Oligofreniya (oligo... va phren — akl), aqliy norasolik — tugʻma yoki 3 yoshgacha boʻlgan davrda orttirilgan ruhiy rivojlanmay qolish bilan kechadigan kasalliklar guruhi. Bu nom nemis psixiatri E.Krepilin tomonidan berilgan. Oligofreniya ayollarga nisbatan erkaklar orasida koʻproquchraydi. Oligofreniyaning yengil — debillik, oʻrtacha — imbetsillik va ogʻir idiotlik (idiotizm) turi farq qilinadi. Oligofreniyaning sabablari xilma-xil. Bularga genetik-irsiy omillar, xromosomalarning buzilishi, ota-ona kasalliklari, ayniqsa, onaning homiladorlik vaqtidagi kasalliklari va zaharlanishlari, bolaning tug'ilish davridagi shikastlanishlari hamda bola tugʻilgandan keyin 3 yil ichida oʻtkazgan ogʻir kasalliklari (meningit, ensefalit va hokazo), miyaning shikastlanishlari va boshqa kiradi.

Oligofreniyaning asosiy belgisi ruhiy faoliyatning hamma tomonlama yetishmasligi, shaxsning bilim va koʻnikmalarining yetuk emasligi, tafakkuri, fikrlash qobiliyatining chegaralanganligi yoki umuman yoʻqligi ham kirishi mumkin. Shaxsiy rivojlana va kamol topa borgani sari uning fikrlashi abstraktlasha boshlaydi, yaʼni aniq narsalar va belgilarga qarab tafakkuri boyiydi. Dastlab bir sonni boshqasiga qoʻshish kerak boʻlsa, bunda bolalar konkret predmetlarni koʻzda tutadilar. Keyinroq predmetlashgan sonlar oʻrniga faqat quruq sonlarning oʻzi qolaverishi mumkin boʻlib qoladi, yaʼni oʻsha konkret narsalar, buyumlar (predmetlar) mavhumlashadi. Mana shu jarayonga ular tushunib yetmaydilar. Karra jadvalni yodlab olib aytib berish — konkret hodisadir, konkret xotira faoliyatidir. Biroq bu jadval ichida ayirish, qoʻshish, boʻlish kabi amallarni bajarishda mavhumlashgan fikrlar zarur boʻladiki, buni bajarishda aqli zaif bolalar juda qiynaladilar yoki butunlay bajara olmaydilar. Fikrlarni abstraksiya qilish qobiliyatining yoʻkligini, soʻzlarning maʼnosiga tushunib yetmaslik holatlarini ham koʻrish mumkin. Oligofreniyada soʻz boyligi, soʻzlash qobiliyati, hissiyotlar, harakatlar ham sayoz boʻladi. Koʻpincha bunday bemorlarda turli xil tugʻma nuqsonlar (anomaliyalar) kuzatiladi. Bularga muskullarning zaifligi (parez), bosh miya chanogʻining katta yoki kichikligi hamda qiyshiq boʻlishi, koʻz, quloq, burun, ogʻiz boʻshligʻi, qoʻl-oyoq panjalari kamchiliklari yoki nuqsonlari va boshqa kiradi. Kattaroq yoshga yetgan aqliy noraso bemorlarda daydilik, ovqatlanish va jinsiy hislarning oshishiga taalluqli xattiharakatlar, itoat etmaslik, qaysarlik yoki tajovujkorlik belgilari kuzatiladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




  NODES