Tuproq(qum) — litosfera yuza qavatlarining suv, havo va tirik organizmlar taʼsirida oʻzgarishidan shakllanadigan va genetik jihatdan oʻzaro bogʻliq gorizontlardan tashkil topgan tabiiy tuzilma; Yer poʻstining yuza va unumdor qatlami. Tuproqning nuragan tog jinslaridan farq qiladigan eng muhim xususiyati — unumdorligidir (qarang Tuproq unumdorligi). Tuproqni oʻrganish va uning tasnifini tuzish, tarkibini yaxshilash hamda unumdorligini oshirish usullarini ishlab chiqish singari masalalar bilan tuproqshunoslik fani shugʻullanadi. Tuproq hosil qiluvchi asosiy omillar: iqlim, tuproq ona jinsi, oʻsimliklar va hayvonot olami, hududning relyefi va geologik yoshi hamda odamning xoʻjalik faoliyati.

Tuproqning yuqori qatlami

Yer yuzasiga chiqib turgan togʻ jinslari yogʻinsochin, karbonat angidrid, kislorod, havo harorati, mexanik kuchlar, suv va unda erigan moddalar, havo, mikroorganizmlar va tuban oʻsimliklar (yoʻsin, lishayniklar) taʼsirida yemiriladi (nuraydi). Nuragan jinslar maydalanib, gʻovak qatlam hosil qiladi. Bu qatlam vaqt o'tishi bilan yangi xususiyat — nam sigʻimi va oʻsimliklar oʻzlashtira oladigan bir oz miqdordagi oziq moddalarga ega boʻladi. Vujudga kelgan yangi muhitdagi mikroorganizmlar oʻz hayot faoliyati tufayli oʻsimliklarning oʻsishi uchun sharoit yaratadi, oʻsimliklar tuproqdan oʻz hayoti uchun zarur oziq moddalarni oʻzlashtiradi va oʻzida toʻplaydi. Nobud boʻlgan oʻsimlikning bir qismi mikroorganizmlar taʼsirida parchalanib, mineral moddalarga, qolgan qismi esa murakkab biokimyoviy jarayonlar natijasida chirindi (gumus) ga aylanadi. Bu jarayonlarning barchasi uzluksiz davom etadigan nurash sharoitida sodir boʻlib, oʻsimlik ildizlari ajratgan nordon moddalar hamda organik qoldiqlar taʼsirida yanada tezlashadi. Natijada Yer poʻstlogʻining sirtida unumdor gʻovak qatlam — T. paydo boʻladi. Iqlim, tuproq ona jinsi, oʻsimlik hamda hayvonot olami, hudud relyefi kabi omillarning T. hosil boʻlish jarayoniga taʼsiri turlicha boʻlganligi tufayli har xil tabiiy zonalarda oʻziga xos T. tiplari vujudga keladi. Mas., tayga zonasida chimli podzol T., dashtlarda qora va kashtan T., choʻllarda esa sur tusli qoʻngʻir T.lar va b (qarang Tuproq zonasi).

Odamning xoʻjalik faoliyati qam T. hosil boʻlish jarayonining baʼzi omillariga, mas., oʻsimliklarga, shuningdek, yerga ishlov berish, uning meliorativ holatini yaxshilash, organik oʻgʻit solish va boshqa bilan tuproqqa bevosita taʼsir koʻrsatadi. Bu taʼsir koʻrsatish toʻgʻri mutanosiblikda olib borilganda T. hosil boʻlish jarayonini va xususiyatlarini maqsadga muvofiq oʻzgartirish mumkin.

Tarkibi

tahrir
 
Tuproq profilidagi gorizontlar

T. qattiq, suyuq, gaz holatidagi va tirik tarkibiy qismlardan tashkil topgan. Ularning bir-biriga nisbati turli T.lardagina emas, balki bir T. tipining har xil qatlamlarida ham turlicha. T. qattiq qismini mineral moddalar tashkil qiladi. Tabiiy joylanishda qattiq zarralar T. massasining maʼlum qismini egallaydi, qolgan qismini esa zarralar va ularning agregatlari oraligʻidagi har xil kattalik hamda shaklga ega boʻlgan kovaklar (gʻovaklik) tashkil qiladi. Bu boʻshliqlarning umumiy yigʻindisi T. gʻovakligi deyiladi. T. gʻovakligi kapillyar va nokapillyar boʻladi. Kapillyar gʻovakli T.ning mayda zarralari kapillyar oraligʻidagi hajmga, nokapillyar gʻovaklik esa makrostruktura elementlari oraligʻidagi yirik kovaklar hajmiga teng. T.ning mineral qismidagi g'ovakligi 40—60%, botqoqi va gleylangan Tlarda esa 27% atrofida boʻladi. Gʻovaklik T.ning solishtirma va hajm ogʻirligiga bogʻliq. Kovaklarda T.ning suyuq qismini tashkil qiluvchi, tarkibida erigan moddalar — tuproq eritmasi boʻlgan tuproq nami hamda T.ning gaz holatidagi qismini tashkil etuvchi tuproq havosi boʻladi. T. tarkibidagi suv va havo miqdorining nisbati atmosfera yogʻinlari, sugʻorish va grunt suvlari hamda suvning sarflanishi, yaʼni tuproq qatlamidan oqib chiqib ketishi, bugʻlanishi va oʻsimlik ildizlari orqali shimilishi va boshqa bilan bogʻliq holda oʻzgarib turadi. Mana shu sharoitlar tuproqning suv va havo rejimini belgilaydi. T.dagi havo tarkibi atmosfera havosidan (O220,96%, SO20,03%) farq qiladi (tuproq hajmiga nisbatan % hisobida: O2—20,3%, SO2—0,65%), azot miqdori deyarli teng.

T.ning havo oʻtkazuvchanligi undagi havo miqdoriga toʻgʻri proporsional kattalik boʻlib, T. tuzilishi, strukturasi va suvga chidamligiga bogʻliq.

T.ning solishtirma massasi maʼlum hajmli T. qattiq qismi ogʻirligining 4° da olingan xuddi shunday hajmdagi suv ogʻirligiga boʻlgan nisbati bilan belgilanadi. T. mineral qismlarining solishtirma massasi mineralogik tarkib va undagi organik moddalar tarkibiga bogʻliq (2,50— 2,80 g/sm3 gacha boʻladi). Krvushmasi buzilmagan T. zichligi deb tabiiy holatdagi 1 sm3 T. ogʻirligining gramm hisobidagi vazniga aytiladi va T.ning gʻovakligi va qattiq fazaning oʻrtacha zichligi bilan belgilanadi. Unumdorlik darajasini belgilovchi tuproqning kimyoviy tarkibi, fizikkimyoviy, fizikmexanik va boshqa xususiyatlari maʼlum darajada undagi singdiruvchi kompleks tabiati va tarkibiga bogʻliq. Tuproqning ana shu singdiruvchi kompleksi xususiyatlariga qarab yerlarni yaxshilash tadbirlari belgilanadi.

T.ning tirik tarkibiy qismi tuproq mikroorganizmlari (qarang Mikroflora), umurtqasiz hayvonlarning koʻpgina guruhlari — eng sodda hayvonlar, chuvalchanglar, mollyuskalar, hasharotlar vakillaridan hamda yerni oʻyuvchi umurtqalilar (yumronqoziq, sichqon, kalamush) va hokazodan tashkil topgan.

Moddalarning tabiatda aylanishi hamda qayta joylanishi asosida T. morfologiyasi, tarkibi va xususiyatlari profil boʻylab yuqoridan pastga tomon maʼlum qonuniyatga binoan oʻzgarib boradi va tuproq gorizontlarining navbat bilan almashinishida namoyon boʻladi. Shuning uchun bu jarayonlarni bilmay turib insonning hayot kechirish muhitini tashkil etuvchi omillardan biri boʻlgan T. qoplamidan notoʻgʻri foydalanish tuproq eroziyasiga, uning shoʻrlanishi va botqoqlanishiga olib keladi. T.ning ifloslanishini kamaytirish uchun qishloq xoʻjaligi.da pestitsidlardan foydalanish qoidalari joriy qilingan (yana qarang Tuproq tasnifi, Tu proq, unumdorligi).

Adabiyotlar

tahrir
  • Prasolov L. I., Pochvi Turkestana, L., 1925; Bahodirov M., Rasulov A., Tuproqshunoslik, T., 1975; Genusov A. 3., Pochvi i zemelnie resursi Sredney Azii, T., 1983; Pochvi Uzbekistana, T., 1984; Konobeyeva G. M., Pochvoʻ Uzbekistana, ix rayonirovaniye i kachestvennaya otsenka, T., 1985; Azimboyev S, Tuproq va uning turlari, T., 1986.

Joʻraqul Sashpyurov.




  NODES
os 32