Hasip — so‘yilgan qo‘y yoki qoramolning ichagiga go‘sht, jigar, qorataloq kabilarning qiymasi va guruch aralashtirib solinib, qozonda qaynatib yoki qasqonda dimlab tayyorlanadigan taom[1].

To‘y,  bayram dasturxoniga, aziz mehmonlarga atab  tayyorlanadigan  ushbu tansiq taom  uzoq  o‘tmishda kelib  chiqqan bo‘lib,  barcha  shahar va  qishloqlar  oshxonalarida unutilmay  saqlanib  keladi. Qo‘y ichagiga yaxshilab iylangan tuxum bilan pishirilgan guruchni solib ,,tuxum hasipi”, maxsus usulda tayyorlangan ,,dimlama hasip”; ivitilgan guruch bilan qora jigar aralashmasidan pishirilgan ,,guruch hasip”lar hozirgacha sevimli taomlar hisoblanadi[2].

Turlari

tahrir

Hasipning odatiy hamda dimlama hasip, tuyma hasip, ochiq hasip kabi turlari mavjud. Har biri o‘ziga xos usulda tayyorlanadi.

Tayyorlanishi

tahrir

Hasip (oddiy) tayyorlash  uchun  qo‘y  va  molning  yog‘li ichagi zarur  bo‘ladi. Ichakni ag‘darib iliq suvda tuz ishqab bir necha bor yuviladi. Shilliq  moddasi, qo‘lansa hididan xalos qilish uchun bir necha soat iylangan qatiqqa yoki zardobga botirib  qo‘yiladi. Agar zardob ham, qatiq ham bo‘lmasa unda lavr  yaprog‘i, qalampir  munchoq solib  qaynatilgan  va sovutilgan, margansovka  eritilgan suvga botirib  qo‘yiladi (3 litr suvga 3-4  lavr yaprog‘ i, 5-6 dona qalampir munchoq va margantsovka  kristalidan juda oz miqdorda:  pichoq uchida  olinganining 1/3  qismi).  Qatiqda ham,  qaynatmada  ham 2 soat ivigandan  so‘ng ichak olinib yana bir necha bor yaxshilab yuviladi va bir uchi arqoq ipda chigiladi  va ichiga tayyor qiyma solish kerak. Qiymasini quyidagicha tayyorlanadi: lahm  go‘sht, o‘pka, taloqdan olib go‘shtqiymalagichdan o‘tkazamiz, qiymaga  mayda chopilgan  piyoz, yuvilgan guruch qo‘shasiz, tuz va murch sepib, suv quyasiz-da yaxshilab aralashtiramiz. Ichakning bog‘lanmagan  tomoniga varonka qo‘yib haligi suyuq  qiymani quyamiz  va bu uchini ham bog‘lab, sovuq suvli idishga solib asta  qaynatiladi. Qaynab chiqishi  bilan hasipning bir necha joyiga igna uriladi, aks  holda  yorilib ketishi  mumkin. O‘rtacha  olovda 1  soatcha  qaynagandan so‘ng pishadi. Tayyor hasipni qozondan olib havoda sovutamiz. Dasturxonga tortishda yaxshi qotgan bo‘lsa,  eni  2-3  sm keladigan parraklarga, uncha  qotmagan  bo‘lsa,  sal uzunroq 6-8  sm li bo‘laklarga kesamiz-da, laganga yo likoplarga solib  ziralangan  piyoz  bilan  birga  keltiramiz.

Ko‘rinishi: sirtida yog‘  tugunchalari bor ichak ichida  pishgan guruch  va  go‘sht bo‘lakchalari.

Mazasi:  ichak, o‘pka, go‘sht, qorajigar, guruch va piyozning birikma lazzati. Ichidagi  murch va yuziga  sepilgan zirali piyoz hidi ishtaha ochadi.

Kerakli masalliqlar: 1 metr qo‘yning yog‘li ichagiga bitta taloq (qora jigar), 200 gr o‘pka, 200 gr lahm go‘sht, 1 stakan guruch, 2 bosh piyoz, 2 stakan iliq  suv  kerak. Tuz  va murch  ta’bga ko‘ra. Zirali piyoz  uchun  esa  2 bosh mayin to‘g‘ralgan  piyoz, pichoq uchida murch  va zira kerak bo‘ladi.

Dimlama hasipning tayyorlanishi  ham, retsepti ham  dasturxonga  tortilishi va  parhezlik  xosiyatlari xuddi  oddiy hasipdagidek.  Farqi  shuki,  bu  tansiq  taomning pishirilishi  mantiqasqonda bajariladi. Qaynab  chiqqach, hasipning bag‘ riga  issiq o‘tganda  bir  necha  joyiga igna  uriladi.  Pishish  muddati 45-50 minut. Qasqon ostidagi bo‘limiga  suyaklarni va  to‘g‘ralgan  piyoz  solib qaynatsangiz  yaxshigina  sho‘rva bo‘ladi.  Buni issig‘ida  qatiqlab, rayhon,  kashnich  bilan dasturxonga  tortamiz.  Hasipni  esa  havoda sovitib  yaxna  ovqat  tarzida  beriladi.

Kerakli masalliqlar: 1 metr qo‘yning yog‘li ichagiga bitta qora jigar, 200  gr  o‘pka, 200  gr  lahm go‘sht, 1 stakan  guruch, 2 bosh  piyoz, 2 stakan  iliq suv, tuz  va  murch  ta’bga ko‘ra  olinadi. Sho‘rvasiga qiymadan ajragan  suyak, 10  gr  dumba  yoki  charvi yog‘,  2 bosh  piyoz, tuz esa ta’bga ko‘ra.

Tuyma hasip. Qo‘y yoki molning qora kesak go‘shtidan shapaloqdek  kesib  olib  tuz va zira sepiladi va mayda to‘g‘ralgan piyoz bilan birga keliga solib  tuyiladi. Go‘sht ezilib qiymasimon bo‘lganda olib, charvi yog‘idan mayda to‘g‘rab, mijib aralashtiriladi. So‘ngra bundan bo‘lakchalar uzib olib oshtaxta  ustida bodringga o‘xshatib dumalatiladi. Ichakni  tayyorlab, ichiga  haligi bodring  taxlit yumalatilgan go‘shtni  solinadi, to‘lgach  puch qolgan oralariga iliq suv quyib  to‘latiladi-da arqoq ip  bilan  mahkam chigiladi. Buni  sovuq  suvli  qozonga solib asta qaynatib  pishiriladi. Pishish  muddati 1 soat. Tayyor bo‘lgach, olib  havoda sovitiladi va kesib laganga (likopchaga) tuzab zira piyoz bilan birga  dasturxonga  tortiladi.

Ko‘rinishi: ichak ichida pishgan qora go‘sht, onda-sonda oqyog‘i ham  ko‘rinadi.  Bu  xuddi  qazini eslatadi,  biroq  undan  ingichkaroq.

Mazasi: chaynarli,  go‘sht, yog‘,  piyoz  va  ziraning umumiy  lazzati.

Kerakli masalliqlar: 1  metr qo‘yning  yog‘li  ichagiga 600 gr  lahm  go‘sht, 100 gr  charvi  yog‘ , 2-3  bosh piyoz,  zira  bilan  tuz  esa ta’bga  ko‘ra  olinadi.

Foydali xususiyatlari

tahrir

Umuman, hasip  xalq  tabobatida oshqozon, ichak,  taloq  va  jigar  xastaliklariga  parhez qilingan.  Darhaqiqat, hasip ko‘ngilga urmaydigan  va  tez  hazm  bo‘ladigan  taomdir. Go‘shtli taomlarning foydali xususiyatlari azaldan e’tirof etilgan. Go‘sht  oqsil –  insonning  miya  neyronlarini  oziqlantiruvchi  eng  muhim  moddaning manbayidir[2].

Manbalar

tahrir



  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati (5-jild). O‘zbekiston, 2020 — 515-bet. 
  2. 2,0 2,1 Mahmudov K. O‘zbek tansiq taomlari. Mehnat, 1989 — 94-bet. 
  NODES