Ekologiya (qadimgi yunoncha: οἶκος – „uy“, „turar joy“) – organizmdan har xil darajada yuqori turadigan sistemalar; populyatsiyalar, biotsenozlar, biogeotsenozlar (ekosistemalar) va biosferaning tuzilishi, ularda kechadigan jarayonlarni oʻrganadigan biologiya fanlari majmui. Ekologiyani organizmlar va ular bilan atrof muhit oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni oʻrganadigan fan sifatida ham talqin qilinadi. Ekologiya oʻrganadigan obʼyektlariga koʻra, umumiy va xususiy ekologiyaga ajratiladi.

Umumiy ekologiya organizmdan yuqori turadigan har xil sistemalarning tuzilishi va funksiyasini oʻrganadi. U populyatsiyalar ekologiyasi, biotsenologiya, ekosistemalar ekologiyasi kabi boʻlimlardan iborat. Populyatsiyalar ekologiyasi populyatsiyalarining strukturasi va miqdoriy dinamikasining umumiy qonuniyatlari hamda har xil turlar populyatsiyalari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar (raqobat, yirtqichlik)ni tadqiq qiladi. Biotsenologiya (hamjamoalar ekologiyasi) biotsenozlarning tuzilishi qonuniyatlari, tarkibi va funksiyasini oʻrganadi.

Xususiy ekologiya muayyan taksonomik guruhga mansub organizmlarning muhit sharoitiga munosabatlari majmuini oʻrganadi (masalan, hasharotlar ekologiyasi). Baʼzan xususiy ekologiyaga muayyan ekosistema va hamjamoani oʻrganadigan fan sifatida ham qaraladi (mas, qishloq xoʻjaligi ekosistemalari ekologiyasi – agroekologiya; oʻsimliklar hamjamoalari ekologiyasi – fitotsenologiya). Suv ekosistemalari va suv organizmlari ekologiyasini oʻrganadigan gidrobiologiya ham ekologiyaning bir qismi hisoblanadi. Ekologiya autekologiya (har xil muhit omillarining alohida turlarga taʼsirini oʻrganadigan fan) va sinekologiya (organizmlar va ular majmualari oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganadigan fan)ga ham ajratiladi.

„Ekologiya“ terminini 1866-yil nemis olimi ekologiya E. Gekkel organizmlarning atrof muhit bilan munosabatlarini belgilash uchun taklif etgan. Ekologiyaning fan sifatida yuzaga chiqishi XVIII—XIX asrlarda yashagan naturalistlar va geograflarning ishlari bilan bogʻliq. XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida tadqiqotchilar ayrim omillar, ayniqsa, iqlimning organizmlarning tarqalishi va dinamikasiga taʼsir etishiga eʼtibor berishdi. Ayni shu davrda organizmlarning bir butun majmui boʻlgan tabiiy biotsenozlar toʻgʻrisidagi tasavvurlar shakllana boshlaydi. Ekologiya XX asrning 20—30-yillarida jadal rivojlana boshladi. Bu davrda amerika zoologi Ch. Elton 1930-yilda populyatsiyalar va jamoalarni oʻrganishning asosiy vazifalarini koʻrsatib berdi; italiyalik va amerikalik matematiklar V. Volterra va A. Lotka populyatsiyalarning oʻsishi, oʻzaro taʼsirining matematik modellarini taklif etishdi; rus mikrobiologi G. F. Gauze bu modellarni tajribada sinab koʻradi. Xuddi shu davrda gidrobiologlar tirik organizmlar orqali moddalar va energiya oʻzgarishini miqdoriy jihatdan oʻrganish boshlanadi. Bir-biri va notirik atrof muhit bilan oʻzaro bogʻlangan organizmlar komplekslari toʻgʻrisidagi tasavvurlarning shakllanishi ingliz botanigi A. Tenslining „ekosistema“ (1935) va rus botanigi V. N. Sukachevning „biogeotsenoz“ (1942) tushunchalarining yaratilishi bilan bogʻliq.

20-asrning 50-yillarida umumiy ekologiya shakllanadi. Tadqiqotchilarning asosiy ishlari organizmlar va ular hosil qiladigan sistemalarning oʻzaro taʼsirini oʻrganishga qaratiladi. Ekologiya tadqiqotlarida miqdoriy metodlar keng tarqala boshlaydi; laboratoriya va tabiatda oʻtkaziladigan tajribalar hamda matematik modellashtirishlar keng qoʻllanila boshlanadi.

20-asrning 2-yarmida odamning biosferaga salbiy taʼsiri kuchayishi natijasida ekologik krizisning yuzaga chiqishi va tabiatni muhofaza qilish ishlarini keng miqyosda amalga oshirish zaruriyatining tugʻilishi bilan ekologiyaning amaliy ahamiyati keskin oshib ketdi; koʻpchilik tabiiy fanlarni „ekologiyalashtirish“ boshlandi; ekologiya bilan falsafa, sotsiologiya va boshqalar bir qancha fanlar oʻrtasida uzviy bogʻlanish paydo boʻldi. Hozirgi davrda sanoat va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi, transport, qurilish, ilmiy-texnikaviy, demografik muammolarni hal etish hamda tabiiy resurslardan ratsional foydalanish yoʻllarini ishlab chiqishda ekologik yondashuv zarur boʻlib qoldi.

Oʻzbekistonda ekologiyaning rivojlanishi D. N. Kashkarov, A. L. Brodskiy, T. 3. Zohidov va boshqalarning ishlari bilan bogʻliq. D. N. Kashkarov umurtqali hayvonlarni oʻrgangan va birinchi boʻlib, hayvonlar ekologiyasi darsligini yaratgan. A. L. Brodskiy tuproq umurtqasiz hayvonlarini, T. 3. Zohidov Qizilqum umurtqali hayvonlarini ekologik jihatdan tadqiq qilgan. Oʻsimliklar ekologiyasiga oid tadqiqotlar Q. Z.Zokirov, A. M. Muzaffarov, I . I. Granitov va ularning shogirdlari tomonidan keng miqyosda olib borilmoqda.

Yana qarang

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • Odum Yu ., Osnovn ekologii, per. s ang . Moskva, 1975.
  • Ergashev A., Umumiy ekologiya, Toshkent, 2003.
  • Toʻxtayev A., Ekologiya, Toshkent, 2000.
  • Ahmadqul Ergashev, Ochil Mavlonov.



  NODES
iOS 2
os 40