Buxoroyi sharif (Sharofatli Buxoro) — qad. Buxoroning keng tarqalgan nomlaridan biri.

Oʻrta asrlarda jahondagi 7 shahar: Makka, Madina, Quddus, Buxoro, Bagʻdod, Damashq, Mozori Sharifga diniy markaz sifatida shuhrat qozonganliklari uchun "Sharif" unvoni berilgan edi.

Buxoro qadimdan turli nomlar bilan atalib kelgan (k, Buxoro). Ayniqsa, Arab xalifaligi va somonishar davrida shahar yuksalgan. Buxoroning nomlaridan "Foxira" ("Faxrli shahar") atamasi Narshaxiyning taʼrifi boʻyicha, islom dinining barqarorligi yoʻlida qon toʻkkan shahidlar sharafiga nisbat qilib berilgan.

Shahar islomni targʻib qilish va qaror toptirish yoʻlida ham muhim rol oʻynagan. Buxorodan islomiyat va hadis ilmlarining yirik targʻibotchilari va tasnifchilari (Imom Buxoriy va boshqalar) yetishib chiqdi. Islom huquqshunosligining Buxoro maktabi tashkil topdi. Buxoroning islom dini, musulmon axloqi, madaniyati va hukuqshunosligining Sharkdagi kuchli markazlaridan biriga aylanishi tufayli unga 9-asr boshlaridayoq "Qubbat ulislom" — "Islom dinining gumbazi" degan sifat ham beriladi. Narshaxiyning guvohlik berishicha, mashhur fiqhshunos (huquqshunos) olim Xoja imom Abu Xafsi Kabir Buxoriy tufayli Buxoro "Qubbat ulislom" deb atalgan.

Oʻrta asrlarda Buxoro faqat islomiyatdagina emas, balki ilmu maʼrifat va madaniyat tarqatishda ham Movarounnahrda yirik markaz sifatida shuhrat topdi. Buxoroda turli asrlarda bino qilingan 200 ga yaqin madrasalarda oʻz davrida minglab tolibi ilmlar diniy va dunyoviy bilimlarni olib, butun Oʻrta Osiyo boʻylab ziyo tarqatganlar. Shayx Sayfiddin Boharziy faoliyati tufayli Buxoroning shuxrati islom olamida yana ham koʻproq tarqaldi. Shu sababli 13-asrdan boshlab unga yana bir sifat — "sharif" soʻzi qoʻyilib, u Buxoroyi sharif, yaʼni Sharofatli Buxoro nomi bilan yuritiladigan buldi. Buxoro hukmdorlari tomonidan "Zarbi Buxoroyi sharif", yaʼni "Buxoroyi sharifda zarb etilgan" deb bitilgan tamgʻalar bilan oltin va kumush tangalar hamda mis chaqalar ishlab chiqarilgan.

Mirzo Ulugʻbek tomonidan Buxoroda Chorsu maydonida qurdirilgan madrasa darvozasida hatto hadisdan "Ilm olmakka intilish har bir muslim va muslima uchun qarzu farzdir" degan soʻzlarning oʻyib yozilishi, oʻrta asrlarda, ayniqsa temuriylar davrida ilm va maʼrifatga boʻlgan ijobiy munosabatning yorqin dalilidir.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




  NODES
os 16