Pevensie bolalari ichida eng kichigi. U Professor Kirkega tegishli kiyim javoni orqasida Narniya mamlakatiga duch keladi. Bu haqda aka-opalariga aytgan mahal, ular Lucyga ishonishmaydi, ayniqsa Edmund — uni ayovsiz masxara qiladi. Narniya tiklanganidan soʻng Lucy opasi bilan bir qatorda Narniya Qirolichasi etib saylanadi va Dovyurak Qirolicha Lucy nomi bilan taniladi.
  • Mr. Tumnus (Janob Tumnus) — favn, Lucy Narniyada uchratgan eng birinchi shaxs. Tumnus uni Jodugardan yashiradi. Bu unga muammolar keltiradi, oqibatda u hibsga olinib, toshga aylantiriladi. Keyinchalik u Aslan tarafidan hayotga qaytariladi va Pevensielarning yaqin doʻsti boʻlib qoladi.
  • Malika Jadis, Oq Jodugar — Narniyaning oʻzboshimcha saylanib olgan qirolichasi. Oʻta qattiqqoʻllik bilan boshqarib, u Narniyada abadiy qishni oʻrnatadi va hech qachon Rojdestvo kelmaydigan qilib qoʻyadi. U Narniyaga sotqinlik qilgan istalgan kishini oʻldirish huquqiga ega va bu tez-tez sodir boʻlib turgan. Uning sehrli tayoqchasi odam va hayvonlarni toshga aylatira oladi. Oq Jodugarni yagona qoʻrqinchi bu: „Odam Atoning ikki oʻgʻli va Momo Havvoning ikki qizi Narniyaga keladi va Aslan bilan ittifoqlashib Oq Jodugarni agʻdaradilar“, — deb aytilgan bashorat edi. (Oq Jodugar dastlab Jodugar jiyani kitobida paydo boʻladi).
  • Aslan — arslon, u Narniyadagi barcha narsani muvozanatda ushlab turadi. U Edmundni qutqarish uchun oʻzini qurbonlikka keltiradi va belgilangan payt kelganda Oq Jodugarga qarshi jangda Narniya xalqi va Pevensie bolalariga yordam berish uchun qayta tiriladi.
  • Professor Kirke (Professor Kirk) — Londondan evakuatsiya qilingan Pevensielarga boshpana bergan professor. U Lucy haqiqatda ham Narniyani topganiga ishongan yagona odam, chunki oʻzi ham bolaligida u yerda boʻlgan, shu tufayli Kirke boshqa Pevensielarni ham Lucy haqiqatiga ishontirishga harakat qiladi. U shuningdek, Jodugar jiyani kitobidagi bosh qahramon — Digory Kirke
  • Mr. Beaver (Janob Qunduz) — Tumnus bilan doʻst, u Oq Jodugarga qarshi kurashishga harakat qiladi va Tumnus, Lucy, Susan, Peterlarni izlab topadi.
  • Mrs. Beaver (Xonim Qunduz) — Janob Qunduzning xotini. U Pevensielarga yaxshi yeguliklar tayyorlab yordam beradi, shuningdek, u juda optimistik ruhda.
  • Pakana odam — Oq Jodugarning oʻng qoʻli. Kitobda ismsiz boʻlgani bilan, filmda uning ismi Ginnabrick.
  • Maugrim — Oq Jodugar tomonidan Pevensie bolalariga qarshi ovga yuborilgan boʻri. U Narniyaning mirshabi, „Peterning birinchi jangi“ qismida Peter tomonidan oʻldiriladi.

Kitobning keng ommaga taqdim etilishi

tahrir

Lewis „Arslon, jodugar va javon“ kitobini yozganidan juda mamnun boʻldi va tez orada Shahzoda Caspian asarini yozishni boshladi. U ushbu sikvelni bir yildan kam vaqt ichida, 1949-yilning oxiriga qadar bitirib boʻldi. „Arslon, jodugar va javon“ 1950-yilgacha keng ommaga taqdim etilmagan edi.[2]

Hozirda Lewis Narniya hikoyalari tufayli juda muvaffaqiyatli bolalar yozuvchisi boʻlib hisoblansa-da, avvaliga u tanqidlarga uchragan edi. U paytda bolalar uchun hikoyalar realistik ruhda yozilishi urfga kirgan edi. Fantaziya va sehr-jodu haqida ertaklar faqatgina juda yosh kitobxonlar uchun atalgan boʻlib, yoshi kattaroq bolalar uchun xavfli, ularning kundalik hayotiga zarar keltiradi, deb sanalar edi. Baʼzi tanqidchilar kitobni oʻta tarbiyaviy, masihiylik elementlari juda koʻp ishlatilganligi sababli bolalarni oʻziga qaratib olishi mumkin deb aytganlar. Boshqalar esa asardagi zoʻravonliklar bolalarni qoʻrqitib yuborishi mumkin deya xavotir olganlar.[3]

Lewisning nashriyotchisi Geoffrey Bles Narniya hikoyalari sotila olinmay, Lewisning obroʻsiga putur yetkazishi hamda uning boshqa kitob sotuvlariga taʼsir qilishidan xavotir olgan edi. Shunga qaramay, ushbu asar va uning davomchilari yosh kitobxonlar orasida katta muvaffaqiyatga erishadi va Lewisning nashriyotchisi Narniya haqidagi qolgan hikoyalarni chop etishga oshiqadi.[4]

2005-yili asar Time jurnalining „1923-yildan boshlab yozilgan eng yaxshi 100 ta ingliz tilidagi asarlar roʻyxati“ga kiritiladi.[5]

Ekranizatsiyalar

tahrir

Multfilm

tahrir

Kinofilm

tahrir

Qiziqarli dalillar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Translations of the Chronicles of Narnia by C.S.Lewis
  2. Veith, Gene. The Soul of Prince Caspian: Exploring Spiritual Truth in the Land of Narnia. David C. Cook, 2008 — 11–12-bet. 
  3. Veith, Gene. The Soul of Prince Caspian: Exploring Spiritual Truth in the Land of Narnia. David C. Cook, 2008 — 12-bet. 
  4. Veith, Gene. The Soul of Prince Caspian: Exploring Spiritual Truth in the Land of Narnia. David C. Cook, 2008 — 13-bet. 
  5. Grossman, Lev; Richard Lacayo.. „All-Time 100 Novels: The Complete List“. Time. 2008-yil 13-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 16-may.
  6. 6,0 6,1 http://narnia-land.narod.ru/

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (13 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 11-iyul, 2022-yil(2022-07-11) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

  NODES