SKOTT (Scott) Valter (1771.15.8, Edinburg — 1832.21.9, Abbotsford) — ingliz yozuvchisi, tarixiy roman janrining asoschisi. 1799-yildan Selkirk grafligida sherif, 1806-yildan sud kotibi boʻlib ishlagan. Ilk asari — „Ivan oqshomi“ (romantik ballada, 1800). Shotland xalq balladalarini toʻplab, 3 jildli toʻplamini (1803) nashr etgan. Skott 9 ta doston, 26 ta roman, bir nechta qissa hamda adabiytanqidiy va tarixiy asarlar muallifidir.

Scott (1822)

Skottning 1745-yilda Angliyada roʻy bergan tarixiy voqea — yakobitlar qo'zgʻoloniga bagʻishlangan „Ueverli“ romani (1814) unga katta shon-shuhrat keltirgan. Skottning romanlari orasida shotland xalqi hayotidan olingan „Puritanlar“ (1816) va „Rob Roy“ (1—3-jildlar, 1818) asarlari alohida ahamiyatga ega. Agar 1 romanida 1660-yilda tarix sahnasiga qayta chiqqan styuartlar sulolasiga qarshi 1679-yilda koʻtarilgan qoʻzgʻolon tasvirlangan boʻlsa, „Rob Roy“ asarida „shotland Robin Gudi“ — xalq qasoschisi obrazi yaratilgan. Skottning romanlaridagi Ueverli va Rob Roy obrazlari, garchand markaziy qahramonlar hisoblansalar-da, aslida bir-birlari bilan kurashayotgan turli siyosiy kuchlarni oʻzaro bogʻlovchi koʻprik vazifasinigina bajaradilar.

1819-yildan keyin Skottning ijodida roʻy bergan siljish natijasida yozuvchi asarlarining mavzu doirasi ancha kengaygan. Skott Angliya, Fransiya, Oʻrtayer dengizi mintaqasidagi mamlakatlar hayotiga ham murojaat etgan. Oʻrtayer dengizi tevaragida yashovchi xalqlar hayoti Skottning "Tumor" (1825) va „Graf Robert Parijli“ (1832) romanlarida oʻz ifodasini topgan. Angliyaning 12-asr oxiridagi, Fransiyaning Lyudovik XI davridagi tarixi bilan boglik voqealar esa "Ayvengo" (1—3j.lar, 1820), „Kenilvort“ (1—4-jildlar, 1823), „Vudstok“ (1-3-jildlar, 1826), „Pert guzali“ (1828) romanlarida katta mahorat bilan talqin qilingan. Soʻnggi asarlari tarixiy roman janrining shoh namunalari hisoblanadi. Skottning bu asarlarida Angliya va Shotlandiyada yagona milliy davlatning tashkil topish jarayonini kuzatish bilan birga (masalan, „Ayvengo“ asarida) jamiyatdagi turli qatlamlarning maishiy va maʼnaviy hayotini tasvirlashga (masalan, „Kenilvort“ asarda) katta eʼtibor bergan.

Skottning 20-yillar ijodida tanqidiy realizm ruhidagi „Sent Ronan soylari“ (1-3-jildlar, 1824) romanidan tashqari, tarixiy va tarixiy-adabiy mavzudagi „Napoleon Bonapart hayoti“ (1-9-jildlar, 1827), „Shotlandiya tarixi“ (1-3-jildlar, 1830), „Lord Bayronning oʻlimi“ (1825) singari asarlari muhim oʻrin egallaydi. Skott tarixiy roman janrining qonun-qoidalarini ham joriy etgan. Skott boshlab bergan tarixiy roman janri 19-asrning 2-yarmida Yevropa, 20-asr boshlarida Osiyo xalqlari adabiyotida keng rivoj topdi. Uning ayrim hikoyalari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Manbalar

tahrir
  • Sobraniye sochineniy, t. 1—20. M.L., 196065.

Adabiyot

tahrir
  • Pirson X., Valter Skott, M.. 1983.




  NODES
Done 1