Oskar Schindler (nemischa: [ˈɔskaʁ ˈʃɪndlɐ] ( tinglang); 1908-yil 28-aprel – 1974-yil 9-oktyabr) nemis sanoatchisi, gumanitar va fashistlar partiyasining aʼzosi. Holokost paytida 1200 yahudiyning hayotini saqlab qolgan, ularni bosib olingan Polsha, Bogemiya va Moraviyaning Protektoratidagi emal idishlar va oʻq-dorilar ishlab chiqaradigan zavodlarida ishlatgan. Oskar Schindler 1982-yilgi Schindler's Ark (Schindler kemasi) romani va uning 1993-yilgi moslashtirilgan Schindler roʻyxati kinosining asosiy qahramon boʻlib, u yahudiy xodimlarining hayotini saqlab qolishda gʻayrioddiy tashabbus, qatʼiyat, jasorat va fidoyilik koʻrsatish, shuningdek foyda qilish uchun kelgan opportunist sifatida tasvirlanadi.

Oskar Schindler
Tavalludi 28-aprel 1908-yil
Vafoti 9-oktyabr 1974-yil(1974-10-09)
(66 yoshda)
Hildesheim, Quyi Saxony, Gʻarbiy Germaniya
Fuqaroligi Uchinchi reyx va Germaniya Federativ Respublikasi[1]
Kasbi sanoatchi
Partiyasi
Turmush oʻrtogʻi
Emilie Pelzl (turm. 1928)
Bolalari 2

Schindler Moraviyaning Svitavy shahrida oʻsgan va 1936-yilda fashistlar Germaniyasining harbiy razvedka xizmati Abverga qoʻshilgunga qadar bir nechta ishlarda faoliyat olib borgan. U 1939-yilda fashistlar partiyasiga qoʻshilgan. 1938-yilda nemislar tomonidan Chexoslovakiyani bosib olish boshlanishidan oldin Germaniya hukumati uchun temir yoʻllar va qoʻshinlar harakati haqida maʼlumot toʻplagan. Oskar Chexoslovakiya hukumati tomonidan josuslikda ayblanib hibsga olingan, ammo oʻsha yili Myunxen kelishuvi shartlariga koʻra ozod qilingan. U natsistlar uchun maʼlumot toʻplashni davom ettirgan, 1939-yilda Polshada Ikkinchi Jahon urushi boshlanishidan oldin shu yerga kelib ish boshlaydi. 1939-yilda Oskar Polshaning Krakov shahridagi emal ishlab chiqaruvchi zavodni sotib oladi, zavod 1944-yilda oʻz rivojining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan vaqtda 1750 ga yaqin ishchini ish bilan taʼminlagan edi, ishchilardan 1000 nafarini yahudiylar tashkil etgan. Oskarning Abver aloqalari unga yahudiy ishchilarini fashistlar konslagerlarida deportatsiya qilinish va oʻlimdan himoya qilishiga yordam bergan. Vaqt oʻtishi bilan u oʻz ishchilarining xavfsizligini taʼminlash uchun natsist amaldorlarga kattaroq miqdorda pora va faqat qora bozordangina sotib olinadigan qimmatbaho va noyob narsalarni sovgʻa qilishga majbur boʻladi.

1944-yil iyuliga kelib Germaniya urushda magʻlub boʻladi; SS eng sharqiy konslagerlarni yopishni va qolgan mahbuslarni gʻarbga surgun qilishni boshlaydi. Koʻpchilik Osvensim va Gross-Rozen kontslagerida oʻldirilgan. Schindler yaqin atrofdagi Krakov-Plassov konslageri komendanti SS- gauptsturmfürer Amon Göthni oʻz fabrikasini Chexiya va Moraviya protektoratidagi Brněnec shahriga koʻchirishga koʻndiradi hamda shu bilan oʻz ishchilarini gaz kameralarida oʻlib ketishlikdan asrab qoladi. Gettoning yahudiy politsiyasi xodimi Marsel Goldberg tomonidan berilgan ismlardan foydalanib, Gothning kotibi Mietek Pemper 1944-yil oktyabr oyida Brünnlitsga yuborilgan 1200 nafar yahudiy roʻyxatini tuzadi. Schindler 1945-yil may oyida Yevropada Ikkinchi Jahon urushi tugaguniga qadar ishchilarining qatl etilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun SS rasmiylariga pora berishni davom ettiradi. Ushu vaqtga qadar u butun boyligini poralar berishga va ishchilarining hayotini asrab qolish uchun qora bozordan noyob buyumlar sotib olishga sarflaydi.

Schindler urushdan keyin Gʻarbiy Germaniyaga koʻchib oʻtadi va u yerda yahudiy yordam tashkilotlarining toʻlovlari evaziga yashaydi. Urush paytidagi xarajatlarini qisman qoplagandan soʻng, u rafiqasi Emilie bilan Argentinaga koʻchib ketadi va u yerda dehqonchilik bilan shugʻullanadi. 1958-yilda bankrot boʻlgach, Schindler xotinini tashlab Germaniyaga qaytib keladi va u yerda bir nechta biznes tashabbuslarida muvaffaqiyatsizlikka uchraydi hamda urush paytida hayotini saqlab qolgan Schindlerjuden („Shindler yahudiylari“)ning moliyaviy yordamiga tayanishga majbur boʻladi. U 1974-yil 9-oktyabrda Germaniyaning Hildesheim shahrida vafot etadi va Quddusdagi Zion togʻida dafn etiladi. U natsistlar partiyasining shu tarzda sharaflangan yagona sobiq aʼzosi hisoblanadi. Oskar Schindler va uning rafiqasi Emilie 1993-yilda Isroil hukumati tomonidan Millatlar orasida adolat deb nomlangan jamiyat aʼzosi etib tayinlangan.

Bolaligi

tahrir

Schindler 1908-yil 28-aprelda Avstriya-Vengriyaning Moraviyadagi Svitavy shahrida Sudet nemis oilasida tugʻilgan. Uning otasi Johann „Hans“ Schindler, qishloq xoʻjaligi texnikasi biznesining egasi, onasi esa Franziska „Fanny“ Schindler (née Luser) edi. Uning singlisi Elfriede 1915-yilda tugʻilgan. Boshlangʻich va oʻrta maktabda oʻqiganidan soʻng, Schindler texnikumga oʻqishga kiradi va 1924-yilda hisobot kartasini qalbakilashtirgani sababli ham u yerdan haydaladi. Keyinchalik oʻqishni tugatadi, lekin unga kollej yoki universitetga kirish imkonini beradigan Abitur imtihonlarini topshirmaydi. Buning oʻrniga u Brnoda bir nechta kasblar, jumladan, haydovchilik va mashinasozlik boʻyicha kurslarni oʻqib bitiradii va otasining qoʻlida uch yil ishlaydi. Oskar yoshligidan mototsikl ishqibozi boʻlgani uchun 250 kubometrli Moto Guzzi poyga mototsiklini sotib oladi va keyingi bir necha yil davomida togʻ poygalarida ishtirok etadi[2].

1928-yil 6-martda Schindler Maleteynlik Sudet nemis fermerining qizi Emilie Pelzlga uylanadi[3]. Ular Oskarning ota-onasinikiga koʻchib oʻtishdi va yuqori qavatdagi xonalar yetti yil davomida birga yashaydilar[4].

Uylanganidan koʻp oʻtmay, Schindler otasi bilan ishlashni toʻxtatib, bir qator ishlarga, jumladan Moraviya elektrotexnika va haydovchilik maktabini boshqarishga kirishadi. Chexiya armiyasidagi 18 oylik xizmatdan soʻng, u 31-armiyaning oʻninchi piyoda polkida nayzali kapral darajasiga koʻtariladi. Keyinchalik Oskar Moraviya elektrotexnika maktabiga qaytib keladi va koʻp oʻtmay bankrot boʻladi. Otasining qishloq xoʻjaligi texnikasi biznesi ham ayni shu vaqtda yopiladi va Schindler bir yil davomida ishsiz qolib ketadi. U 1931-yilda Praganing Jaroslav Šimek bankiga ishga joylashadi va u yerda 1938-yilgacha faoliyat olib boradi[2].

Schindler 1931 va 1932-yillarda jamoat joylarida mast holatda harakatlangani uchun bir necha marta hibsga olingan. Shuningdek, oʻsha paytda u maktabdagi doʻsti Aurelie Schlegel bilan ishqiy munosabatda boʻlgan. Ularning 1933-yilda tugʻilgan Emily ismli qizi va 1935-yilda dunyoga kelgan kichik Oskar ismli oʻgʻli bor edi. Keyinchalik Schindler bola uning oʻgʻli emasligini aytadi[2]. Schindlerning otasi alkogolizm sababli 1935-yilda xotinini tashlab ketadi. Bir necha oydan oʻtgach ayol uzoq davom etgan kasallikdan soʻng vafot etdi[4].

Abver uchun josus

tahrir

Schindler 1935-yilda separatist Sudet nemis partiyasiga qoʻshildi[2]. Chexoslovakiya fuqarosi boʻlsa-da, Schindler 1936-yilda fashistlar Germaniyasining harbiy razvedka xizmati Abver uchun josuslik vazifasini bajaradi. U Breslau shahrida joylashgan Abwehrstelle II Commando VIII ga nazoratchi etib tayinlangan[2]. Keyinchalik, Chexiya politsiyasiga pul kerak boʻlgani uchun shunday qilganligi maʼlum boʻladi. Bu vaqtga kelib, Schindler ichkilik muammosiga duch kelgan va katta miqdordagi qarzga botgan edi[2].

Uning Abver uchun qilgan vazifalariga temir yoʻllar, harbiy inshootlar va qoʻshinlar harakati toʻgʻrisida maʼlumot toʻplash, shuningdek, fashistlar Germaniyasining rejalashtirilgan bosqinidan oldin Chexoslovakiya ichidagi boshqa aygʻoqchilarni yollash kabilar kirgan[2]. U 1938-yil 18-iyulda Chexiya hukumati tomonidan josuslik qilganligi sababli hibsga olingan, ammo Myunxen kelishuvi shartlariga koʻra siyosiy mahbus sifatida ozod etilgan, unga koʻra Chexiya Sudet viloyati 1-oktyabrda Germaniyaga qoʻshib olingan[2][5]. Schindler 1-noyabrda fashistlar partiyasiga aʼzo boʻlish uchun ariza beradi va keyingi yili unga qabul qilinadi[2].

Zvittauda moliyaviy tomonlama tiklanib olish uchun bir muncha vaqt oʻtkazgach, Schindler Abver boʻlinmasining ikkinchi qoʻmondonligiga koʻtariladi va 1939-yil yanvar oyida rafiqasi bilan Chexiya-Polsha chegarasidagi Ostrava (Ostrau) shahriga koʻchiriladi[2]. Mart oyida Gitler Chexoslovakiyaning qolgan qismini bosib olishidan oldingi davrda Oskar josuslik bilan shugʻullanadi. Emilie unga hujjatlarni rasmiylashtirish, maxfiy hujjatlarni qayta ishlash va Abver idorasi uchun kvartirasida yashirinishda yordam beradi[2]. Schindler ish yuzasidan Polshaga tez-tez sayohat qilgani sababli, u va uning 25 nafar agenti Polshaga rejalashtirilgan bosqin uyushtirish uchun Polsha harbiy faoliyati va temir yoʻllari haqida toʻliq maʼlumot toʻplash imkoniyatiga ega boʻladi[2]. Ana shunday topshiriqlardan biriga koʻra, uning boʻlinmasi nemis qoʻshinlari harakati uchun muhim deb hisoblangan Yablunkov dovonidagi temir yoʻl liniyasi va tunnel haqida maʼlumot berish va kuzatishni talab etgan[2]. Schindler 1940-yilning kuzigacha, u yerdagi Germaniya elchixonasiga tayinlangan Abver zobitlari oʻrtasidagi korrupsiyani tekshirish maqsdida Turkiyaga yuborilgunga qadar Abverda ishlashni davom ettirgan[2].

Ikkinchi jahon urushi

tahrir

Emalia

tahrir
 
Schindlerning ish stoli

Schindler birinchi marta 1939-yil oktyabr oyida Abver ishi bilan Krakovga (Krakau) keladi va keyingi oyda kvartira oladi. Emilie Ostravadagi kvartirayashashni davom ettiradi va haftasiga kamida bir marta Krakovdagi Oskarning uyiga tashrif buyuradi[3][2]. 1939-yil noyabr oyida u yangi kvartirasini bezash uchun ichki bezatish ustasi Mila Pfefferberg bilan bogʻlandi. Uning oʻgʻli Leopold „Poldek“ Pfefferberg tez orada uning qora bozor savdosi boʻyicha aloqachilaridan biriga aylandi. Oxir-oqibat ular bir umrlik doʻst boʻlishdi[2].

Oʻsha oyda Schindler Sternning sobiq yahudiylarga tegishli boʻlgan ish joyini Treuhander (ishonchli shaxs) sifatida egallab olgan Schindlerning Abver agenti Jozef „Sepp“ Auening hisobchisi Itzhak Stern bilan tanishgan[2]. Polsha yahudiylariga tegishli boʻlgan mulk, shu jumladan ularning mulklari, ish joylari va uylari bosqindan keyin darhol nemislar tomonidan tortib olingan va yahudiylarning barchasi fuqarolik huquqlaridan mahrum qilingan[6]. Schindler Itzhak Sternga olmoqchi boʻlgan kompaniyasining balansini koʻrsatdi, yahudiy ishbilarmonlar konsorsiumiga tegishli boʻlgan Rekord Ltd[a] deb nomlangan emal ishlab chiqaruvchi zavod oʻsha yil boshida bankrotlik toʻgʻrisida ariza bergan edi[2]. Stern unga kompaniyani Haupttreuhandstelle Ost (Sharq boʻyicha Bosh vasiylik idorasi) homiyligida vasiylik sifatida boshqarishdan koʻra, biznesni sotib olish yoki ijaraga olish kerakligini maslahat beradi, chunki bu unga natsistlarning buyrugʻlarini bajarishda kengroq erkinlik berardi, shu orqali koʻproq yahudiylarni yollash erkinligiga ham muvaffaq boʻlgan[2].

 
Oskar Schindlerning Emalia korxonasi bugungi kunda

Bir nechta yahudiy investorlarning, shu jumladan korxona egalaridan biri Avraam Bankierning moliyaviy yordami bilan Schindler 1939-yil 13-noyabrda zavodni norasmiy ijara shartnomasini imzolaydi va 1940-yil 15-yanvarda kelishuvni rasmiylashtiradi[b]. U korxonani Deutsche Emailwarenfabrik (Germaniya emalli buyumlar fabrikasi) yoki DEF deb oʻzgartiradi va korxona tez orada „Emalia“ nomi bilan mashhur boʻladi[2][7]. Schindler dastlab yetti nafar yahudiy ishchi (shu jumladan, unga kompaniyani boshqarishda yordam bergan Bankier[2]) va yahudiy boʻlmagan 250 polyakdan iborat xodimlar guruhini sotib olgan[2]. 1944-yilda korxona ishlab chiqarishining eng yuqori choʻqqisiga yetgan davrda, bu yerda 1750 ga yaqin ishchi ishlagan, ulardan ming nafari yahudiy boʻlgan[2]. Schindler, shuningdek, Schlomo Wiener Ltd ga oʻzining sirlangan idishlarini sotadigan ulgurji kiyim-kechaklarsotuvini boshqarishga yordam bergan va Prokosziner Glashütte shisha zavodining ijarachisi sifatida ham faoliyat olib borgan[2].

Schindlerning Abver bilan aloqalari hamda Vermaxt va uning Qurol-yarogʻ inspektsiyasidagi aloqalari unga harbiylar uchun sirlangan idishlar ishlab chiqarish boʻyicha shartnomalarga erishish imkoniyatini bergan[2]. Bu aloqalar keyinchalik unga yahudiy ishchilarini deportatsiya qilish va oʻlimdan himoyalashiga yordam bergan[2]. Vaqt oʻtishi bilan, Schindler oʻz ishchilarining xavfsizligini taʼminlash uchun fashist amaldorlariga koʻproq pora va faqat qora bozordagina topiladigan noyob buyumlarni sovgʻa qilishga majbur boʻladi[3]. Qora bozorning asosiy aloqachisi boʻlgan Bankier pora evaziga tovarlar va zavodda foydalanish uchun qoʻshimcha materiallar yetkazib beradi[2]. Schindlerning oʻzi dabdabali tarzda hayot kechiradi va oʻzining kotibi Viktoriya Klonovska va DEFdan sirlangan idishlarga ixtisoslashgan savdogar Eva Kisch Scheuer bilan nikohdan tashqari munosabatlarini muttasil davom ettirgan[2]. Emilie Schindler 1940-yilda bir necha oy muddatga bu yerga tashrif buyuradi va 1941-yilda Oskar bilan yashash uchun Krakovga koʻchib oʻtadi[7][3].

 
Krakovdagi Schindler zavodi, 2011-yil

Dastlab, Schindler asosan biznesning pul ishlash imkoniyatlari bilan qiziqqan va faqatgina yahudiylarni ishga olgan, chunki ularning ish haqi polyaklarnikidan koʻra kamroq boʻlgan[2]. Keyinchalik u oʻz ishchilarini xarajatlarini hisobga olmasdan turib himoya qila boshlagan[8]. Fabrikasining urush harakatlari uchun muhim biznes obyekti sifatida erishgan maqomi unga yahudiy ishchilarini himoya qilish imkonini beradigan hal qiluvchi omil boʻlgan. Shindlerjudenni (Schindler yahudiylari) deportatsiya qilish bilan tahdid qilishsa-da, Oskar ular uchun turli imtiyozlar talab qilgan. Uning taʼkidlashicha, xotinlar, bolalar va hatto nogironlar ham zarur mexanik ishchilar edi[8]. Bir marta, Gestapo Schindlerning oldiga kelib, undan qalbaki shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga ega boʻlgan oilani topshirishni talab qilgan. „Ular ichkariga kirganlaridan uch soat oʻtgach, – degande Schindler, – ikki mast gestapolik odam mahbuslarsiz va ular talab qilgan ayblov hujjatlarisiz kabinetimdan chiqib ketishdi“[9].

1940-yil 1-avgustda general-gubernator Hans Frank barcha Krakov yahudiylarini ikki hafta ichida shaharni tark etishini talab qiluvchi farmon chiqargan. Faqat nemis urushi bilan bevosita bogʻliq ishchilarga qolishga ruxsat beriladi. Oʻsha paytda shaharda yashovchi 60-80 ming yahudiydan 1941-yil martiga qadar faqat 15000 nafari qolgan. Keyinchalik bu yahudiylar anʼanaviy Kazimierz hududini tark etib, Podgorze sanoat tumanida tashkil etilgan devor bilan oʻralgan Krakov gettosiga koʻchib oʻtishga majbur boʻladilar[6][7]. Schindler ishchilari har kuni gettoga piyoda borib-kelishgan[7]. Schindler boshchiligidagi toʻrt yil ichida obyektni kengaytirish ishlari amalga oshirlib, ular: ambulatoriya, kooperativ, oshxona va ishchilar uchun ovqat xonasini qoʻshishni, shuningdek, fabrika va unga tegishli ofis maydonini kengaytirishni oʻz ichiga olagan[2].

Płaszów

tahrir
 
Krakov Gettosi

1941-yilning kuzida natsistlar yahudiylarni gettodan olib chiqishni boshlaydilar. Ularning aksariyati Bełżec qirgʻin lageriga yuborilgan va oʻsha yerda oʻldirilgan[7]. 1943-yil 13-martda getto faoliyati tugatiladi va hali ham ishlashga yaroqli boʻlganlar Płaszówdagi yangi kontslagerga yuboriladi[6]. Ishga yaroqsiz deb topilgan bir necha ming kishi qirgʻin lagerlariga yuborilib, oʻldiriladi; yana yuzlab odamlar gettoni tozalash vaqtida fashistlar tomonidan koʻchalarda otib oʻldirilgan. Wehrmacht bilan aloqalari tufayli uning rejalaridan xabardor boʻlgan Schindler oʻz ishchilarini zarardan himoya qilish uchun fabrikada bir kecha qolishga majbur qiladi[7]. U gettoning tugatilishiga guvoh boʻlib, dahshatga tushadi. Shu paytdan boshlab, deydi Schindlerjude Sol Urbach, Schindler „natsistlar haqidagi fikrini oʻzgartiradi. U chiqib ketishga va imkon qadar koʻproq yahudiylarni qutqarishga qaror qiladi“[7].

 
Płaszówda joylashgan lagerning yuqoridan koʻrinishi

Płaszów kontslageri 1943-yil mart oyida Jerozilimska koʻchasida, ikkita yahudiy qabristoni joylashgan joyda, DEF zavodidan taxminan 2.5 kilometr (1.6 mi) uzoqlikda ochilgan[2]. Lagerga mas’ul boʻlgan SS – Hauptsturmführer Amon Göth, mahbuslarni tasodifiy tarzda otib tashlagan sadist edi[7]. Płaszówning mahbuslari oʻz hayotlarining kelajagi uchun doimo qoʻrquvda yashaganlar[2]. Emilie Amon Göthni „men uchrashgan eng yomon odam“ deb eslagan[3].

 
Hujowa Górka („Prick Hill“), Krakov-Plaszov konslageridagi qatl joyi (2007-yil)

Amon Göthning rejasiga koʻra, barcha zavodlar, shu jumladan Schindler korxonasi ham lager ichiga koʻchirilishi kerak edi[4]. Ammo diplomatiya, xushomadgoʻylik va poraxoʻrlik natijasida Schindler nafaqat zavodini koʻchirishga toʻsqinlik qiladi, balki Göthdan Emalia korxonasida oʻz ishchilari va yaqin atrofdagi 450 yahudiyni joylashtirish maqsadida kichik lager (Schindlerning oʻz hisobidan) qurish uchun ruxsat olishga erishadi. U yerda ular tasodifiy qatl qilish tahdididan qutilishgan, yaxshi ovqatlanishgan va uy-joy bilan taʼminlanishgan, shuningdek ularga diniy marosimlarini oʻtkazish uchun ham ruxsat berilgan[7][2].

Schindler ikki marta qora bozor faoliyatida gumon qilinib, bir marta yahudiy qizni oʻpganligi sababli Nyurnberg qonunlarini buzgani uchun hibsga olingan, bu qonun irqiy notenglik xususida edi. 1941-yil oxirida birinchi hibsga olinganida u bir kecha qamoqxonada qolib ketadi. Uning kotibi Schindlerning natsistlar partiyasidagi nufuzli aloqalarining mavjudligi tufayli uni ozod qilishga erishadi. Uning ikkinchi hibsga olinishi, 1942-yil 29-aprelda boʻlib oʻtgan. Ushanda u bir kun avval fabrikada nishonlagan tugʻilgan kunida yahudiy qizning yuzidan oʻpgani sabab qamoqxonaga tushgan edi. Bu safar u besh kun qamoqxonada qolib ketadi va nufuzli natsis tanishlarining yordami bilan ozod etiladi[7]. 1944-yil oktyabr oyida u qora bozordan buyumlar olganligi hamda yahudiy ishchilarining sharoitlarini yaxshilash uchun Göth va boshqalarga pora berganlikda ayblanib, yana hibsga olinadi. U bir hafta davomida hibsda ushlab turiladi va keyin qoʻyib yuboriladi[7]. Amon Göth 1944-yil 13-sentabrda korrupsiya va boshqa hokimiyat ishonchini suiisteʼmol qilganlik uchun hibsga olingan. Schindlerning bir haftalik hibsga olinishi Göth faoliyati boʻyicha olib borilayotgan tergovning bir qismi sifatida koʻrib chiqilgan[2]. Göth hech qachon bu ayblovlar bilan sudlanmagan[7][10].

1943-yilda Schindler Budapeshtdagi sionist yetakchilar yordamida yahudiy qarshilik harakati aʼzolari bilan bogʻlanadi. U bir necha bor Budapeshtga borib, natsistlarning yahudiylarga nisbatan yomon munosabati haqida shaxsan xabar bergan. U yahudiy agentligi tomonidan Isroil uchun ajratilgan mablagʻni qaytarib olib, uni yahudiy metrosi qurilishiga topshiradi[2][4].

Brünnlitz

tahrir
 
Pemper 1940-yil aprel

1944-yil iyul oyida Qizil Armiya yaqinlashganda, SS eng sharqiy kontslagerlarni yopadi va qolgan mahbuslarni gʻarbga Osventsim va Gross-Rozen kontslagerlariga evakuatsiya qila boshlaydi. Göthning shaxsiy kotibi Mietek Pemper Schindlerni fashistlarning urushda bevosita ishtirok etmaydigan barcha zavodlarini, shu jumladan Schindlerning korxonasini ham yopish rejalari mavjudligi haqida ogohlantiradi. Pemper Schindlerga yahudiy ishchilarning hayotini saqlab qolish uchun ishlab chiqarishni idish-tovoqdan tankga qarshi granatalar ishlab chiqarishga oʻtkazishni taklif qiladi. Poraxoʻrlik va ishontirish qobiliyatidan foydalanib, Schindler Göthni va Berlindagi amaldorlarni oʻz fabrikasini va ishchilarini Sudetdagi Brünnlitzga (chex . Brněnec) koʻchirishga ruxsat berishga koʻndiradi va shu bilan ularni gaz kameralarida oʻlib ketishdan qutqarib qoladi. Yahudiy Getto politsiyasi zobiti Marcel Goldberg tomonidan berilgan ismlardan foydalanib, Pemper 1944-yil oktyabr oyida Brünnlitzga yuborilgan 1200 yahudiy roʻyxatini tuzadi va Schindlerning 1000 ishchisi va Julius Madritschning toʻqimachilik fabrikasidagi 200 mahbusi ism familiyasini roʻyxatga kiritadi[4][11][4][7][2].

1944-yil 15-oktyabrda Schindler roʻyxatidagi 700 kishini olib ketayotgan poezd dastlab Gross-Rozendagi konslagerga joʻnatiladi, u yerdan erkaklarni Brünnlitzdagi zavodga yoʻnaltirilgunga qadar taxminan bir hafta vaqt oʻtadi[2]. Uch yuz nafar ayol Schindlerjuden xuddi shunday tarzda Osventsimga joʻnatiladi, u yerda ular gaz kameralariga tshib oʻlish xavfi ostida qoladilar. Schindlerning odatiy aloqalari va poralari ularning ozod etilishiga yetarli boʻlmaydi. Nihoyat, u oʻzining kotibi Hilde Albrechtni qora bozor tovarlari, oziq-ovqat va olmoslar bilan pora bilan yuborganidan soʻng, ayollar Osventsimdagi bir necha ogʻir haftalardan soʻng Brünnlitzga yuboriladi[2].

Ishchilardan tashqari, Schindler yangi zavodga 250 vagon mashina va xom ashyoni koʻchirib oʻtkazadi[2]. Zavodda bir nechta foydali artilleriya snaryadlari ishlab chiqarilgan. Qurol-yarogʻ vazirligining rasmiylari zavodning past ishlab chiqarishiga shubha qilganda, Schindler qora bozorda tayyor mahsulotlarni sotib oladi va ularni oʻzi ishlab chiqargandek sotadi[4]. SS tomonidan taqdim etilgan ratsion ishchilarning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli emas edi, shuning uchun Schindler koʻp vaqtini Krakovda oziq-ovqat, qurol-yarogʻ va boshqa materiallarni sotib olish bilan oʻtkazadi. Uning rafiqasi Emilie Brünnlitzda qolib, yashirincha qoʻshimcha ratsion bilan ishchilarning sogʻligʻi va boshqa asosiy ehtiyojlarini qondirishga harakat qiladi[3][7]. Shuningdek Schindler, urushdan omon qolish imkoniyatlarini oshirish uchun Osventsimdagi 3000 ga yaqin yahudiy ayollarni Sudetlandiyadagi kichik toʻqimachilik zavodlariga koʻchirishga erishadi[2][4].

 
2004-yilda Schindlerning sobiq ishchi lageri oʻrnidagi fabrikasining koʻrinishi

1945-yil yanvar oyida bosib olingan Polshaning Goleshau shahridagi nemis koniga ishchi sifatida qabul qilinmagan 250 yahudiy chiqqan poyezd Brünnlitzga yetib keladi. Vagonlar yetib kelganda vagon eshiklari muzlab qolgan edi. Emilie Schindler vagonlarni kutib oladi va zavod muhandisi eshiklarni temir lom bilan ochadi. Yoʻldagi bu ogʻir holat natijasida oʻn ikki kishi halok boʻlgan, qolganlari esa juda ogʻir kasal boʻlib, ishlash qobiliyatiga ega boʻlmaydi. Emilie omon qolganlarni zavodga olib kiradi va urush tugaguniga qadar ularni vaqtinchaliktashkil etilgan kasalxonada parvarishlaydi[3][4]. Schindler Qizil Armiya yaqinlashganda, ishchilarining qirgʻin qilinishiga yoʻl qoʻymaslik uchun SS amaldorlariga pora berishda davom etadi[7]. 1945-yil 7-mayda Schindler va uning ishchilari Britaniya bosh vaziri Winston Churchillning radio orqali Germaniya taslim boʻlgani va Yevropada urush tugagani haqidagi eʼlonini tinglash uchun zavod maydonchasiga yigʻilishadi[7].

Urushdan soʻng

tahrir
 
Schindlerning Regensburgda yashagan uyi oldidagi yodgorlik belgisi

Natsistlar partiyasi va Abver razvedka xizmati aʼzosi sifatida Schindlerni harbiy jinoyatchi sifatida hibsga olishi mumkin edi. Bankier, Stern va yana bir qancha yahudiylar amerikaliklarga Schindlerning yahudiylar hayotini saqlab qolishdagi rolini tasdiqlovchi bayonot tayyorlaydilar[2].

Płaszów lageri tugatilgandan soʻng, Schindlerjuden Schindlerga esdalik sovgʻasini berishga qaror qilishadi. Emal zavodining dastlabki sarmoyadorlari oʻz gʻoyalarini amalga oshirish uchun kerakli ishchilarni qidirib topadilar. Ularning guruhida bir nechta zargar borligini aniqlashadi, bir vaqtlar yetarlicha mablagʻi boʻlgan yogʻoch savdogari Simon Yeret ismli kishi oʻz ogʻzidan tilla tishni berish taklifi bilan chiqadi. Tish olinib, uning metalli bir nechta tozalangan kumush tangalar bilan qoʻshib eritiladi[12].

Jozef Gross ismli zargar qoʻrgʻoshin trubasining bir qismini kesib, oltin nusxasi quyiladigan muhr uzukni yasaydi. Gross ikkita qirrali suyakni tekis qilib oladi va qolipga yozuvlar bosilmaguncha qoʻrgʻoshin trubasini ularning orasida siqib turadi. Bu Yeretning tilla tishidan quyma tarzda tayyorlangan mahsulot edi. Gross keyin tilla uzukka kerakli shakl berib, jilolaydi. U halqaga ibroniycha Talmud kitobidan „Kimki bir kishining hayotini saqlab qolsa, demakki butun dunyoni qutqaribdi“ degan iborani oʻyib yozadi[2][c]. Schindlerning xarakteriga nisbatan oʻzining aralash his-tuygʻulariga qaramay, Gross umrining oxirigacha kesilgan suyak qolipini va qoʻrgʻoshin trubinasini saqlab qoʻyadi. Ular hozirda Melburn Holokost muzeyida saqlanmoqda. Haqiqiy uzukning qayerdaligi uzoq vaqtdan beri nomaʼlum va urushdan keyin Schindler uni nima qilganligi aniq emas[13].

Amerika qitʼasiga qochish

tahrir

Sovetlar tomonidan qoʻlga olinib qamoqqa tushmaslik uchun Schindler va uning rafiqasi oʻzlarining ikki oʻrindiqli „Horch“ mashinasida gʻarbga qarab yoʻl oladilar, dastlab bir nechta qochib ketayotgan nemis askarlari bu mashinaga chiqib olishga urinishadi. Schindlerning kotibasi Marta va bir nechta yahudiy ishchilar qora bozordagi savdo tovarlari boʻlgan yuk mashinasi ortidan ergashadi. Sovet qoʻshinlari Sovetlar allaqachon bosib olgan České Budějovice shahridagi Horchni musodara qiladilar. Schindlerlar oilasi aʼzolari oʻsha vaqtda Oskar oʻrindiq ostiga yashirib qoʻygan olmosni qaytarib ololmaydilar[2]. Ular Lenora shahridagi Amerika liniyalariga yetib borguncha poyezdda harakat qiladilar va piyoda yurishlariga ham oʻgʻri keladi. Keyin Passau shahriga yoʻl olishadi, u yerda amerikalik yahudiy ofitser ularning Shveytsariyaga poyezdda sayohat qilishni tashkillashtiradi. Ular 1945-yil oxirida Germaniyaning Bavariya shahriga koʻchib oʻtadilar[2].

 
Quddusdagi Schindler qabri. Ibroniycha yozuvda: „Xalqlar orasida solih“, nemischa yozuvlarda: „Yaxshilik bilan quvgʻin qilingan 1200 ta yahudiyning najotkori“

Urushning oxiriga kelib, Schindler butun boyligini pora va qora bozorda ishchilari uchun materiallar sotib olishga sarflab tugatgan edi[2]. Deyarli qashshoq holatida u qisqa muddat Regensburgga, keyinroq Myunxenga koʻchib oʻtadi, ammo urushdan keyingi Germaniyada muvaffaqiyat qozona olmaydi. U yahudiy tashkilotlaridan yordam olishga erishadi[8]. 1948-yilda Oskar Amerika yahudiylarini tarqatish boʻyicha qoʻshma qoʻmitasiga urush vaqtida sarflagan xarajatlarini qoplash uchun daʼvo arizasi bilan murojaat qildi va natijada 15 000 dollar olishga erishadi[2]. Ammo uning umumiy xarajatlarini 1 056 000 dollardan ortiq edi, jumladan, lager qurilishi, pora va qora bozor tovarlari, jumladan oziq-ovqat uchun qilingan xarajatlari shunchaga yetgan[2].

1949-yilda Schindler Argentinaga koʻchib oʻtadi va u yerda tovuqlarni, soʻngra moʻynasi uchun boqiladigan nutriya (coypu) ni boqishga harakat qiladi. 1958-yilda biznesi bankrot boʻlgach, Oskar xotinini tashlab Germaniyaga qaytib keladi va u yerda bir qator muvaffaqiyatsiz biznes loyihalari, jumladan sement zavodini ochadi[7][4]. 1963-yilda bu biznes ham bankrot deb eʼlon qilinadi va keyingi yili Oskar yurak xurujiga uchraydi, bu esa bir oy kasalxonada yotishiga sabab boʻladi[2]. Urush paytida uchrashgan koʻplab yahudiylar, shu jumladan Stern va Pfefferberg bilan aloqada boʻlgan Schindler butun dunyodan Schindlerjuden yuborgan xayr-ehsonlar evaziga yashay boshlayd[4][2].

Schindler 1974-yil 9-oktyabrda jigar yetishmovchiligidan vafot etgan[14]. U Quddusda Zion togʻida dafn etilgan, fashistlar partiyasining shu tarzda sharaflangan yagona aʼzosi hisoblanadi[8][4].

Urush paytidagi faoliyati uchun, 1962-yil 8-mayda Yad Vashem Schindlerni solihlar xiyobonida uning sharafiga karob daraxti ekish marosimga taklif qiladi[2]. 1993-yil 24-iyunda Oskar va uning rafiqasi „Xalqlar orasidagi solih“ nomini oladilar, bu mukofot Isroil davlati Holokost paytida yahudiylarni qutqarishda faol ishtirok etgan yahudiy boʻlmaganlarga berilgan[2]. Schindler, Karl Plagge[15], Georg Ferdinand Dukvits[16],Helmut Kleinicke[17] va Hans Wals[18] bilan birga, bu mukofotga sazovor boʻlgan bir necha nafar fashistlar partiyasi aʼzolaridan biri boʻlgan. Schindler boshqa koʻplab mukofotlarga ham sazovor boʻladi, jumladan 1966-yilda Germaniyaning Buyuk xizmatlari uchun ordeni blan taqdirlanadi[2].

1948-yilda Schindlerdan intervyu olgan yozuvchi Herbert Steinhouse shunday deb yozgan edi: „Schindlerning qilgan ishlari bizning zamonamizda kamdan-kam hollarda amalga oshiriladigan chin dildan ishoniladigan oddiy odob va insoniylik tuygʻusidan kelib chiqqan holda qilinadigan ishlardir. Tavba qilgan opportunist kelajakka yorugʻlikni koʻradi hamda atrofidagi sadizm va qabih jinoyatchilikka qarshi isyon qiladi“[8]. 1983-yilgi televideniye uchun tayyorlangan hujjatli filmda Schindlerning soʻzlari keltiriladi: „Men yahudiylar yoʻq qilinayotganini his qildim. Men ularga yordam berishim kerak edi, boshqa ilojim yoʻq edi“[7].

Sobiq Chexoslovakiyada uning obroʻsi aralash tarzda etirof etiladi, chunki u Abverdagi xizmati va Sudetdagi nemis separatizmini qoʻllab-quvvatlagani uchun salbiy xotiralar bilan eslanadi. Brněnecdagi zavod maydonini muzeyga aylantirish harakatlari moliyaviy yordam yoʻqligi sababli muvaffaqiyatsizlikka uchragan[19].

Merosi

tahrir
 
Steven Spilberg, „Schindler roʻyxati“ filmining rejissori

Filmlar va kitoblar

tahrir

1951-yilda Poldek Pfefferberg rejissyor Fritz Langga murojaat qilib, undan Schindler haqida film suratga olishni oʻylab koʻrishligini soʻraydi. Shuningdek, Pfefferberg tashabbusi bilan 1964-yilda Schindler MGMdan „Soʻnggi soatgacha“ deb nomlangan filmni suratga olish uchun 20 000 dollar (2022-yildagi holatga koʻra, 189 000 dollarga ekvivalent) miqdorida avans olgan. Ikkala film ham suratga olinmagan va Schindler MGMdan olgan pullarini sarflab yuborgan[2][7]. 1960-yillarda Germaniyaning MCA va Venadagi Walt Disney Productions kompaniyalari tomonidan unga murojaat qilishgan, ammo bu loyihalardan ham hech narsa chiqmagan[2].

1980-yilda avstraliyalik yozuvchi Thomas Keneally Yevropadagi kinofestivaldan uyga qaytayotganda tasodifan Beverly Hillsdagi Pfefferbergning doʻkoniga tashrif buyuradi va Pfefferberg unga Schindlerning hikoyasini aytib beradi. U Keneallyga oʻzida mavjud boʻlgan baʼzi materiallarning nusxalarini ham bergan va Keneally tez orada hikoya yozishga qaror qiladi. Omon qolgan Schindlerjuden aʼzolari bilan keng koʻlamli izlanishlar va intervyulardan soʻng u 1982-yilda chop etilgan Schindler’s Ark (Schindlerning kemasi) (AQShda Schindlerning roʻyxati nomi bilan nashr etilgan) tarixiy romanini yozib tugatadi[20].

Roman 1993-yilda rejissyor Stiven Spilberg tomonidan Schindler roʻyxati filmiga ssenariy sifatida moslashtirilgan. Spilberg film olish huquqini oʻn yil oldin qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, u hissiy jihatdan yoki professional jihatdan bu muammoni hal qilishga tayyor emasligini his qiladi va loyihani amalga oshirishni boshqa bir qancha rejissyorlarga taklif qiladi[21]. Keyinchalik, Stiven Zaillian tomonidan Martin Scorsece uchun tayyorlangan loyiha ssenariysini oʻqib chiqqach, u Schindler biopikini suratga olish imkoniyatiga erishish maqsadida loyihani Cape Fear filmi bilan almashtirishga qaror qiladi[2]. Filmda Itzhak Stern obrazi (Ben Kingsli oʻynagan) Stern, Bankier va Pemperning umumiy kompozitsiyasi hisoblanadi[2]. Liam Neeson Schindler roli uchun eng yaxshi erkak roli uchun Akademiya mukofotiga nomzod boʻlgan[22] va film yettita Oskar mukofotini qoʻlga kiritgan, jumladan, eng yaxshi film nominatsiyasida ham mukofotga erishgan[23].

Boshqa kino filmlari orasida 1983-yilda Jon Blair tomonidan Temza televideniyesi uchun ishlab chiqarilgan Britaniya televideniesining hujjatli filmi: „Schindler: His Story as Told by the Actual People He Saved (Schindler: Uning odamlar tomonidan aytilgan hikoyasi)“ ham mavjud. Film 1994-yilda AQShda „Schindler: The Real Story (Schindler: Haqiqiy hikoya)“ nomi bilan chiqarilgan[2][24]. 1998-yil A&E Biography tomonidan maxsus, Oskar Schindler: The Man Behind the List (Oskar Schindler: Roʻyxat ortidagi odam) filmini namoyish etilgan[25].

Schindlerning chamadoni

tahrir
 
Schindlerning tugʻilgan joyi, Chexiya Respublikasining Svitavy shahridagi yodgorligi

1997-yilda Hildesheimdagi Ami va Heinrich Staehrning kvartirasi chodirida tarixiy fotosuratlar va hujjatlarni oʻz ichiga olgan Schindlerga tegishli chamadon topilgan. Schindler 1974-yilda oʻlimidan oldin bir necha kun davomida er-xotinning uyida mehmon boʻlgan. Staehrning oʻgʻli Chris chamadonni Stuttgartga olib ketgan, u yerda hujjatlar 1999-yilda Stuttgarter Zeitung gazetasining ilmiy muharriri Wolfgang Borgmann tomonidan batafsil oʻrganib chiqilgan. Borgmann 1999-yil 16-oktyabrdan 26-oktyabrgacha gazetada chop etilgan yetti maqoladan iborat qoʻlyozma yozgan va keyinchalik bu yozma Schindlers Koffer: Berichte aus dem Leben eines Lebensretters; eine Dokumentation der Stuttgarter Zeitung (Schindlerning chamadoni: Qutqaruvchining hayotidan reportajlar) nomi bilan kitob shaklida nashr etilgan. Hujjatlar va chamadon 1999-yil dekabr oyida saqlash uchun Isroilning Yad Vashem shahridagi Holokost muzeyiga yuborilgan[2].

Roʻyxatning nusxalari

tahrir

2009-yil aprel oyi boshida Yangi Janubiy Wals davlat kutubxonasida Kenelli tomonidan yigʻilgan materiallar qutilarini tartiblayotgan ishchilar tomonidan roʻyxatning grafitda yozilgan bir nusxasi topilgan. Sargʻimtir va moʻrt 13 sahifalik hujjat tadqiqot yozuvlari asl gazeta parchalari orasida saqlangan. Hujjat Keneallyga 1980-yilda Pfefferberg tomonidan Schindlerning hikoyasini yozishga koʻndirgan vaqtida berilgan. Roʻyxatning ushbu versiyasi 801 nafar ismni oʻz ichiga olgan va 1945-yil 18-aprel sanasi qayd etilgan; Pfefferberg bu roʻyxatda 173-sonli ishchi sifatida qayd etilgan. Roʻyxatning bir nechta haqiqiy versiyalari ham mavjud, chunki urush oxiridagi ogʻir kunlarda sharoitlar oʻzgarganligi sababli ismlar bir necha marta qayta yozilgan[26].

Roʻyxatning toʻrtta mavjud nusxasidan biri 2013-yil 19-iyulda eBay’da oʻn kunlik kim oshdi savdosida 3 million dollarlik zahira narxida sotilgan[27]. Unga bundan yuqori narxdagi hech qanday taklif berilmagan[28].

Boshqa yodgorliklar

tahrir

2013-yil avgust oyida Schindler tomonidan 1944-yil 22-avgustda imzolangan bir sahifali xat onlayn-auksionda 59 135 dollarga sotildi. Maktubda Schindlerning zavod boshligʻiga mashinalarni Chexoslovakiyaga koʻchirishga ruxsat berilganligi qayd etilgan. Oʻsha nomaʼlum kimoshdi savdosining xaridori avvalroq Schindlerning Krakov zavodi qurilishi uchun 1943-yilda imzolagan hujjatlarini 63 426 dollarga sotib olgan edi[29].

Galereya

tahrir

Yana qarang

tahrir

Izohlar

tahrir

^ a: Kompaniyaning toʻliq nomi Pierwsza Małopolska Fabryka Naczyń Emaliowanych i Wyrobów Blaszanych Rekord boʻlgan[30].
^ b: Oscar Schindler oʻz biznesini 1942-yil 26-iyunda sotib oldi[31].
^ c: Yozuv Talmuddagi bitiklarning qisqargan versiyasidir; qarang Talmud § Vikiiqtibosda hayotni saqlab qolish.

Manbalar

tahrir

Qaydlar

tahrir
  1. (unspecified title)
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 2,13 2,14 2,15 2,16 2,17 2,18 2,19 2,20 2,21 2,22 2,23 2,24 2,25 2,26 2,27 2,28 2,29 2,30 2,31 2,32 2,33 2,34 2,35 2,36 2,37 2,38 2,39 2,40 2,41 2,42 2,43 2,44 2,45 2,46 2,47 2,48 2,49 2,50 2,51 2,52 2,53 2,54 2,55 2,56 2,57 Crowe 2004.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 Schindler & Rosenberg 1997.
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 Thompson 2002.
  5. Evans 2005.
  6. 6,0 6,1 6,2 Longerich 2010.
  7. 7,00 7,01 7,02 7,03 7,04 7,05 7,06 7,07 7,08 7,09 7,10 7,11 7,12 7,13 7,14 7,15 7,16 7,17 7,18 Roberts 1996.
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 Steinhouse 1994.
  9. Silver 1992.
  10. Rzepliñski 2004.
  11. Mietek Pemper obituary.
  12. Yad Vashem 2010.
  13. Rawlinson 2016.
  14. Biography 2017.
  15. Good 2005.
  16. Saphir 2018.
  17. „Kleinicke, Helmut“. Yad Vashem. 2023-yil 4-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-iyul.
  18. „Walz, Hans“. Yad Vashem. 2023-yil 7-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-iyul.
  19. Tait 2016.
  20. Keneally 2007.
  21. McBride 2010.
  22. Mulraney 2016.
  23. Weinraub 1994.
  24. Bellafante 1994.
  25. Goodman 1998.
  26. BBC News 2009.
  27. Smith 2013.
  28. Abramson 2013.
  29. Kepler 2013.
  30. Brzoskwinia 2008.
  31. Crowe 2004, s. 109.

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir
  NODES
INTERN 2
Note 1