GELVESIY (Helvetius) Klod Adrian (1715.31.1-Parij-1771.25.1) — fransuz faylasufi, psixologi. G. fikricha, olam moddiy, vaqt va fazoda cheksiz, doimiy harakatda; tafakkur va sezgi materiyaning xossasidir. Insonning ongi va ehtirosini ijtimoiy rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi deb hisobladi. G. bilish nazariyasida agnostitsizmta qarshi, materialistik sensualizm tarafdori. U xotiranm bilishning ikkinchi quroli, tafakkur sezgilarimiz yigʻindisi, deb taʼkidladi. G. xudoning mavjudligi, olamning yaratilganligi, jonning abadiyligi gʻoyalarini tanqid qildi. G. ijtimoiy muhit deganda siyosiy hayotni, qonunchilikni tushungan. Ijtimoiy hayot yuridik qonunlarga bogʻliq deb, tenglikni kishilarning qonun oldidagi tengligi maʼnosida talqin etgan. U umumiy tenglikni inkor etgan. G. kishilarning intellektual va axloqiy qiyofasini shakllantirishda muhitning hal qiluvchi ahamiyatini koʻrsatgan. U etikada diniy va spiritualistik qarashlarni tanqid qilib, axloqiy tasavvurlarning tajribaviy kelib chiqishi, ularning individ manfaatlari bilan shartlanganligini isbotladi. G. 18-asr oxiridagi fransuz burjua inqilobini gʻoyaviy tayyorlashda muhim oʻrin tutdi. Asarlari: "Aql toʻgʻrisida" (1758), "Inson toʻgʻrisida, uning aqliy qobiliyatlari hamda tarbiyasi haqida" (1772, vafotidan keyin).

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  NODES