Ikki qanotlilar

hasharotlar turkumi

Ikki qanotlilar, qoʻsh qanotlilar (lotincha: Diptera) — hasharotlar turkumi. taxminan 80000 ga yaqin turi maʼlum. Oʻrta koʻkrakka birikadigan bir juft qanotlari boʻladi. Keyingi juft qanoti reduksiyalanib, tovush chiqaruvchi organga aylangan. Qanotlari asosi juda kambar, koʻpincha kichkina boʻrtma – „qanotcha“ hosil qiladi. Boshi harakatchan, koʻzlari yirik, fasetkali; koʻkragi yaxlit. 3 kenja turkumga – uzun moʻylovlilar, kalta moʻylov kalta choklilar va kalta moʻylov doira choklilarga boʻlinadi. Kenja turkumlar imagosi, lichinkasi va gʻumbaklarining bir qancha belgilari bilan bir-biridan farq qiladi. Ikki qanotlilar hamma joyda tarqalgan; koʻpchilik turlari (gessen chivini, karam chivini, piyoz chivini va boshqalar) qishloq xoʻjaligi ekinlariga katta zarar yetkazadi. Bir qancha turlari (soʻnalar, chivinlar, qon soʻruvchilar) qishloq xoʻjaligi hayvonlariga, baʼzi turlari (mas, bezgak pashshasi, chivinlar va boshqalar) esa odamlarga yuqumli kasalliklar tarqatadi. Afrikada yashaydigan se-se chivini uyqu kasalligini qoʻzgʻatuvchi tripanosomani yuqtiradi. Ikki qanotlilar oʻsimliklarning changlanishida ishtirok etadi; baʼzilari (mas, taxin chivinlar) lichinkalik davrida zararkunanda hasharotlarda parazitlik qiladi. Sirfidlarning lichinkalari oʻsimlik bitlari bilan oziqlanib, ular sonini kamaytirishga yordam beradi[1].

Ikki qanotlilar
Yaproq ustiga qoʻbgan anthomyiid pashshasi.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil


  NODES