Dalil – sud ishlarida isbotlanishi lozim boʻlgan holatlarni tasdiqlaydigan yoki inkor etadigan turli faktik maʼlumotlar. D. sudda haqiqatni aniqlab, odilona qarorga kelish uchun yagona asosdir. Oʻzbekiston Respublikasida D. fuqarolik, xoʻjalik, maʼmuriy va jinoyat ishlarini yuritishga oid qonunlar bilan belgilangan tartibda toʻplanishi, tekshirilishi va baholanishi shart. D. fuqarolik ishlarida tortishuvchi taraflarning talab va eʼtirozlarini asoslashga, jinoyat ishlarida jinoiy voqea yuz bergani, uni sodir etgan shaxs kimligi, jinoyat maqsadi, ayblilik darajasi, yetkazilgan zararning miqdori toʻla va aniq belgilanishiga xizmat qiladi. Dalillarni faqat vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslar toʻplaydi. Tergov va sud ishtirokchilari D. taqdim etishi, ularni ishga qoʻshish haqida iltimos qilishi mumkin. D. sifatida daʼvogar va javobgarning sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning koʻrsatuvlari, turli hujjatlar, ashyoviy dalillar va ekspert xulosalaridan foydalaniladi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  NODES