Gidrotoraks (lotincha hydrothorax, yunoncha hydro – suv va thorax – koʻkrak soʻzlaridan) – plevra boʻshligʻida yalligʻlanishga aloqador boʻlmagan suyuqlik (transsudat)ning toʻplanishi.

Gidrotorakning rentgen tekshiruvida koʻrinishi
Gidrotoraks

Yurak yetishmovchiligi natijasida katta qon aylanish doirasida qon dimlanishi; buyrak kasalliklari, ayniqsa nefrotik sindrom shakllanishida; jigar sirrozi; turli sabablarga koʻra yuzaga kelgan assit; soʻrilishning buzilish sindromi; alimentar distrofiya; peritoneal dializ; miksedema; shuningdek, koʻks oraligʻi oʻsmalari holatlarida yuzaga kelishi mumkin[1].

Patogenezi

tahrir

Yurak yetishmovchiligida plevra boʻshliqlarida suyuqlik toʻplanishining asosiy mexanizmi katta va kichik qon aylanish doiralarida gidrostatik bosimning koʻtarilishi hisoblanadi.

Buyrak kasalliklari, soʻrilishning buzilishi sindromi, alimentar distrofiya va miksedemada gidrotoraksning rivojlanishi qon plazmasidagi oqsil miqdorining kamayishi (gipoalbuminemiya) oqibatida onkotik bosimning pasayishi bilan bogʻliq[2].

Assit va peritoneal dializ paytida gidrotoraks rivojlanishi qorin boʻshligʻi bosimining koʻtarilishi natijasida diafragmadagi teshiklar orqali suyuqlikning qorin boʻshligʻidan toʻgʻridan-toʻgʻri plevra boʻshligʻiga oʻtishi bilan bogʻliq.

Jigar sirrozlarida gidrotoraks ham gipoalbuminemiya, ham assit suyuqligining qorin boʻshligʻidan plevra boʻshligʻiga oʻtib qolishi sababli yuzaga kelishi mumkin[3].

Koʻks oraligʻi oʻsmalarida gidrotoraks qon va limfa oqimining mahalliy buzilishi oqibatida paydo boʻladi.

Klinik koʻrinishi

tahrir

Gidrotoraksning klinik koʻrinishi plevra boʻshliqlaridagi suyuqlik miqdori va unga sabab boʻlgan kasallik alomatlari bilan aniqlanadi.

Aksariyat hollarda gidrotoraks ikki tomonlama kuzatiladi. Plevra suyuqligi hajmi juda kam yoki bir necha litrgacha yetadigan darajada koʻp boʻlishi mumkin.

Plevra boʻshliqlarida suyuqlikning sezilarli toʻplanishi oʻpkalarning siqilishiga va koʻks oraligʻi aʼzolarining siljishiga olib keladi, bu esa nafas olish yetishmovchiligi belgilari – hansirash va sianoz paydo boʻlishi bilan kechadi. Isitma va koʻkrak qafasidagi ogʻriqlar xos emas.

Gidrotoraks koʻpincha periferik shishlar, teri osti toʻqimasining keng tarqalgan shishi (anasarka) va perikard boʻshligʻida suyuqlik toʻplanishi – gidroperikard bilan birgalikda kuzatiladi[4].

Bemorlarda odatda gidrotoraks rivojlanishiga sabab boʻlgan yurak, buyrak, jigar kasalliklari va boshqa ogʻir patologik holatlar aniqlanadi.

Diagnostikasi

tahrir

Suyuqlik toʻplangan soha ustida oʻtkazilgan jismoniy tekshiruvda ovoz titrashining susayishi yoki yoʻqligi; yuqori chegarasi qiyshiq boʻlgan boʻgʻiq yoki oʻtmas perkussiya tovushi; nafas shovqinlarining eshitilmasligi aniqlanadi. Plevra suyuqligining muhim tashxis belgisi bemor holatini oʻzgartirganda perkussiya oʻtmaslik chegarasining siljishidir.

Rentgen tekshiruvi tana egilganda yuqori chegarasi siljiydigan suyuqlikning bir xil soyasini aniqlash imkonini beradi. Plevra suyuqligini toʻgʻri aniqlashning muhim sharti yon holatda rentgenologik tekshiruv oʻtkazishdir. Ultratovush usuli yordamida plevra boʻshligʻidagi oz miqdordagi suyuqlikni ham aniqlash va plevra punksiyasi uchun qulay joyni tanlash mumkin[5].

Gidrotoraksda plevral punksiya davolash va diagnostika maqsadida oʻtkaziladi. U katta hajmdagi gidrotoraksda davolash samarasidan tashqari, plevra suyuqligining xususiyatini aniqlab, plevrit, gemotoraks va xilotoraks kabi kasalliklar bilan qiyosiy tashxis qoʻyish imkonini beradi.

Transsudat, plevrit paytida plevra boʻshligʻida toʻplanadigan ekssudatdan farqli oʻlaroq, sargʻish tusli, baʼzan qonli xususiyatga ega boʻlgan, hidsiz, ishqoriy reaksiyali tiniq suyuqlikdir. Undagi oqsil miqdori 30 g/l dan oshmaydi, solishtirma ogʻirligi odatda 1,006 dan 1,012 g/ml oraligʻida oʻzgarib turadi. Fibrinogen miqdori juda kam. Sentrifugalashdan soʻng choʻkmani mikroskopik tekshirganda endotelial (mezotelial) hujayralar va oz miqdorda leykotsitlar – 1 ml da 1000 tadan kam topiladi.

Gemotoraks paytida plevra punksiyasi orqali qon, xilotraks paytida esa limfa olinadi.

Davolash usullari

tahrir

Davolash gidrotoraksning sababini bartaraf etishga, yaʼni gidrotoraks rivojlanishiga olib kelgan asosiy kasallikni (yurak yetishmovchiligi, jigar sirrozi va boshqalar) davolashga qaratilgan.

Nafas olish qiyinlashishi bilan kechadigan katta hajmdagi gidrotoraksda, plevra punksiyasi vaqtida plevra boʻshligʻi tarkibini asta-sekin chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

  1. „Гидроторакс“. fnkc-fmba.ru. Qaraldi: 16-oktabr 2024-yil.
  2. „Гидроторакс“. www.smclinic.ru. Qaraldi: 16-oktabr 2024-yil.
  3. „Гидроторакс“. www.invitro.ru. Qaraldi: 16-oktabr 2024-yil.
  4. „Гидроторакс“. www.zdorovie-klinika.ru. Qaraldi: 16-oktabr 2024-yil.
  5. „Диагностика гидроторакса“. polyclinika.ru. Qaraldi: 16-oktabr 2024-yil.
  NODES