Moʻyna — moʻynali hayvonlar terisi. Suvsar, oq sichqon, sassiqkoʻzan, tiyin, tulki, tovushqon, norka, qunduz, ondatra, nutriya, sugʻur, yumronqoziq va boshqa moʻynasi qadrlanadi. Moʻynaning qishki va bahorgi xillari boʻladi. Sifati juni va terisiga karab belgilanadi. Junining asosiy xossalari: uzunligi, qalinligi, yoʻgʻonligi, elastikligi (mayinligi), rangi, yaltiroqligi, pishiqligi; terisining qalinligi, puxtaligi, tigʻizligi, oʻlchami, vazni, issiq oʻtkazuvchanligi va boshqa moʻyna terisi hamda junining xossalari hayvon tirik vaqtida, shuningdek, shilib olinganidan keyin ham oʻzgarishi mumkin. Hayvonning tirik vaqtidagi oʻzgarishlar iqlim, yil fasli, yashash muhiti, oziqlar va organizmning fiziologik holatiga bogʻliq. Mavsumiy oʻzgarishlarga qarab, I, II, III, baʼzan IV navlariga boʻlinadi. Qishki moʻyna I, kech kuzgisi II, erta kuzgisi va bahorgisi III hamda IV navlarga oʻtadi.

Terini dastlabki ishlash yogʻidan tozalash, eni-boʻyini tortib toʻgʻrilash va quritish, oshlash yoki maxsus reaktivlar bilan ishlab konservalashdan iborat. Koʻp qoʻllaniladigan konservalash usuli hech qanday kimyoviy modda ishlatmay, terini quritishdir. Bunda terilar ramalarga yoki yogʻochlarga tortib quritiladi. Qurigan teri namligi 16—18% boʻlishi kerak. Qalin terilar oshlanadi, keyin quritiladi. Terini hasharot (kuya va terixoʻr)lardan saqlash uchun teri hamda binoga xlorofosning 1% li eritmasi (1 m² ga 60—100 ml) sepiladi. Moʻyna sifati hayvonni soʻyish, terini shilish, dastlabki ishlov berish va uni saqlash rejimiga ham bogʻliq.

Moʻyna sanoati — yengil sanoatning moʻynali hayvonlar va qoʻy terisini qayta ishlaydigan va turli moʻyna hamda poʻstin mahsulotlari ishlab chiqariladigan tarmogʻi. Oʻzbekistonda qadimdan moʻynadoʻzlik bilan shugʻullanadigan yakka hunarmandlar tulki, boʻri, boʻrsiq, quyon, suvsar terilari va oshlangan qoʻy terisidan poʻstin, telpak va boshqa buyumlar tikkanlar. XIX asrning oxiriga qadar Oʻzbekistonda moʻyna terilariga oddiy, xonaki usulda, asosan, kimyoviy moddalar qoʻllanilmay, oʻsimlik boʻyoqlari, mahalliy oshlovchi moddalar bilan ishlov berilgan. 20-asrning 20-yillar boshidan hunarmandlar artellarga birlashtirildi. Toshkent koʻn-moʻyna va Buxoro qorakoʻl teri zavodlari Moʻyna dagi yirik korxonalardir. Toshkent koʻnmoʻyna zavodi 1956-yil charmgalanteriya buyumlari kombinati nomi bilan tashkil qilingan. Ayollar va bolalar paltosi, bosh kiyimlar, astari moʻyna, avrasi gazlama boʻlgan buyumlar ishlab chiqaradi. Bu zavod Samarqand teri xom ashyosi zavodidan hamda respublika goʻsht kombinatlaridan keltiriladigan xom ashyodan foydalanadi. Buxoro qorakoʻl zavodida qorakoʻl terilariga ishlov beriladi. 1996-yildan Namanganda sunʼiy moʻyna fabrikasi (Oʻzbekiston-Germaniya qoʻshma korxonasi) ishga tushirildi. Keyinchalik moʻynali kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqaradigan koʻplab sexlar va qoʻshma, kichik korxonalar ishga tushirildi. Oʻzbekiston qorakoʻl terilarining koʻpgina navlari jahon andozalariga mos va xalqaro bozorda yuqori baholanadi. "Oʻzbek qorakoʻli" kompaniyasi tarkibidagi xoʻjaliklar va korxonalar qorakoʻl teri yetishtirish, uni oshlash, qorakoʻldan tikilgan turli kiyimboshlar ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanadi. Oʻzbekistonda 2002-yilda 685 ming (2000-yilda 743,5 ming) dona qorakoʻl teri tayyorlandi. Har yili 50 mingdan ortiq teri eksport qilinadi.

Respublikada moʻynali hayvonlar — ondatra, nutriya, qunduz kabi moʻynali hayvonlarni sanoat usulida boqish — darrandachilik yoʻlga qoʻyilgan. Ulardan olingan moʻynalardan ustki va bosh kiyimlar tikiladi.[1]

Yana q.

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



  NODES