Tabiiy huquq - davlat va huquq nazariyasida insonning tabiatidan kelib chiqadigan va shu tufayli muayyan davlatda ularning qonuniy tan olinishi yoki olinmasligiga bogʻliq boʻlmaydigan prinsiplar, qoidalar, huquq va qadriyatlar yigʻindisini anglatuvchi tushuncha. Tabiiy huquq gʻoyasi Yunoniston va qad. Rimda paydo boʻlib, Sokrat, Aristotel, Sitseron, Ulpian va boshqa Rim yuristlarining nomlari bilan bogʻliqdir. Oʻrta asrlarda ilohiyshunos Foma Akvinskiy uni rivojlantirdi. Biroq, bu gʻoyalar mustaqil ilmiy maktab va tabiiyhuquqiy taʼlimot sifatida 17—18-asr burjua inkiloblari arafasida shakllandi. Uning koʻzga koʻringan namoyandalari: G. Grotsiy, T. Gobbs, J. Lokk, Volter, Sh.L. Monteskye, J.J. Russo, A. N. Radishchevlardir. Oʻzbek xalqining Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Amir Temur, Alisher Navoiy kabi ajdodlari ham huquqni tabiat yoxud Alloh tomonidan insonlarga berilgan imkoniyatlar majmui deb tushunganlar.

Tabiiy huquq nazariyasi tarafdorlari jamiyatda ikki, yaʼni pozitiv va Tabiiy huquq mavjud, deb hisoblaydilar. Pozitiv yoki ijobiy huquq — muayyan davlatda rasman tan olingan va amalda boʻlgan hamda qonunlarda va davlat hokimiyatining boshqa huquqiy hujjatlarida, shu jumladan, davlat tomonidan sanksiyalangan odatlarda ifodalangan huquqdir. Tabiiy huquq maktabi vakillari feodal huquqini, ayniqsa, qirol absolyutizmi davridagi huquqni tanqid qilib, uning cheklanganligini, adolatsizligini, davlat hokimiyati qabul qiladigan qonunlar insonlarning ogʻir qaramlikdagi ahvolini, oʻzboshimchalik va zulmni mustahkamlashga xizmat qilganligini qoralaganlar.

Tabiiy huquq pozitiv huquqsan farq qilib, inson tabiatidan, mohiyatidan, adolat, axloqiylik kabi umuman olingan axloqiy tamoyillardan kelib chiqadi. Shu bois u oqil va adolatlidir, alohida davlatlarning chegaralari bilan cheklanmaydi, balki barcha davrlar va xalqlarga tarqaladi. U inson tabiati va mohiyati kabi abadiy va oʻzgarmasdir. Undagi asosiy axloqiy va huquqiy gʻoyalar — insonning yashash, ozodlik, tenglik, erkin boʻlish, mehnat qilish, oila, mulk, xavfsizlik, zulmga qarshilik koʻrsatish kabilarga boʻlgan tugʻma ajralmas huquklarining mavjudligidir. Ularni muhofaza qilish va taʼminlash har qanday siyosiy tuzilmaning, birinchi navbatda, davlatning vazifasi boʻlishi kerak.

Tabiiy huquq nazariyasi 20-asrning 2yarmida yanada rivojlantirildi va butun dunyoda inson huquklari uchun olib borilayotgan umumiy kurashning nazariy asosiga aylandi. Tabiiy huquqlarni sof yuridik maʼnodagi xuquqlar deb atash qiyin, biroq u pozitiv huquq, yaʼni davlat oʻrnatadigan huquq yordamida real huquklarga aylanishi mumkin.

Tabiiy huquq nazariyasining asosiy gʻoyalari AQShning Mustaqillik deklaratsiyasida (1776-yil), Fransiyaning Inson va fuqaro huquqi va erkinliklari deklaratsiyasida (1789-yil) va boshqa davlatlarning huquqiy hujjatlarida oʻz ifodasini topgan. Insonning tabiiy, tugʻma huquqlari koʻp davlatlarning hozirgi zamon huquqiy tizimlarida konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlandi. Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari ham insonning Tabiiy huquqlarini, adolat, haqiqat, ozodlik, mustakillik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda belgilamoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24moddasi "har bir insonning ajralmas huquqi" sifatida yashash huquqini mustahkamladi.

Maʼrifiy jamiyatda tabiiy va pozitiv huquqni qaramaqarshi qoʻyish uchun asoslar yoʻq, chunki Tabiiy huquq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish yagona umuminsoniy tizimini tashkil etuvchi inson Tabiiy huquqlarini mustahkamlaydi va himoya qiladi.

Zayniddin Islomov.





  NODES
Done 1