Ottava (Kanada)

Kanada poytaxti

Ottava — Kanadaning poytaxti. Mamlakatning jan.-sharqiy qismida, Ottava daryosi va Rido kanali sohillarida, 72 m balandlikda, Ontario provinsiyasida. Iqlimi moʻʼtadil kontinental iqlim. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 11°, iyulniki 20,3°. Yillik yogʻin 879 mm. Aholisi 1,06 mln. kishi (2001), asosan, Yevropadan koʻchib borgan ingliz va fransuzlarning avlodlari.

O.ga 19-asrning 20-yillarida asos solingan va dastlab Baytaun deb atalgan. 1854-yilda shahar huquqini olgach, O. deb atala boshladi. 1858-yildan Angliya mustamlakasi, 1867-yildan Kanada poytaxti.

O. — mamlakatning siyosiy, madaniy va iqtisodiy markazi. Transport yoʻli va shosse yoʻllar tuguni, daryo porti. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Sellyuloza-qogʻoz, poligrafiya, toʻqimachilik, kimyo, mashinasozlik va metallsozlik, yogʻochsozlik, mebel, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. EHM, ilmiy asboblar va hokazolar ishlab chiqariladi. O.da Kanada Kirollik ilmiy jamiyati, Ottava va Karlton untlari, Kanada ilmiy tadqiqot kengashi (FA), ilmiy muassasalar, kutubxonalar, muzeylar, Milliy galereya (1880), rasadxona, Milliy sanʼat markazi bor. Shaharda bogʻ va gulzor koʻp.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




  NODES