Shukrullo (ismi va taxallusi; familiyasi Yusupov) (1921-yil 2-sentyabr, Toshkent — 2020-yil 19-iyul[1]) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1981) va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1977). Shukrullo Yusupov 1921-yil 2-sentyabrda Toshkentning Olmazor mahallasida ziyoli oilada tugʻildi. Otasi – Yusufhoʻja Mahmudhoʻja oʻgʻli shifokor boʻlgan. Onasi – Zaynabxon ham ilmli ayol boʻlgan. Shoir pedagogika bilim yurti (1935–1938) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1944), 1938-yil Qoraqalpogʻistonda, 1939–1945-yillarda Toshkentda oʻqituvchilik qilgan. Keyin Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasida maslahatchi (1945–1949), Oʻzbekiston davlat nashriyotida muharrir (1945–51; 1955–65). 1951-yilda millatchilik va sovetlarga qarshi targʻibotda ayblanib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, Stalin vafotidan keyin ozod etilgan (1955).

Shukrullo Yusupov

Shukrullo 1971-yilda
Tavalludi 2-sentyabr 1921-yil
Vafoti 19-iyul 2020-yil(2020-07-19)
(98 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Mukofotlari Mehnat shuhrati ordeni

Sheʼriy toʻplamlari

tahrir

Ilk sheʼrlar toʻplami – „Birinchi daftar“ (1949). Shundan keyin uning „Qalb qoʻshiqlari“ (1949), „Hayot ilhomlari“ (1959), „Umrim boricha]]“ (1960), „Inson va yaxshilik“ (1961), „Inson – inson uchun“ (1964), „Zarralar“ (1973), „Suyanchiq“ (1977), „Yashagim keladi“ (1978), „Sening baxting“ (1988), „Toʻkilgan dardlarim“ (2001) kabi sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilingan. Shukrullo lirik sheʼrlarida sevgi va vafo, mehr va oqibat singari insoniy qadriyatlarni ulugʻlab, kitobxonda yalqovlik, loqaydlik, kalondimogʻlik, hasadgoʻylik, gʻarazgoʻylik kabi illatlarga nisbatan nafrat tuygʻusini uygʻotishga intilgan. Lirik qahramonning ruhiy olamida kechgan va kechayotgan evrilishlarni inson va jamiyat, inson va tabiat oʻrtasidagi uzviy aloqani tasvirlash orqali koʻrsatib bergan.

Shukrullo „Chollar“ (1948), „Rossiya“ (1956), „Ikki qoya]]“ (1964), „Tong otari“ (1966), „Gul va otash“ (1972), „Koʻngil chirogʻi“ (1975), „Asr bahsi“ (1985) va boshqa dostonlarni yozgan. Shoirning bolalarga bagʻishlangan sheʼr va ertaklari „Bahor sovgʻasi“ (1962), „Yulduzlar“ (1964) sheʼriy toʻplamlaridan oʻrin olgan. „Xatarli yoʻl“ (1962), „Tabassum oʻgʻrilari“ (1964), „Toʻydan keyin tomosha“ (1980), „Oʻgʻrini qaroqchi urdi“ (1982), ustoz yozuvchilarning ijodi tajribalari toʻgʻrisida bahs yurituvchi „Javohirlar sandigʻi“ (1983) essesi, qatagʻon davri dahshatlari haqidagi „Kafansiz koʻmilganlar“ (1989) avtobiografik qissasi, „Qasosli dunyo“ (1994) publitsistik maqolalar toʻplami, Ubaydulla Xoʻjayev toʻgʻrisidagi „Tirik ruhlar“ (1999) roman-xronikasi muallifi. Shukrulloning „Xatarli yoʻl“, „Tabassu oʻgʻrilari“, „Unsiz faryod“, „Toʻydan keyin tomosha“, „Janjal“, „Oʻgʻrini qaroqchi urdi“ singari sheʼriy, nasriy dramalari bor.

Shukrullo Karlo Gotssining „Baxtiyor gadolar“ pyesasi, Shukrullo Petyofi, T.Shevchenko, Q.Quliyev va boshqa shoirlarning sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz tillarida nashr etilgan.

Nashr qilingan asarlari

tahrir

1958-yilda bir jildlik, 1973-yilda 2 jildlik, 1977-yilda „Javohirlar sandigʻI“ badia-kitobi, 1981-yilda 3 jildlik asarlari bosildi. 1997-yilda „Oʻgʻrini qaroqchi urdi“ dramalar toʻplami chop etildi. 1991-yilda „Kafansiz koʻmilganlar“ va rus tilida (Moskvada) „Krik dushi“ pyesalar toʻplami bosildi. 1999-yilda „Tirik ruhlar“, 2002-yilda „Ogʻir kunlar sevinchi“ qissa va romanlari nashr etildi[2].

Mukofotlari

tahrir

Shukrullo „Oʻzbekiston xalq shoiri“ unvoni, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1994)[3]. „Doʻstlik“ (1994)[4] va „Elyurt hurmati“ (1999) ordenlari bilan mukofotlangan[5].

Asarlari

tahrir
  • Shukrullo. Kafansiz koʻmilganlar. Roman. T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1991.
  • Shukrullo. Tirik ruhlar. Roman. T.: Adabiyot va sanʼatnashriyoti, 1999.
  • Shukrullo. Izbranniye stixotvoreniya. Moskva. „Xudojestvennaya literatura“, 1987.

Adabiyot

tahrir
  • Rahimjonov Nuʼmon. Shoir va davr. Monografiya. T.: „Fan“, 1983.
  • Umrboqiylik (Shukrullo hayoti va ijodi haqidagi maqolalar toʻplami). T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2002.
  • Tanlangan asarlar, 2 j.li, T., 1973–1974; Oʻgʻrini qaroqchi urdi (pyesalar), T., 1995; Tirik ruhlar, T., 1999; Toʻkilgan dardlarim, T., 2001; Ogʻir yillar quvonchi, T., 2003.

Manbalar

tahrir



  NODES