Chilla davri — tugʻruqdan (yoʻldosh tushgandan boshlab) keyingi 6 — 8 haftagacha boʻlgan davr. Tugʻruqdan keyingi birinchi soatlar (1 sutkagacha) esa ilk chilla davri hisoblanadi. Bu muddatda koʻp qon ketish holatlari kuzatiladi, shu sababli alohida eʼtibor va kuzatuv talab etiladi. Xalq tabobatida Chilla davri 40 kun hisoblanib, shundan 20 kuni kichik chilla, 20 kuni katta chilla deyiladi. Tugʻrukdan soʻng ayol organizmining asli holiga qaytishi, chaqaloqning ona suti bilan oziqlanishini, normal oʻsishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonda koʻzi yorigan ayolga Chilla davri uchun jami 106 kun (tugʻrukdan oldin va tugʻruqdan keyin) dekret otpuskasi belgilangan, keyinchalik bola 2 yoshga kirguncha nafaqa toʻlash, ayolning xohishiga koʻra bola 3 yoshga toʻlgunicha ish joyi saqlangan holda bepul otpuska berish qonunlashtirilgan.

CH.d.da homiladorlik, tugʻruq davrida ayol organizmi (aʼzo va sistemalari)da sodir boʻlgan fiziologik oʻzgarishlar asliga qaytadi (involyutsiya). Chilla davrining 1—2kuni bachadon tubi kindik roʻparasida (qovdan 12 sm yuqorida) turadi. Chilla davrining 10—12 kuni davomida bachadon qisqarib, tubi odatdagicha qov suyagi ortiga oʻtadi. Chilla davrining dastlabki kunlari bachadon ogʻirligi 1000 g boʻlsa, 8hafta oxirigacha kamayib, 50—60 g ga tushadi.

Bachadon boʻynining ichki teshigi tugʻrukdan keyin, tashqi teshigi 3haftada berkiladi. Bachadon qisqarayotgan davrida shilliq qavati ham tiklanib, astasekin bachadon ichki yuzasini qoplab boradi. Chilla davrining 3haftasiga kelib, bachadonning epiteliy qavati toʻla tiklanadi. Bu jarayon tugallangunga qadar tugʻruq vaqtida bachadon ichki yuzasida hosil boʻlgan jarohatlardan Chilla davriga xos ajralma — loxiyalar kelib turadi. Loxiyalar Chilla davrining 3—4kuni qonli, qipqizil boʻlib, keyin rangsizlanadi va kamayadi, 5—6 haftaga borib toʻxtaydi. Chilla davrida qin (diloq) tonusi tiklanadi, tashqi jinsiy aʼzolar, qin va bachadon boʻynining chaqalangan, yirtilgan, shilingan jarohatlari bitadi. Bachadonning choʻzilgan boylamlari sekinasta kaltalashib, bachadon naylari va tuxumdonlar odatdagi holiga keladi.

CH.d.ning 2—3kuni sut bezlaril&n sut (tugʻruqning 15—18kunigacha ogʻiz suti, keyin odatdagi sut) ajrala boshlaydi (qarang Laktatsiya). Normal oʻtayotgan Chilla davrida chillali ayolning umumiy ahvoli yaxshi: pulsi tekis, toʻla, baʼzan siyrak (fiziologik bradikardiya), arterial bosimi va gavda temperaturasi normal yoki shunga yaqin (goho yangi boʻshangan ayol temperaturasi bir oz koʻtarilishi ham mumkin) boʻladi. Chilla davrida tashqi jinsiy aʼzolar va sut bezlarini har kuni tozalab turish, aseptika, antiseptika qoidalariga qatʼiy rioya qilish zarur. Chunki ayol jinsiy yoʻllaridagi tugʻruq jarohatlari, koʻkrak soʻrgʻichidagi yoriqlar orqali organizmga infeksiya kirishi va chilladagi septik kasalliklar rivojlanishi mumkin.

CH.d.da sogʻlom ayollarga tugʻruqning 2kunidanoq organizmni baquvvatlash, bachadon qisqarishini tezlashtirish maqsadida maxsus gimnastika mashgʻulotlari kompleksi belgilanadi. Chilla davrining 1—2kuni sogʻlom ayolga yengil hazm boʻladigan ovqatlar (sut, manniy boʻtqasi, qaymoq, qandli choy, kofe), 3kundan boshlab odatdagi kaloriyali servitamin ovqatlar tavsiya qilinadi. Chilla davrida ayol achchiq, shoʻr, oʻtkir dorivorli va badhazm taomlar isteʼmol qilmasligi, spirtli ichimlik ichmasligi kerak. Normal kechayotgan Chilla davrining 4—5 kuni tuqqan ayol tugʻruqxonadan chiqariladi. Gavda temperaturasi yuqori, shamollagan, yiringli teri kasalligi va boshqa infeksion kasalligi bor ayollar tugʻruqxonaning maxsus boʻlimiga yotqiziladi.

Adabiyot

tahrir
  • Bodyajina V.I., Akusherlik (Darslik), T., 1971.




  NODES