Toʻyingan uglevodorodlar

(Toʻyingan uglevodoroddan yoʻnaltirildi)

Toʻyingan uglevodorodlar – uglevodorodlarning gomologik qatori, umumiy formulasi CnH2n+2. Atsiklik birikmalar sinfiga mansub; eng oddiy vakili – metan CH4; bu qatordagi har qaysi keyingi azo oʻzidan oldingi uglevodoroddan CH2 guruh (gomolog) bilan farqlanadi. Qatorning boshlangʻich 4 aʼzosining nomi – metan CH4, etan C2H6, propan C3H8, butan C4H10; keyingi gomologlarning nomi yunoncha sanoq sonlar bilan ifodalanadi, masalan, C5H12— pentan,C6H14-geksan C8H18— oktan, C10H22—dekan, C16H34— setan. Barcha toʻyingan uglevodorodlar ning nomiga „an“ qoʻshimchasi qoʻshib aytiladi. Toʻyingan uglevodorodlarning molekulalaridagi uglerod atomlari bir-biriga oddiy bogʻ bilan bogʻlangan. Butangacha boʻlgan Toʻyingan uglevodorodlar va neopentan – rangsiz gaz, C5N12 dan to C17N36 gacha —suyuqlik, undan keyingilari qattiq moddalardir. Toʻyingan uglevodorodlar suvda erimaydi, koʻpchilik organik erituvchilarda yaxshi eriydi. Toʻyingan uglevodorodlar kimyoviy jihatdan inert, shuning uchun ham ularga parafinlar deb nom berilgan. Lekin nisbatan qattiq sharoitda ulardagi vodorod atomlari boshqa atom va guruxlarga almashinishi mumkin; ana shu reaksiyalar asosida koʻpgina muhim sanoat mahsulotlari olinadi; chunonchi: toʻyingan uglevodorodlarni xlorlab, metilxlorid, metilenxlorid, xloroform; nitrolab—nitroparafinlar; quyi toʻyingan uglevodorodlarni oksidlab spirt, aldegid, keton va kislotalar olinadi. Toʻyingan uglevodorodlarni katalitik degidrogenlab olefinlar (propilen, butenlar), diolefinlar (butadiyen, izopren), izomerlab izobutan va izopentan hosil qilinadi. Toʻyingan uglevodorodlar toshkoʻmir, yonuvchi slanetslarni haydab ham olinadi. Toʻyingan uglevodorodlar neftda (5—60%), oʻsimliklarda, asalari mumida boʻladi. Ozokerit deyarli yuqori toʻyingan uglevodorodlardan iborat; tabiiy gazda 99% gacha metan bor. Toʻyingan uglevodorodlar plastmassalar, sintetik kauchuk va tolalar, yuvuvchi moddalar olishda muhim xom ashyo hisoblanadi; erituvchilar sifatida qoʻllanadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. „Toʻyingan uglevodorodlar“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

2. ORGANIK KIMYO – G. A.IXTIYAROVA, M. A.ESHMUHAMEDOV, R. I.ISMAILOV, U. K.URINOV, T.:2019 (link[sayt ishlamaydi])


  NODES