Hunarmandchilik – milliy-anʼanaviy mayda tovar ishlab chiqarish, oddiy mehnat qurollari yordamida yakka tartibda va qoʻl mehnatiga asoslangan sanoat turi; shunday mahsulotlar tayyorlanadigan kasblarning umumiy nomi. Yirik sanoat ishlab chiqarishi vujudga kelishiga qadar keng tarqalgan, ayrim sohalari keyin ham saqlangan. Kam rivojlangan mamlakatlarning xalq xoʻjaligida hozir ham muhim oʻrin egallaydi.

Etikdoʻz odam
Etikdoʻz odam

Turlari

tahrir

Hunarmandchilik insonning ishlab chiqarish faoliyati bilan vujudga kelib, jamiyat rivojlanishi davomida asta-sekin dehqonchilik va chorvachilikdan ajralib chiqdi, turli ijtimoiy-tarixiy davrlar doirasida texnika rivoji bilan aloqador holda takomillasha bordi, turli ixtisosliklar (kulollik, duradgorlik, temirchilik, misgarlik, binokorlik, toshtaroshlik, oʻymakorlik, kashtadoʻzlik, koʻnchilik, tikuvchilik, toʻquvchilik, zargarlik, degrezlik, rixtagarlik, zardoʻzlik, boʻyoqchilik, kemasozlik, taqachilik, tunukasozlik va boshqalar)ga ajraldi. Hunarmandchilik qanday tabiiy resurslarning mavjudligiga qarab, mas, paxta va pilla bor yerda toʻqimachilik, sifatli xomashyo bor yerda kulolchilik, jun va teri koʻp yerda toʻqimachilik va koʻnchilik, shunga qarab kosibchilik, oʻrmonlar koʻp yerda yogʻochsozlik, maʼdanlarga boy yerlarda metall ishlab chiqarish va temirchilik, dengiz va daryo boʻylarida kemasozlik va boshqa rivoj topgan. Jamiyat taraqqiyoti bosqichlari, mehnat taqsimoti bilan aloqador holda hunarmandchilikning 3 turi shakllangan: 1) uy hunarmandchiligi; 2) buyurtma bilan mahsulot tayyorlaydigan hunarmandchilik; 3) bozor uchun mahsulot tayyorlaydigan hunarmandchilik. Uy hunarmandchiligi kapitalizmga qadar boʻlgan davrlarda hunarmandchilikning eng koʻp tarqalgan turi boʻldi. Hunarmandchilikning bu turi natural xoʻjalikning ajralmas qismi hisoblanadi. Shaharlar rivoji buyurtma bilan hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash va bozorga hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning jadal oʻsishi bilan uzviy bogʻliq. Natijada hunarmandchilik mahsulotlari tovarga aylandi, tovar ayirboshlash uchun ishlab chiqariddi. Davr taqozosi bilan H. ning yangi-yangi turlari vu-judga keldi. Hunarmandlar ham turli mahsulotlar tayyorlash boʻyicha ixtisoslasha bordilar. Shaharlardagi mahallalar hunarmandlarning kasbkoriga qarab shakllangan (XX asrning boshlarida Toshkentda koʻnchilar, kulollar, egarchilar, beshikchilar, oʻqchilar, kosiblar mahallalari boʻlgan). Ayrim mahalla, kvartal, shaharlar hunarmandchilikning maʼlum mahsulotlari bilan shuhrat qozona boshladilar.

Tarixi

tahrir

Hunarmandchilik tovar-pul munosabatlariga kengroq va chuqurroq tortilganligi sari tabaqalashdi. Uddaburon va serharakat hunarmandlar boyib dastlabki kapital jamgʻarilishi tufayli kapital sohibiga aylandi va ularning ustaxonalari negizida kichik zavod va fabrikalar vujudga keldi, bu korxonalarda kambagʻallashgan hunarmandlar yoʻllanib ishlay boshladi. Natijada hunarmandchilikning rivoji bozor iqtisodiyotining kapitalistik shaklini yuzaga keltirdi. Hunarmandchilik Yevropa shaharlarida sanoat rivojiga ham oʻz hissasini qoʻshdi (toʻqish dastgohlari takomillashdi, 14-asr oʻrtalarida Germaniyada domna pechlarining paydo boʻlishi metallurgiyada jiddiy oʻzgarishlarga olib keldi. 14-15-asrlarda oʻq otar qurollar ishlab chiqarila boshlandi). Kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari H.ning keyingi taraqqiyotiga zarba berdi, hunarmandchilikning koʻpgina sohalari tushkunlikka uchradi. Sanoat toʻntarishi oqibatida tez va arzon ommaviy ishlab chiqarila boshlagan fabrika, zavod mahsulotlari hunarmandchilik mahsulotlarini bozordan siqib chiqardi.

Rivojlangan mamlakatlarda yakka buyurtmalar va qimmatbaho badiiy buyumlar tayyorlaydigan hunarmandchilik sohalarigina (tikuvchilik, etikdoʻzlik, gilamchilik, zargarlik, oʻymakorlik va boshqalar) saqlanib qoldi.

20-asr boshlarida esa mashinalashgan ishlab chiqarish keng yoʻlga qoʻyilishi bilan hunarmandchilik mahsulotlarining tur tarkibi va ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. 20-asr davomida va 21-asr boshlariga kelib yirik industrial ishlab chiqarish qaror topgan boʻlsa-da, hunarmandchilikning mavqei saqlanib qoldi. Hunarmandchilikning bozorda segmenti kichik boʻlganidan yirik ishlab chiqarish egallay olmaydigan, talab individuallashgan oʻz oʻrni bor. Mini texnologiyaning paydo boʻlishi hunarmandchilikda tovarlarni yakka tartibda va sifatli ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunga milliy ustboshlar, milliy cholgʻu asboblari, mayda asbob-uskunalar, turli yodgorlik buyumlari ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni kiritish mumkin. Hozirgi hunarmandchilik kichik biznes tarkibidagi yakka mehnat faoliyati va oilaviy korxonalardan iborat.

Oʻzbekiston hududida neolit davridayoq hunarmandchilikning dastlabki muhim tarmogʻi hisoblangan sopol buyumlar ishlab chiqarish va toʻqimachilik vujudga keldi (Xorazm vohasidagi Kaltaminor madaniyati, Surxondaryodagi Sopollitepa va boshqalar). Miloddan avvalgi 2-asrdan boshlab hunarmandchilik mahsulotlari savdosida Buyuk ipak yoʻli muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻrta asrlarda Sharq mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (Arab xalifaligida poʻlat, Oʻrta Osiyo va Hindistonda shoyi, chinni, qogʻoz) Yevropa bozorlarida qadrlandi. Hindistonda paxtadan nafis mato, Xitoyda ipak mato toʻqiydigan dastgohlar vujudga keldi, Xitoy va Oʻrta Osiyoda shisha tayyorlash texnologiyasi takomillasha bordi.

9—10-asrlarda Oʻrta Osiyoda yirik hunarmandchilik markazlari paydo boʻldi. Ip mato, gilam (Urganch, Shosh), shoyi (Marv), mis va temirdan yarogʻ-aslaha, pichoq tayyorlash (Fargʻona), shoyi matolar, shisha mahsulotlari tayyorlash (Buxoro) avj oldi. 13-asrda moʻgʻullar bosqini hunarmandchilik rivojiga zarba berdi. Temuriylar davlatining vujudga kelishi hunarmandchilik rivojiga juda katta ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Oʻrta Osiyoda hunarmandchilikning barcha turlari 20-asrning 20-yillarigacha saqlandi. Buxoro, Samarqand, Qoʻqon, Xiva, Toshkent kabi shaharlarning ishlab chiqarish munosa-batlarida hunarmandlik katta rol oʻynadi (19-asrning 60-yillarida Xivada hunarmandchilikning 27 turi rivoj topgan, shahardagi bozorlarda hunarmandlarning 556 doʻkoni boʻlgan, 80-yillarda shaharda 2528 xoʻjalik hunarmandchilik bilan shugʻullangan).

Oʻzbekistondagi huanrmandchilik chuqur ixtisoslashgan boʻlib, oʻzida xilma-xil kasbkorlarni birlashtirgan. Masalan, terini qayta ishlash sohasida koʻnchilar, etikdoʻzlar, maxsidoʻzlar, kovushchilar, egar-jabduqchilar, telpakchilar, poʻstinchilar, kamarchilar, toʻqimachilik sohasida boʻzchilar, atlaschilar, gilamchilar, sholcha va namatchilar; metallni ishlash sohasida temirchilar, taqachilar, misgarlar, chilangarlar, zargarlar kabi kasblar boʻlgan. Bular hunarmandchilikning tarmoq strukturasini belgilangan.

Sharqdagi musulmon ustaxonalarida boʻlgani kabi Oʻzbekistonda chevarlik, kashtachilik bilan ayollar uyda oʻtirib shugʻullanishgan. Hunarmandchilikning ijtimoiy strukturasida usta, xalfa va shogird kabi ijtimoiy toifalar mavjud boʻlgan. Hunarmandchilikning ichki tartib va qoidalarini uning nizomi sifatidagi „Risolalar“ belgilab bergan. Har bir kasbning oʻz rahnamosi, yaʼni piri va „Risolasi“ boʻlgan, avloddan-avlodga oʻtuvchi odatlari va udumlariga rioya etilgan. Masalan, ish boshlashdan oldin usta oʻz pirini yodga olib undan madad soʻrash, shogirdiga fotiha berish kabi odatlarga amal qilingan.

Oʻzbekiston Rossiya mustamlakasiga aylangach, hunarmandchilik metropoliya sanoatining raqobatiga duch kelib, oʻzining ilgarigi mavqeini yoʻqotgan boʻlishiga qaramay, uning koʻp tarmoqlari saqlanib qoldi, chunki u milliy ehtiyojni qondiradigan tovarlarni, chunonchi, kiyim-kechak, idish-tovoq, turli uy-roʻzgʻor buyumlari, mayda mehnat qurollarini yaratib, ularni mahalliy bozorga yetkazib berdi. Hunarmandchilikning yashovchanligini taʼminlashda chet eldan keltirilgan xom ashyo, materiallar, kichik uskunalar muhim rol oʻynadi. Masalan, AQShdan keltirilgan teri boʻyogʻidan foydalanib koʻnchilar amirkon deb nomlangan yupqa charm ishlab chiqara boshladi. Shu munosabat bilan amirkon etik, mahsi va kovushlar paydo boʻldi. Germaniyadan „Zinger“ firmasining tikuv mashinalari keltirilishi bilan tikuvchilik (chevarlik) keng yoyildi.

20-asrning 20-yillarida shoʻrolar hokimiyati qaror topishi bilan hunarmandlarning asosiy qismi dastlab artellarga, keyinchalik, zavod, fabrikalarga, badiiy buyumlar korxonalariga jalb qilindi. Ularga xom ashyo, material, asbob-uskunalar davlat tomonidan yetkazib beriladigan, yaratilgan mahsulotlar doʻkonlar va matbubot kooperatsiyasi orqali sotiladigan boʻldi. Isteʼdodli hunarmandlar ijodiy tashkilotlarga qabul qilindi, amaliy bezak sanʼati rivojlantirildi (masalan, 30-yillarda Toshkentda oʻquv ishlab chiqarish kombinati tashkil etilib, yosh hunarmandlar unda taʼlim oldilar, 1968 yilda Buxoroda kandakorlar maktab ustaxonasi, 1978 yilda Qoʻqonda yogʻoch oʻymakorligi maktab ustaxonasi tashkil topdi).

Mustaqillik davri

tahrir

Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgandan soʻng hunarmandchilik rivojida yangi davr boshlandi, xalq hunarmandchiligi bozor qoidalari zamirida qaytadan tiklandi. Oʻzbekistonda mahalliy sanoat korxonalarining birinchilar qatori xususiylashtirilishi natijasida mayda davlat korxonalari hunar-mandlarning xususiy korxonalariga aylantirildi, yangi hunarmandchilik korxonalari ochildi. Hunarmandchilik faqat ichki bozorga emas, balki eksportga ham ishlay boshladi. Hunarmandchilikning tashkiliy shakli ham oʻzgardi: kichik oilaviy korxona, yakka tartibdagi mehnat faoliyati shaklida rivojlana bordi. 1995 yil 24—25 oktabrda Toshkentda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan amaliy hamkorlikda Oʻzbekiston xalq ustalari va hunarmandlari 1-Respublika yarmarkasi oʻtkazildi. 1997 yilda respublika xalq amaliy sanʼati va hunarmandlari ustalarining „Usto“ ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi tashkil topdi. Respublika birinchi Prezidenti 1997 yil 31 martidagi „Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirishni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni va boshqa tadbirlar Oʻzbekistonda hunarmandchilikning tiklanishi va yanada rivojlanishida, uning unutilgan baʼzi turlarini qayta tiklashda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Hunarmandlar dastlab Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar palatasiga, soʻngra Savdo-sanoat palatasiga kirdilar. Ular maxsus tashkilot – „Hunarmand“ Respublika uyushmasiga birlashtirildi. Hunarmandchilik subʼyektlari Oʻzbekistonda tadbirkorlar, hunarmandlar va fermer xoʻjaliklarining har yili oʻtkaziladigan „Tashabbus“ respublika koʻrik-tanlo-vida ishtirok etadilar. 1996—2005 yillar mobaynida 10 nafar hunarmand xalq hunarmandchiligida erishgan yutuqlari uchun „Tashabbus“ tanlovining gʻolibi deb topildi.

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir



  NODES
Done 1