Apennin yarim oroli

Janubiy Yevropadagi yarim orol

Apennin yarim oroli — Jan. Yevropadagi yarim orol. Maydoni 149 ming km², eni 130 — 300 km, uz. 1100 km. Apennin yarim orolio.ning janubida Kalabriya va Salenti-na, sharqida Gargano yarim orol bor. Apennin yarim orolio. Yev-ropaga Apennin togʻlari va Lombardiya pasttekisligi orqali tutashgan. Sitsi-liya o.dan tor Messina boʻgozi bilan aj-ralgan Apennin yarim orolio. ni gʻarbda Tirren, sharqda Adriatika, janubida Ioniya dengizlari oʻrab turadi. Sharqiy sohillari shimolida botqoq va lagunalar kup, janubiy ba-land hamda togʻli, gʻarbiy sohillari esa oʻydim-chuqur, tik va koʻp joylarda jarlikdan iborat. Apennin yarim orolio.ni boshdan-oyoq Apennin togʻlari egallagan. Tirren den-gizi sohili yaqinida vulkan (Vezuviy, Flegrey va boshqalar) koʻp. Sohil kambar pastte-kisliklardan iborat. Apennin yarim orolio. Yevropaning subtropik mintaqasiga kiradi. Iqlimi iliq, yozi uzoq, issiq va quruq; Oʻrta den-giz buyiga xos doim yashil oʻsimliklar oʻsadi. Tekislik va togʻ oldi qismlarini madaniy landshaft tashkil etadi. Apennin yarim orolio.da Italiya (hududini 73 qismi), Vatikan, San-Marino davlatlari joy-lashgan.

Geografiyasi

tahrir

Apenin o’lkasi O’rta dengiz Yevropasining markaziy qismida joylashgan bo’lib, dengiz ichki qismiga ancha kirib borgan. Uning hududi Apenin yarim oroli, Sisiliya, Sardiniya va Korsika orollari hamda Tirren dengizidagi mayda orollardan tashkil topgan. Apenin yarim oroli shimoli-g’arbdan janubi-sharqqa tomon 1100 km masofaga cho’zilgan. Kengligi 300 km dan janubda 130 km gacha qisqaradi, maydoni 149000 km2 . Uning janubida Klabriya va Salentina, sharqida Gargano yarim orollari bor. Yevropaning asosiy qismi bilan Alp tog’lari va Padana pastekisligi orqali tutashgan. Yarim orolni g’arbda Tirren, sharqda Adriatika, janubda Ioniya dengizlari o’rab turadi. Yarim orolning qirg’oqlari kam parchalangan. Sharqiy qirg’oqlarining shimoliy qismida lagunalar va botqoqliklar ko’p, janubiy qismi baland va tog’li. G’arbiy qirg’oqlari nisbatan kuchliroq parchalangan, tik, ko’p joylarda jarliklardan iborat bo’lib tekis qirg’oqlar bilan almashinib turadi. Apenin yarim orolining deyarli hamma qismini kuchli parchalangan o’rtacha balandlikdagi Apenin tog’lari egallagan va shimolda Genuya qo’ltig’i sohillari va Padana pastekisligidan boshlanib, janubda Messina bo’g’izigacha davom etadi. Faqat sohil bo’ylab kambar pastekisliklar joylashgan. Apenin tog’larining orografik tuzilishi va relef shakllari xilma-xil. Uning asosiy qismi alp burmalanishi natijasida vujudga kelgan. Kaledon va gertsin burmalanishlari Kolabriya Apeninida, Korsika, Sardiniya va Sisiliyaning shimolida yuz bergan. Shuning uchun paleozoy va alp strukturalarining litologik tarkibi bir-biridan farq qiladi. Paleozoy strukturalari asosan kristall va metamorfik jinslardan, alp strukturalari mezozoy va kaynozoyning ohaktoshlari, mergellari, qumtoshlari, gilli slaneslari va flishlardan tuzilgan. Binobarin, Apenin tog’lari relef shakllariga, tektonikasiga va litologik tarkibiga ko’ra uch qismga - Shimoliy, Markaziy va Janubiy Apeninlarga bo’linadi. Shimoliy Apenin Liguriya, Toskaniya va Apuan Apeninlarini o’z ichiga olib, janubda Arno daryosining yuqori oqimigacha davom etadi. Bu tog’lar asosan paleogenning gil yotqiziqlaridan va qisman qumtosh hamda konglomeratlardan tuzilgan. Tog’lar bo’ylama va ko’ndalang daryo vodiylari bilan kuchli kesilgan, tik yonbag’irli ko’pchilik cho’qqilari 1500- 2000 m dan oshmaydi. Eng baland nuqtasi Chimona tog’ida 2163 m ga teng. Tog’ yonbag’irlarida jarlar, surilmalar keng tarqalgan. Apuan tog’lari yirik oq marmar konlari bilan mashhur. Tog’lar orasida tektonik harakatlar natijasida chuqur botiqlar hosil bo’lgan. Shimoliy Italiyaning ko’plab aholi punktlari ana shu botiqlarda joylashgan. Markaziy Apenin Arno va Kalore daryolari oralig’ida joylashgan Umbriya-Marke Apenini, Abrutstso Apenini va Sobin Apeninidan tashkil topgan va ular Apenin tog’larining eng baland va kengaygan qismi hisoblanadi. Bu tizmalar asosan mezozoyning ohaktoshlaridan tuzilgan bo’lib, ular qat-qat burmalangan, tektonika ta’sirida kuchli parchalanib bir necha massivlarga bo’linib ketgan. Massivlar bir-biridan tektonik botiqlar va tektonik vodiylar bilan ajralgan. Ularning yonbag’irlari ko’pchilik joylarda jarliklar hosil qilgan, tik va yalong’och. Baland cho’qqilarda muzlik relef shakllari ham uchraydi. Markaziy Apeninning eng baland nuqtasi Gran-Sasso-d Italiya massividagi Korno tog’i dengiz sathidan 2914 m ko’tarilgan. O’rmonlarniig ko’plab kesilib ketishi karst jarayonini faollashtirgan, shuning uchun karst relef shakllari va karst tipidagi ko’llar yaxshi rivojlangan. Janubiy Apenin Neapol yaqinidagi Kalore vodiysidan boshlanib Kalabriya Apeninigacha davom etadi. Bu tog’lar bo’ylama cho’zilgan ikkita polosadan-g’arbi Neapol Apenindan va sharqi Lukan Apeninidan iborat. Neapol Apenini Markaziy Apeninga o’xshash mezozoy ohaktoshlaridan tarkib topgan, maksimal balandligi 2000 m dan oshadi. Lukan tog’larining tuzilishida paleogenning slaneslari, gillari va qumtoshlari ishtirok etadi. Uning eng baland nuqtasi Serra-Dolchedorme (2271m) cho’qqisidir. Janubiy Apeninning shimoli-g’arbiy qismida Neapol vulkanik hududi vujudga kelgan. Unda maksimal balandlik 1281 m bo’lgan harakatdagi Vezuviy vulkani joylashgan. Vezuviyning miloddan oldingi dahshatli otilishlari natijasida uning etaklarida bunyod etilgan Pompeya, Gerko’lanim va Stabiya shaharlari butunlay vayron bo’lib, lavalar tagida qolib ketgan. Janubiy Apeninning sharqiy qismida Gargano yarim orolidan Salentina yarim orolitacha cho’zilib yotgan va ohaktoshlardan tuzilgan Gargano (1056 m), Le-Murdje (686 m) va Apuliya platolari joylashgan. Apenin tog’ tizmalari, jumladan Janubiy Apenin burmali tog’lari Krati daryo vodiysigacha cho’zilgan. Undan janubda Apenin tog’larining orografik jihatdan janubiy davomi bo’lgan qadimiy granit, gneys va kristall slaneslardan tarkib topgan Kalabriya Apenini joylashgan. Kalabriya tipik burmali-palaxsali tog’lardan iborat bo’lib, o’rtacha balandlikdagi yassi tog’liklar va tog’oralig’i botiqlari ham uchraydi. Uning balandligi 2000 m ga yetmaydi. Sisiliya orolidagi Nebrodi va Le-Madonne tog’lari Apeninning janubiy tektonik davomi hisoblanadi. Orolning sharqiy qismida harakatchan Etna vulkani dengiz sathidan 3340 m baland. Bu butun Apenin landshaft o’lkasining ham eng baland nuqtasidir. Sisiliyadan shimol tomonda vulkanik Lipar orollar guruhi joylashgan. Tirren sohilidagi rudali tog’lardan temir rudasi qazib olinadi. Korraradan qazib olinadigan oq marmar dunyoga mashhur. Kalabriyaning kristall jinslari qurilish va pardozlash materiallari sifatida ishlatiladi. Markaziy Apenindan qo’ng’ir ko’mir va lignit, Abrutstso tog’laridan boksit va bitumli slanes qazib olinadi. Sitsiliyada neft va oltingugurt konlari bor. Apenin yarim oroli uchun subtropik mintaqaning o’rta dengiz iqlim tipi xarakterli. Bu tipdagi iqlim ayniqsa dengiz sohillarida hukmronlik qiladi. Tog’ tizmalarida balandlik iqlim mintaqalari shakllangan. Iqlim sharoiti ikki yo’nalishda shimoldan janubga va g’arbdan sharqqa tomon muayyan ravishda o’zgarib boradi. G’arbda iqlim sharqqa nisbatan iliqroq va namroq. Iqlimning o’zgarishida, ayniqsa atmosfera yog’inlarining taqsimlanishida orografik tuzilish katta rol o’ynaydi. Apeninning Liguriya sohillarida qish iliq va yoz issiq, yanvarning o’rtacha harorati +8°S, iyulniki +24°S ga teng. Yillik yog’in miqdori 3000-3400 mm gacha boradi, sovuq va qorli kunlar deyarli bulmaydi. Bu tor polosa Italiya Riverasi deb yuritiladi. Undan janubda Florentsiya va Rim kengliklari oralig’ida joylashgan hududda iqlim Riveraga qaraganda unchalik yumshoq emas. Yanvarning o’rtacha harorati +5°,+6°S, iyulniki +24°,+25°S. Yillik yog’in miqdori g’arbda 1000 mm dan oshsa, sharqda 500 mm ga ham yetmaydi. Eng issiq joy yarim orolning janubiy qismi va Sisiliya orolidir. Iyulning o’rtacha harorati +28°S, yanvarniki +10°,+12°S ni va yillik yog’in miqdori 600 mm ni tashkil etadi. Eng kam yog’in Adriatika dengizi sohillarida, ayniqsa Salentina yarim orolida kuzatiladi. Yog’in miqdori 400-500 mm dan oshmaydi. Tog’larda 700-800 m balandlikda eng issiq oyning o’rtacha harorati +20°S atrofida. Yanvarning 0°S li izotermasi shimolda 500 m va janubda 1000 m balandlikdan o’tadi. Etna cho’qqisida qor 8-9 oygacha saqlanadi. Apenin yarim oroli daryolari qisqa, kam suvli, aksariyatining suvi yoz oylarida juda kamayib qoladi. Ularning suv rejimi bir xil emas. Shimoldagi daryolar bahor va kuzda, janubdagi daryolar qishda yomg’ir suvlaridan to’yinib to’lib oqadi. Daryolari O’rta dengiz havzasidagi Liguriya, Tirren, Ioniya va Adriatika dengizlariga quyiladi. Eng katta daryosi Tibr Markaziy Apenin tog’laridan boshlanib, Tirren dengiziga quyiladi. Uzunligi 405 km, havzasining maydoni 17170 km2 . Kemalar daryolarning quyilish joyidan Rimgacha qatnaydi. Qolgan daryolari - Arno, Ombrane, Gorilyano, Kalore, Ofanta, Krata va boshqalar Tibrga nisbatan ancha kichik. Apeninda uncha katta bo’lmagan ko’llar ham bor. Bular Trazimen, Bolsena, Brachchano, Lezima va Varano kabi karst ko’llaridir. Apenin yarim orolining nam iqlimli shimoliy hududlari uchun o’rmon qo’ng’ir tuproqlari xarakterli. Kserofit o’rmonlarda va butazorlarda jigar rang tuproqlar keng tarqalgan. Ayniqsa qo’ng’ir va jigar rang tuproqlarning karbonatli turlari katta maydonni egallagan. Neapol vulkanik hududidagi vulkanik jinslarda serhosil tuproqlar shakllangan. Terassalarda qizil tuproqlar hosil bo’lgan. Apenin landshaft o’lkasining florasi O’rta dengiz Yevropasining boshqa o’lkalari florasidan shu bilan farq qiladiki, uning tarkibida Markaziy Yevropa, Osiyo va Afrikaga xos o’simlik turlari kam uchraydi. Apenin o’rmonlari uzoq o’tmishdan boshlab kishilar tomonidan ayovsiz kesish jarayonini boshdan kechirib kelgan. Ayniqsa dengiz sohillaridagi va Markaziy Apenindagi o’rmonlar butunlay yo’q qilib yuborilgan, hozirgi paytda yarim orolning o’rmonlar bilan band bo’lgan maydoni atigi 20% ni tashkil etadi. O’rmon massivlari Apeninning shimoliy qismida va janubda Kalabriya yarim orolida yaxshi saqlangan. Shimolning flora tarkibida bargini to’kadigan daraxtlar va butalar yetakchi rol o’ynaydi. Doimiy yashil o’rmonlar va makvislar g’arbda Livorno hududidan boshlab, sharqda Ankonadan janubda paydo bo’la boshlaydi. Butazorlar ikkilamchi o’simliklar bo’lib, ular kesib yuborilgan o’rmonlar o’rnida vujudga kelgan. Daryo vodiylari bo’ylab sambitgullar (tolgullar) keng tarqalgan. Kuchli botqoqlangan qumoq qirg’oqlarda, Toskaniya va Rim Maremmasida Italiya qarag’ayi ekilgan. Madaniy o’simliklar ichida zaytun daraxtlari, don ekinlari, tokzorlar ko’pchilikni tashkil etadi. Rimdan janubda sitrus o’simliklari - apelsin, mandarin va limon plantasiyalari boshlanadi. Ayniqsa, Kalabriya yarim oroli va Sitsiliya o’zining apelsin va mahalliy limon plantasiyalari bilan mashhur. Italiya Riverasi manzarali o’simliklarga boy. Sohil bo’ylab palmalar hiyoboni cho’zilgan. Katta maydonlarda apelsinzorlar, zaytunzorlar, anjirzorlar, tokzorlar barpo etilgan. Apenin meredian bo’ylab uzoq masofaga cho’zilganligi munosabati bilan tog’lardagi mintaqalarning balandlik chegaralari shimol va janubda har-xil. Doimiy yashil o’rmonli va butazorli quyi mintaqaning yuqori chegarasi shimolda 300-500 m va janubda 700-800 m dan o’tadi. Bu mintaqadan yuqorida shimolda 800-1000 m va janubda 1000-1500 m balandlikkacha kashtan, eman, grab, jo’ka, buklardan tashkil topgan keng bargli o’rmonlar mintaqasi joylashgan. O’rmonlarning quyi yarusida doimiy yashil flora vakillari uchraydi. Undan yuqorida shimolda 1300- 1400 m gacha va janubda 1800-2000 m gacha bo’lgan balandliklarda igna bargli, buk va eman aralash o’rmonlar mintaqasi joylashgan. Apenin tog’lari uncha baland bo’lmaganligi sababli subalp va alp o’tloqzorlari juda kam uchraydi. Ular faqat eng baland cho’qqilardagina bor. Etna vulkani yonbag’irlari uchun relikt o’simliklar xarakterli. Bu yerda muzlik davridan saqlanib qolgan relikt qarag’ay o’sadi.

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]



  NODES