Piyoz (Allium) – loladoshlar oilasiga mansub ikki yillik va koʻp yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumiga kiradi, sabzavot va manzarali ekin. Shimoliy yarim sharda 500 ga yaqin turi maʼlum. Eng koʻp turlari Oʻrta Osiyo, Kavkaz, Sharqiy Sibirda, kamroq turi Yevropada va Uzoq Sharqda uchraydi. Oʻzbekistonda piyozning doyra piyoz (qirqbarg piyoz), piskom piyoz (togʻ piyoz), koʻrimsiz piyoz, gʻadir-budur piyoz, havorang piyoz (gulpiyoz), yovvoyisarimsoq piyoz, sarimsoq piyoz (sarimsoq), shubert piyoz (choʻchqa piyoz), qoratov piyoz (choʻchqaquloq), novcha piyoz (anzur piyoz), chimyon piyoz, seversov piyoz kabi 15 hil yovvoyi turi oʻsadi. Asosan, 6 hil turi – osh piyoz (vatani Oʻrta Osiyo va Afgʻoniston), batun piyoz (vatani Sharqiy Sibirning janubi), porey piyoz (vatani Oʻrta dengiz boʻylari) va boshqa yerlarda ekib yetishtiriladi.

Piyoz
Biologik klassifikatsiya
Olam: Oʻsimlik

Eng koʻp tarqalgan turi osh piyoz (A. cepa L.) tuproq unumdorligiga gʻoyat talabchan, sovuqqa chidamli va oʻta namsevar sabzavot ekini. Oʻrta Osiyodan tashqari AQSH, Bolgariya, Ispaniya, Misr, Fransiya, Italiya va Yaponiya mamlakatlarida koʻp ekiladi. Oʻzbekistonda 2 yillik, ayrim mamlakatlarda 2 va 4 yillik ekin. Piyoz boshlari yapaloq, uzunchoq yoki yumaloq. Tarkibida (navlariga qarab) 2,4—14% qand, 2—13,9 mg% S vitamini, efir moyi, bargida esa 19—57,7 mg% S vitamini, shuningdek, A, V, V2 vitaminlari va 1,3—5,9 mg% Allinium pro-vitamini, limon va olma kislotalar, fitonsidlar va boshqa vitamin, moddalar mavjud.

Piyoz boshi poyasining shoxlanishiga qarab kam, oʻrtacha va koʻp uyali navlarga ajratiladi. Kam uyali navlar 1, ayrim hollarda 2, oʻrta uyali navlar 2— 3, koʻp uyali navlar 5 va undan koʻp piyozboshlar hosil qiladi. Taʼmiga koʻra, osh piyoz navlari achchiq, yarim achchik va chuchuk turlarga ajratiladi.

Piyoz asosan, oziq-ovqatda ishlatilinadi. Tabobatda esa oshqozon-ichak, nafas oʻrganlari va yurak-tomir sistemasi kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Osh piyoz bir yoki bir necha generativ va vegetativ kurtaklar joylashgan qisqa poyadan iborat. Guli ikki jinsli. Ildizi popuk ildiz. Urugʻi uch qirrali, 1000 donasi 2,5—4 g. Piyoz janubiy, gʻarbiy, sharqiy kenja turlarga boʻlinadi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston janubida janubiy va qisman gʻarbiy kenja turga oid mahalliy navlar tarqalgan. Bularga Andijon oq piyozi (yirik, oq), Samarqand qizil 172 piyozi (dumaloqyassi, qizil), margʻilon piyozi yoki tuxum piyoz (choʻzik, tuxumsimon, oq), Qoratol piyoz (dumalok, tillarang), Farobi (yirik, dumaloqyassi, oq), Kaba 132 (yirik, dumaloq, jigarrangsarik), Tungani-56 (dumaloqyassi, toʻq binafsharang) va Ispan 313 (yirik, dumaloq, och sarik) piyozlari va boshqa turlari kiradi.

Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekistonda 1-yili dalaga urugʻi sepilib, isteʼmol uchun osh piyoz (boshpiyoz) olinadi. 2-yili bosh piyoz ekilib, urugʻ olinadi. Oʻzbekiston sharoitida piyoz ekiladigan yer iloji boricha begona oʻtlar chiqmaydigan qilib tayyorlanadi, kuzgi shudgor erta oʻtkaziladi, kultivatsiya qilinadi, mola bosiladi. Piyoz ekiladigon yerning gektariga 20—25 t chirigan goʻng, texnologiya talablariga koʻra mineral oʻgʻitlar solinadi. Oʻrta Osiyoda piyoz 3 muddatda: erta koʻklamda (fevral oxiri – mart boshlarida) yozi kuzda (avgust oxiri – sentyabr boshlarida) va kechki kuzda (noyabrda, „toʻqson bosdi“) ekiladi.

Piyoz sabzavot va dala almashlab ekish tizimida yetishtiriladi. Eng yaxshi oʻtmishdoshlar – karam, pamidor, bodring, kuzgi don ekinlari mangʻizi, kartoshka. Oʻsuv davrida oziqlantiriladi, sugʻoriladi (yer osti suvlari chuqur joylashgan boʻz tuproqli yerlarda 12, oʻtloq botqoqli tuproqlarda 7-8 marta), qoʻlda yoki kimyoviy usulda oʻtoq qilinadi. Sentyabr oxiri – oktyabr boshlarida qazilib, avval dalada, keyin usti yopiq joylarda quritiladi va saralanadi, har hil chiqindilardan tozalaniladi. Hosildorligi 120 dan 400—600 s/ga. Urugʻ olishda saralangan, navdor piyoz boshi (noʻsh) egatlarga ekiladi. Mayda piyoz boshchalarini noʻsh qilib erta bahorda koʻkpiyoz va yoz boshida bosh piyoz olish uchun piyoz boshi (noʻsh) kesiladi. Piyoz urugʻi iyun oxiri – iyul boshlarida yetiladi. Gektaridan oʻrtacha 3—5 s, ayrim xoʻjaliklarda 10 s gacha urugʻ olinadi.

Asosiy zararkurandalari piyoz pashshasi, tamaki shirasi, piyoz parvonasi kasalliklari, boʻyin chirishi, soxta kul, qorakuya hasharoti, virus kasalliklari.

Osh piyoz va uning noʻshidan tashqari, piyozning batun, porey, shnitt, shalot va juda koʻp boshqa turlari ham oziq-ovqatda ishlatilinadi. Batun piyoz, (Alliniumfi stulosum) piyoz bosh tugmaydigan koʻp yillik oʻsimlik. Bir joyda 3 – 4 yil oʻsadi (Salatniy 35 navi). Barglari 25—30 sm boʻlganda— may oxirida yigʻishtirilinadi. Hosildorligi 300 s/ga. Porey piyoz (Allinium porrum)— piyozbosh tugmaydigan koʻp yillik oʻsimlik. Uzun nishtarsimon bargli, soxta poyali koʻp yillik oʻsimlik. Hosildorligi 250 s/ga. Shnitt (Sibir) piyoz (Allinium scho-enoprasum) – vatani Janubiy Osiyo boʻlgan koʻp yillik oʻsimlik. Kam miqdorda yetishtiriladi. Kuchli shoxlanadi – 3 yoshlisi 50 tagacha barg chiqaradi. Bargida 70–105 mg% S vitamini bor. Sovuqqa oʻta chidamli, hosildorligi 150—200s/ga. Shalot piyoz (Allinium ascalonicum) – vatani Janubiy Osiyo boʻlgan koʻp yillik oʻsimlik. Piyoz boshchalari mayda, asosan Kavkazda ochiq va yopiq (himoyalangan) tuproqqa bahorda ekiladi. Piyozning vegetativ koʻpayadigan sarimsoq piyoz (Allinium sativum) turi qimmatli sabzavot ekini (qarang Sarimsoq). Piyozning ayrim yovvoyi turlari bargi yoki piyozboshi isteʼmol qilinadi, piskom piyozi (Allinium pskemens) kabi boʻyi 1 m ga boradigan ayrim turlari manzarali bogʻdorchilikda ekiladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



  NODES