Loviya (Phaseolus) — dukkaklilar oilasiga mansub bir yillik va koʻp yillik oʻsimliklar, lianalar, chala butalar turkumi; dukkakli don ekini. Tropik va subtropiklarda, asosan, Amerikada 200 dan ortiq turi uchraydi. Jahon dehqonchiligida L.ning oddiy L. (P. vulgaris) turi (vatani — Markaziy va Janubiy Amerika) eng koʻp tapqalgan. Shuningdek, koʻpgulli L., lima L.si, ingichka bargli L., osiyo L.si, adzuki L., guruchsimon L. va boshqa turlari ham ekiladi. Yer yuzida L. ekiladigan maydonlar 22 mln.ga (1999). Hindiston, Braziliya, Xitoyda katta maydonlarda yetishtiriladi. Oʻzbekistonda qadimdan oddiy L. ekiladi. Ildizi — oʻq ildiz, yaxshi rivojlanadi, tuproqqa 1,5–2 m chuqurlikkacha kirib boradi. Ildizida tuganaklar rivojlanadi. Poyasi oʻtsimon, shoxlanadi, ayrim turlari chirmashib, 3–4 m gacha yetadi. Bargi murakkab, toq, patsimon, uch boʻlakli. Guli ikki jinsli, barg qoʻltiqlarida bittadan yoki shingil toʻplam hosil qilib joylashadi. Mevasi dukkak, rangi och pushti yoki toʻq jigarrang , kora. Dukkagida 6—12 ta urugʻ boʻladi. Urugʻi buyraksimon, rangi oq, sariq, pushti va boshqa rangda. 1000 donasi 50—370 g .

L. issiqsevar oʻsimlik, urugi kamida 8—10° da unib chiqadi. Maysasi — 0,5, — 1,0° da nobud boʻladi. Maysalanishi uchun 15—18°, gullashi uchun eng qulay harorat 18—25°, meva hosil qilishi uchun 20—23°. L. namsevar, Oʻzbekistonda suvli yerlarga ekiladi. Unumdor tuproq sharoitlariga talabchan. Oʻsuv davri 75—120 kun. Yormasi oqsilga boy, yuqori kaloriyaga ega. Tula pishmagan dukkaklari va donlaridan konserva ishlab chiqariladi. Doni tarkibida 20—31% oqsil, 0,7-3,6% moy, 50-ye kraxmal, 2,3—7,1% kletchatka, alkil kislotalar mavjud. Poyasi chorva mollari uchun yaxshi ozuqa hisoblanadi. Ayrim turlari manzarali oʻsimlik sifatida ekiladi. Tuproqni azot bilan boyitadi.

Asosiy ekin tarzida bahor (apr.ning oxiri yoki may oyi)da va takroriy ekin sifatida iyun oyida ekiladi. 1 ga maydonga 60–250 kg urugʻlik sarflanadi. Ekish chuq. 3—5 sm. Hosil dukkaklari 75—80% pishganda, dukkaklar kam chatnaydigan vaqtda yigʻiladi, xirmonda quritiladi, tozalanadi. Hosildorligi 25—40 s/ga.

Navlari. Oʻzbekistonda sugʻoriladigan yerlarda Navroʻz, Kaxrabo va boshqa navlari ekiladi.

L. zararkunandalari: loviya va noʻxat donxoʻrlari; kas al li kl ardan eng koʻp zararlaydigani antraknoz va bakterioz.

Adabiyot

tahrir
  • Otaboyeva H. va boshqa, Oʻsimlikshunoslik, T., 2000.

Halima Otaboyeva.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




  NODES
chat 2