Erkaklik jinsiy aʼzolari – oʻz navbatida ikki xil boʻladi tashqi va ichki aʼzolarga boʻlinadi. Ichki jinsiy aʼzolarga moyak, moyak ortig‘i, prostata, urugʻ bezlari, urugʻ olib keluvchi nay, bulbouretral bezlari va urugʻ tizimchasi kiradi. Tashqi tanosil aʼzolariga esa erlik olati va yorgʻoq kiradi. Moyaklar – yorgʻoq ichida joylashgan kabutar tuxumidan yirikroq, oval shaklli juft aʼzo. Har bir moyak yetti qavat bilan oʻralgan boʻlib, urugʻ tizimchasiga osilgan tarzda turadi. Urugʻ tizimchalari orqali esa urugʻ chiqaruv yoʻlagi, qon, limfa tomirlari, asab va mushak tolalari oʻtadi. Moyaklar ichida uzun, ingichka oʻram tarzidagi urugʻ kanalchalari mavjud. Ular hajman moyakning yarmidan koʻprogʻini tashkil etadi. Moyaklar qattiq qobiq bilan oʻralgan boʻlib, u oʻz navbatida nursimon tusda aʼzo ichiga kiradi va tilimsimon boʻlmachalarning paydo boʻlishiga olib keladi. Ushbu boʻlmachalar ichini urugʻ kanalchalari toʻldirib, 250-300 nafarga etadigan mitti tilimlarni hosil qiladi. Urugʻ kanalchalarining devorlarida maniy hamda Sertoli tayanch hujayralarini ilgʻash mumkin. Urugʻ kanalchalarining ichida esa yetuk spermatozoid hujayralar joylashadi. Urugʻ kanalchalarining tashqi qismida, yaʼni oraliqlarida intersitsial endokrinotsitlar – tuxumlar glandulotsitlardan iborat boʻlgan Leydiga hujayralari joylashadi.

  • Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek moyaklar ikki xil vazifani bajaradi:
Erkak jinsiy olatni

1. Generativ faoliyat – spermatogenez jarayonida erkaklar jinsiy hujayralarini (spermiylarni) xosil etib, nasl davomiyligini taʼminlash.

2. Inkretor, yaʼni sekretor faoliyat – gormonlar ishlab chiqish. Odatda, moyaklar da erkaklarga xos gormon – androgenlar asosan testosteron shaklida ishlab chiqiladi. Shuningdek, moyaklarda ozroq miqdorda ayollarga xos gormon – estrogenlar ham asosan estradiol shaklida ishlab chiqiladi. Testosteron faol androgen gormon hisoblanib, moyaklar interstitsial toʻqimasida yakka yoxud gʻuj boʻlib joylashgan glanduloditlarda, yaʼni Leydiga hujayralarida ishlab chiqiladi. Bu gormon hisobiga rasidalik alomatlari va jinsiy mayl vujudga keladi. Odatda, 25-40 yoshdagi erkaklar organizmida, sutka davomida 4-7 mg testosteron ishlab chiqiladi.

Testosteron urugʻ pufakchalarida fruktozaning, prostata bezida fosfataza va limon kislotasining, moyak ortiqlarida kornitin moddasining paydo boʻlish jarayonini kuchaytiradi. Yuqorida taʼkidlangan moddalar miqdorining shahvat tarkibida pasayib ketishi moyaklarning sekretor faoliyati susayganligidan dalolatdir.

Urugʻ kanalchalarida spermatogenez jarayoni erkaklarning xos gormonlari – androgenlar taʼsirida 74 kun davom etadi.

Moyak ortiqlari embrional bosqichda alohida aʼzo sifatida rivojlansada, goʻdak tugʻilgan paytdayoq moyakning orqa tomoniga yuqoridan tutashadi. Bu ortiqlar androgenlar ishlab chiqilishidagi faol sekretor aʼzolar hisoblanadi. Moyaklarning oʻram shaklidagi urugʻ kanalchalari tuxum turlaridan oʻtgach, ortiqlar ichida qaytadan oʻramlar tashkil etadi. Uzunroq, toʻgʻri bu kanalchalar konik shaklli tilimchalarni xosil qiladi. 5-18 nafar moyak ortigʻi oʻramalarinishg eng kattasi, balanddagisidan boshlab barcha tilimchalar oʻrami ochiladigan ortiq yoʻlchasi oʻtadi. 6-7 sm uzunlikdagi biroz egriroq bu urugʻ yoʻlchasi distal boʻlimga kelgach urugʻ olib chiquvchi yoʻlga tutashadi. Shahvat hujayralari moyak ortigʻining bosh qismidan dumiga qadar 14 kun yoʻl bosib oʻtadi. Bu paytda hujayralar yanada yetuklashadi, urugʻlantirish xususiyati oshadi. Harakat davomida spermatozoid hujayralari moyak ortigʻining dum qismida yigʻilib, qoʻnim topadi. Shu bois, ortiqning dum qismidagi spermiy hujayralar soni meʼyoriy eyakulyatdagiga nisbatan oʻn barobar koʻp boʻlishi mumkin. Albatta, moyak ortiqlaridagi bu jarayonlarga androgen gormonlar ijobiy taʼsir etadi. Odatda moyaklar ichida voyaga etgan spermatozoidlarga nisbatan ortiqlarda etilgan hujayralar ancha chidamli, harakatchan va urugʻlantirish qobiliyati yuqori boʻladi.

Olimlar moyak ortiqlarida spermatofagiya jarayoni, yaʼni spermogenez biologik sanatsiyasi roʻy berishini aniqlashgan. Bu aʼzodagi spermiofag maxsus hujayralari nuqsonli spermatozoidlarni yutib, hazm qilib, dunyoga nogiron bolalar kelish xavfini salmoqli darajada kamaytirar ekan.

Agar moyak ortiqlari toʻliq shikastlansa, urugʻ kanalchalarining toʻlib qolishi va xalokati roʻy beradi. Bu esa spermatogenez jarayonining buzilishiga va bepushtlikka olib keladi.

Spermatozoid hujayralarining moyakdan ortiqqa oʻtishi chiqaruv yoʻlchasi epiteliysining tuksimon kiprikchalari yordamida hamda tuxum sekreti chiqishidagi doimiy bosim natijasida roʻy beradi.

Hayotda moyak ortiqlarining tuxumlardan ayricha tarzdaligi, ortiqlarning bosh qismi nomavjudligi, keskin kichrayganligi goho esa bittasining tugʻma boʻlmasligi kabi anomaliyalari uchrab turadi.

Urugʻ chiqaruv (oʻtkazuv) yoʻli moyak ortiqlarining bevosita davomi tarzidagi aʼzo xisoblanib, oʻrtacha 45-59 sm uzunlikda boʻladi. Bu aʼzo uzunligi boʻylab ortiq, tizim, qov, erkin va tos qismlarga boʻlinadi. Bu bosh qismning nihoyasi – qov boʻlimi, u ampulasimon kengayish bilan tugaydi. Urugʻ chiqaruv yoʻlining bu ampulalari oʻtkir burchak ostida urugʻ pufakchalarining chiqaruv kanallariga tutashadi. Odatda, bu ampulali qismlar urugʻ pufakchasining chiqaruvchi yoʻllari bilan birlashib, urugʻ sochuvchi majmuani tashkil etadi. Bu majmua esa prostata bezi orqali oʻtib, peshob chiqaruv kanalining orqa qismidagi urugʻ doʻmboqchasiga nuqtadek tor tirqish boʻlib ochiladi. Urugʻ chiqaruv yoʻlining asosiy vazifasi devorlaridagi mushakli qavatning ritmik qisqarishi hisobiga moyak ortigʻidagi spermatozoid hujayralarini urugʻ sochuvchi qismgacha yetkazib berishdir.

Urugʻ chiqaruv yoʻlining butunlay boʻlmasligi, yopilib qolishi yoki kichrayib ketishi kabi anomal, nuqsonli turlari ham gohida uchrab turadi.

Urugʻ pufakchalari prostata bezi tagiga yaqin joylashgan juft aʼzo boʻlib, old tomondan peshob qopining tub qismiga, ort tomondan esa toʻgʻri ichakning old qismiga yondosh turadi. Yetuk erkakda bu aʼzoning oʻrtacha uzunligi 4-5 sm.ni, eni 1,5-2 sm.ni, yugʻonligi esa 1-1,5 sm.ni tashkil etadi. Urugʻ pufakchalari bez aʼzo boʻlgani bois androgen gormonlarga bogʻliq tarzda faoliyat koʻrsatadi. Shu sababli ayrim sabablarga koʻra moyaklari olib tashlangan kimsalarda prostata bezi bilan bir qatorda urugʻ pufakchalarining ham atrofik kichrayishi va keyinchalik faoliyatining asta-sekinlik bilan soʻnishi kuzatiladi. Urugʻ pufakchalarida jelatinsimon konsistensiyali, hidsiz, shaffof yoxud oqishsimon-kulrang rangli suyuqlik ishlab chiqiladi. Ishqoriy muhitli bu sekret sperma suyuqligining quyushqoqligini taʼminlaydi. Bu suyuqlikning tarkibiy qismi boʻlgan fruktoza esa androgen gormonlarga uzviy bogʻliq holda spermatozoidlar uchun quvvat zahirasi vazifasini oʻtab, ularning hayotchanligini oshiradi. Fiziologik nuqtai nazardan qaralganda, urugʻ pufakchasining suyuqligi spermaning quyushqoqligi va moslashuvchanligini taʼminlash yoʻli bilan spermatozoidlarni jinsiy yoʻllardan oʻtish jarayonidagi shikastlanishlardan himoyalaydi. Shuningdek, energetik taʼminlovchi fruktoza diffuziyasidan tashqari, oʻz ishqoriy muhiti bilan qinning kislotali muhitini neytrallashtirib, urugʻ hujayralarini halokatdan asraydi. Odatda urugʻ pufakchasining toʻlishi, jinsiy mayl va qoʻzgʻalishni keskin kuchaytiradi.

Erkak organizmida testosteron, yaʼni erlik gormoni kamaysa, shu zahotiyoq fruktoza miqdori pasayib ketadi. Gormonlar koʻpayishi fruktozaning ham oshishiga olib keladi. Urugʻ pufakchalarining devorlari qanchalik sekret bilan toʻlib taranglashsa, shahvoniy ishtiyoq shunchalik kuchayadi.

Urugʻ sochuv majmui urugʻ pufakchasi chiqaruv yoʻli va urugʻ chiqaruvchi yoʻllarning majmuidan iborat. Uzunligi 2 sm keladigan bu juft aʼzoning ich qismi urugʻ chiqaruv yoʻlining ichidan ikki baravar kichik. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, urugʻ sochuv majmui nuqtadek tirqish tarzida urugʻ doʻmboqchasi shilliq kavatiga ochiladi. Urugʻ sochuv yoʻlining chiqaruvchi yoʻllardan ancha torligi bois, bu yerdan urugʻ chiqishida katta bosim imkoniyati yaratiladi. Natijada bu aʼzodagi nerv tolalarining reseptorlari kuchli taʼsirlanib, inzol, yaʼni lazzatlanish jarayoni roʻy beradi. Urugʻ doʻmboqchasi – peshob chiqaruv kanalining prostatik qismi orqa devorida tepachadek turtib chiqib turadigan aʼzo. Uning uzunligi 9 mm, balandligi 3-4mm, eni 3 mm.ni tashkil etadi. Bu aʼzo goʻyoki urugʻ sochuv yoʻlining klapani hisoblanadi. Urugʻ doʻmboqchasida aylana mushak tolalari yigʻilgan boʻlib, yopiluvchi sfinkter, yaʼni spermatik jomni hosil qiladi. Bu joyda juda ham koʻp nerv tolalari mavjud. Urugʻ doʻmboqchasi orqa miyadagi shahvoniy markazlarning birlamchi reflektor qoʻzgʻalishida xam sezuvchi reseptiv hudud sifatida muhim oʻrin tutadi. Maʼlum bir bosqichlarga kelib, spermatik jom mushak tolalari boʻshashishi natijasi oʻlaroq eyakulyatsiya (shahvat chiqishi) va orgazm (lazzatlanish) roʻy beradi. Demak, urugʻ doʻmboqchasi jinsiy qoʻzgʻalish, shahvat chiqishi va lazzatlanish jarayonlarida muhim rol oʻynaydi. Hayotda urugʻ doʻmboqchasining kattalashgan anomal koʻrinishi ham uchrab turadi. Bunday anomal holat peshob chiqishini qiyinlashtiradi.

Peshob chiqaruv kanali (uretra) 18-22 sm uzunlikdagi naysimon aʼzo boʻlib, olat boshidagi tashqi teshikdan to peshob qopining ichki sfinkterigacha davom etadi. Anatomik jihatdan bu aʼzoda ichki – prostatik, oʻrta membranoz va tashqi kavernoz qismlar tafovut qilinadi. Klinik jihatdan esa old uretra (tashqi teshikdan to peshob qopi tashqi sfinkterigacha) va orqa uretra (peshob qopi tashqi sfinkteridan siydik chiqaruv kanali ichki teshigigacha) tafovut qilinadi.

Peshob chiqaruv kanalining oʻz bezlari mavjud. Jumladan, uretraning prostatik va membranoz qismlari chegarasida bulbouretral, yaʼni Kuper bezlari qaror topgan. Shuningdek, kanal shilliq qavatida Littre nay – alveolyar bezlari ham mavjud boʻlib, ishqoriy muhitli, shaffof suyuqlik ishlab chiqadi. Bu sekretlarning tashqariga chiqishi qoʻzgʻalganda koʻpayadi. Shu bilan bir qatorda uretrada betartib tarzda joylashgan Morgani bezlari ham mavjud. Peshob chiqaruv kanali tashqi teshigi yaqinida olat kertmagining Tinzoni bezlari joylashgan. Bu bezlar oʻziga xos hidli, oqish, yogʻsimon sekret, yaʼni smegma ishlab chiqadi. Peshob chiqaruv kanalining bezlari quyidagi ikki vazifani bajaradi.

  1. Ishqoriy suyuqlik ishlab chiqib, peshobning kislotali muhitini neytrallashtirib turadi.
  2. Kanalniig shilliq qavatini namlab, spermatozon hujayralar oʻtishiga qulay sharoit yaratadi.

Urugʻ tizimchasi moyaklar va qov kanalini bogʻlab turadi. Bu aʼzoni yorgʻoq ildiz qismida 1 sm yoʻgʻonlikdagi yumshoq arqon tarzidaligini paypaslaganda ilgʻash mumkin. Urugʻ tizimchasi tarkibiga urugʻ chiqaruv yoʻli, moyakni koʻtaruvchi mushak hamda tomirlar va nerv tolalari kiradi. Erkaklar jinsiy olati uzunligi oʻrtacha 13-15 sm boʻladi. Spermatozoidlar issiqqa kam chidamli. Tana harorati 37º C boʻlganda, undagi harorat 34º C tashkil etadi[1].

Manbalar

tahrir
  NODES