Golfstrim (inglizcha: Gulf Stream -qoʻltiq oqimi) – Atlantika okeanining shimoliy qismidagi iliq oqim. Golfstrim oqimi bir qancha iliq oqimlardan iborat boʻlib, Florida yarim oroli qirgʻogʻidan Shpitsbergen va Novaya Zemlya orollarigacha 10 ming km masofagacha harakatlanib boradi. Golfstrim dastlab Florida qoʻltigʻining janubiy qismida hosil boʻladi. Passat shamoli suvni Yukatan boʻgʻozi orqali Meksika qoʻltigʻiga tomon harakatlantiradi va oqibatda Meksika qoʻltigʻi suvi sathi bilan Atlantika okeanining qoʻltiq yaqinidagi suv sathida kattagina farq vujudga keladi. Okeanga kiraverishda oqim hajmi sekundiga 25 mln.m3 (sutkasiga 2160 km3) ga yetadi, bu esa butun Yer sharidagi barcha daryolarning suv sarfidan 20 marta ortiqdir. Okeanda bu oqim Antil oqimi bilan qoʻshiladi, shundan soʻng 38° sh. k.da Golfstrimda sekundiga 82 mln. m3 suv oqadi. Golfstrim okeanda soatiga 6 km (baʼzan 10 km) tezlik bilan shimolga harakatlanib Shimoliy Amerika materigi sohili boʻylab oʻtadi. Oqimning eni janubda 75 km, Xatteras burni yaqinida 110–120 km, qalinligi 700–800 m. Golfstrim oqimi juda koʻp issiqlik hamda tuz olib keladi. Suv yuzasida oʻrtacha yillik temperatura 25—26°, shoʻrligi 36,2—36,4%, 400 m chuqurlikda 10—12°, Nyufaundlend sayozligining janubiy chekkasi atrofida Golfstrimga shimoldan sovuq Labrador oqimi yaqinlashib keladi. Ana shu yerda ikki xil suv aralashadi va yuza qatlamdagi suv pastga tushadi. Taxminan 40° gʻarbiy uzunlikda Golfstrim Shimoliy Atlantika oqimi nomini oladi, bu oqim gʻarbiy va janubiy-gʻarbiy shamollar taʼsirida Atlantika okeanini gʻarbdan sharqqa kesib oʻtadi va Yevropa yaqinida asta-sekin shimoliy-sharqqa buriladi. Tomson portiga yaqinlashganda Shimoliy Atlantika oqimidan Irminger iliq oqimi ajralib chiqib, Baffin dengizi tomon ketadi. Shimoliy Atlantika oqimining asosiy qismi Norvegiya dengizidan chiqqach, Shpitsbergen oqimi nomini oladi va Skandinaviya yarim orolining gʻarbiy qirgʻogʻi boʻylab shimolga qarab harakatlanadi, shundan soʻng Shpitsbergen orollarining gʻarbiy qirgʻogʻi yaqinidan oʻtib, Shpitsbergendan shimolda bu oqim pastga tushib ketadi va Shimoliy Muz okeanidan yana bir oz sezilib turadi. Golfstrim va uning davomi boʻlgan iliq oqimlar Shimoliy Muz okeani va uning dengizlari suviga, organik dunyosiga, Yevropaning Atlantika okeaniga yaqin mamlakatlari iqlimiga katta taʼsir etadi. Iliq suv Yevropa havosini ilitib turadi[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar

tahrir
  1. "Golfstrim" OʻzME. G-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir
  NODES
os 13