Gumin kislotalar (lotincha: humus -yer, tuproq) – tabiiy mahsulotlar (torf, qoʻngʻir koʻmir, toshkoʻmir va boshqalar)dan ishqorlarning suvdagi eritmasi yordamida ajratib olinadigan organik moddalar; tabiatda oʻsimlik qoldiqlaridan yoki toshkoʻmir va boshqalar organik mahsulotlarning oksidlanishi natijasida hosil boʻladi. Torf xiliga, shuningdek, uning chirishi darajasiga qarab Gumin kislotalar har xil miqdorda uchraydi.

Choʻkmay, eritmada qolgan organik moddalar fulvokislotal ar deb ataladi. Choʻkkan Gumin kislotalardan spirtda eriydigan gimatomelan kislotalar hamda erimaydigan qoldiq – gumus kislotalar ajratib olinadi. Kimyoviy tuzilishiga koʻra Gumin kislotalar yuqori molekulyar (mol. m. 1300—1500) kondensirlangan aromatik birikmalar boʻlib, ularda fenol gidroksillari, karboksil, karbonil va atsetoguruhlar, oddiy efir bogʻlari va boshqalar borligi aniqlangan. Elementar tarkibi: 50—70% S, 4-6% N, 25-35% O.

Gumin kislotalar neft va gaz qavzalarini kazishda yuvuvchi suyuqliklar komponenti, akkumulyatorlar tayyorlashda kislotabardosh toʻldirgichlar, tuproq tuzilishini yaxshilashda, oʻsimliklarning oʻsishini tezlashtiruvchi modda, organik-mineral oʻgʻitlar va qishloq xoʻjaligi hayvonlarining teri kasalliklarini davolashda antiseptik modda sifatida qoʻllanadi.[1]


Manbalar

tahrir
  1. „Gumin kislotalar“ OʻzME. G-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




  NODES