Kommunizm (lotincha: communis — „umumiy“)[1][2] — xususiy mulkchilikni inkor qilishga asoslangan turli qarashlarning umumiy nomi (ibtidoiy kommunizm, xayoliy kommunizm, „kazarma“ kommunizmi va boshqalar). Unga koʻra, yagona umumiy (ijtimoiy) mulk jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishining asosini tashqil qiladi. Bu gʻoya „ideal jamiyat“ nomi bilan Platon, keyinroq Thomas More, Tommaso Campanella, Charles Fourier va boshqalarning asarlarida ilgari surildi, Kommunizm yoki kommunistik jamiyat nomi bilan 19—20-asrlarda Karl Marx, Friedrich Engels va Vladimir Lenin asarlarida nazariy ifodasini topdi. Markscha tarixiy jarayon haqidagi qarashga binoan, Kommunizm — kapitalizm oʻrnini egallaydigan va oʻz taraqqiyotida 2 bosqich (faza) — sotsializm deb ataladigan quyi bosqich hamda toʻla Kommunizm deb ataladigan yuqori bosqichni bosib oʻtadigan ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyadir. Kommunizm nazariyotchilari bu ikki bosqichning oʻziga xos jihatlari hamda umumiy tomonlari mavjudligini koʻrsatishga urinishgan. Umumiy tomoni iqtisodiy jihatdan yagona ijtimoiy mulkka asoslanganligi, oʻziga xos tomoni esa — mehnat taqsimoti tamoyili bilan belgilanadi, deb uqtirishgan. Chunonchi, ular Kommunizmda „har kimdan qobiliyatiga yarasha, har kimga ehtiyojiga yarasha“ tamoyili amal qiladi, „Kommunizmda muhim ijtimoiy tafovutlar boʻlmaydi, hamma teng boʻladi“, „davlat oʻz vazifasini bajarib boʻladi va barham topadi“, deb hisoblashgan.

Kommunizm ramzi: Qizil yulduzcha ichidagi bolgʻa va oʻroq.

Kommunizm gʻoyasining asosida tarixni faqat materialistik tushunish, formatsiyaviy qarash, sinfiylik va partiyaviylik tamoyillariga asoslanish, proletariat manfaatlarinigina himoya qilish kabilar yotadi. Jamiyat taraqqiyoti qonunlariga, inson erkinligi, mustaqillik va demokratiya tamoyillariga zid boʻlgan bu gʻoyalar sobiq SSSR hududida, „sotsialistik lager“ deb atalgan jahon sotsialistik sistemasi davlatlarida tatbiq qilindi. 20-asrning 20-yillaridan zoʻrlik yoʻli bilan proletariat (amalda partiya)ning maʼmuriy-buyruqbozlikka asoslangan diktaturasi oʻrnatildi. Rivojlanish va taraqqiyotning xilma-xilligi, turli xalqlar va mamlakatlarga xos milliymaʼnaviy xususiyatlarning mavjudligi inkor etildi. Dunyo mamlakatlari va xalqlarining yagona kommunistik jamiyatga borishini asoslashga harakat qilindi. Birok, Kommunizmning „erkinlik“, „tenglik“ toʻgʻrisidagi shiorlari soxta va asossiz ekanligi maʼlum boʻldi.

Manbalar

tahrir
  1. Ball, Terence; Dagger, Richard, eds (2019). "Communism". Encyclopædia Britannica. https://www.britannica.com/topic/communism. <!--->
  2. "Communism". World Book Encyclopedia. 4. Chicago: World Book. 2008. 890 b. ISBN 978-0-7166-0108-1. 



  NODES
Idea 1
idea 1